Gretsiya Leopard tanklarini Ukrainaga topshirishdan bosh tortdi
Gretsiya modernizatsiya qilingan Leopard 2A6 tanklari va Rossiyada ishlab chiqarilgan S-300 zenit-raketa komplekslarini Ukrainaga berishdan bosh tortdi. Bu haqda Gretsiya milliy mudofaa vaziri Nikolaos Panagiotopulos 5 aprel kuni parlamentning milliy mudofaa va tashqi ishlar bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qildi,
«Gretsiya Leopard 2A6 ni Ukrainaga yubormaydi. Gretsiya bir nechta piyoda jangovar mashinalar jo‘natdi, yana bir nechtasini yuborish kerak. Turli kalibrdagi o‘q-dorilar jo‘natildi. Agar o‘zimizda ortiqcha bo‘lsa, yordam beramiz», deydi Gretsiya mudofaa vaziri.
Nikolaos Panagiotopulosning aytishicha, 6 aprel kuni Ukraina mudofaa vaziri harbiy ta’minot masalasida Gretsiyaga tashrif buyuradi.
«Ertaga Ukraina mudofaa vaziri keladi. O‘ylaymanki, uchrashuv ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi. Ular bizdan nimalarni so‘rashi, biz esa ularga nimalar berishimiz haqida ko‘plab mish-mishlar tarqaladi. Bizning pozitsiyamiz ilk daqiqalardan aniq. Biz qo‘limizdan kelganini beramiz. Lekin o‘z milliy xavfsizligimiz uchun mudofaa salohiyatimizni zaiflashtiradigan narsani bermaymiz», – degan vazir.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyida Gretsiya bosh vaziri Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Gretsiya Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib bermasligini aytgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter