Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azo: BMT bosh kotibini larzaga solgan hodisa

G‘azo: BMT bosh kotibini larzaga solgan hodisa

Jabaliya qochqinlar lageri Isroil bombardimonidan keyin.

Foto: Reuters

Isroil harbiy kuchlari tomonidan G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lageri bombardimon qilingani xalqaro tashkilotlar tomonidan qoralanmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish qochqinlar lageriga aviazarbalar berilgani oqibatida falastinlik bolalar, ayollar, umuman tinch aholi vakillari halok bo‘lganidan larzaga tushgan. Bosh kotib xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilgan. 

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi mazkur hujum harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkinligini bildirgan.

«Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar ko‘pligi va vayronagarchilik ko‘lami inobatga olinsa, Isroilning Jabaliya qochqinlar lageriga aviazarbasi nomutanosib hujum, harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkin», –  deyiladi rasmiy bayonotda.

Isroil kuchlari G‘azo shimolidagi Jabaliya lageriga seshanba va chorshanba kunlari raketa zarbalarini yo‘llagan.

G‘azo ma’muriyatiga ko‘ra, hujum oqibatida 195 kishi halok bo‘lgan, 777 kishi jarohatlangan, 100 dan ziyod odam vayronalar ostida qolgan.

Isroil tomoni qochqinlar lageri bombalanishini «HAMAS harbiy tuzilmasiga hujum» deb izohlagan.

G‘azodagi eng yirik qochqinlar lageri sanalgan Jabaliyada 120 ming kishi yashaydi.

Avvalroq G‘azo sektoridagi «Al-Ahliy» shifoxonasiga raketa zarbasi berilishi oqibatida yuzlab begunoh odam halok bo‘lgan edi.

Isroil kuchlari HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoga havo va quruqlik orqali hujumlar uyushtirmoqda. 2,3 million nufusli mintaqa suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder Isroil bombardimoni oqibatida G‘azo bolalar uchun qabristonga aylangani haqida bong urdi. Xalqaro tashkilot vakili o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar halokatga yuz tutgan mintaqaga zudlik bilan insonparvarlik ko‘magi kiritishni talab qildi.

BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi G‘azo aholisi do‘zaxiy sharoitda qolganidan ogohlantirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring