Falastin bolalari orzusi: toza suv, issiq ovqat va...
Isroil bombardimoni va qamaliga duchor bo‘lgan G‘azoning 2,3 million aholisi tirik qolish uchun kurashmoqda. Urush begunoh bolalarga ham beayov zarba bermoqda.
Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, ko‘pdan buyon to‘yib ovqatlanmayotgan g‘azolik bolalar toza suv va issiq ovqatni orzu qilmoqda.
«Suv ham, yegulik ham yo‘q. Ayniqsa toza suv topish muammo bo‘lib qoldi. Bori ham ichishga yaroqsiz sho‘r suv... Isroil harbiy samolyotlari hujumida uyimiz vayron bo‘ldi. Bombalardan hamma uylar yakson bo‘lyapti. Qani edi yana do‘stlarim bilan o‘ynasam edi!» – deydi 11 yoshli Abdullatif Bakir.
Bolakay urush tezroq tugashi, go‘sht tanovul qilish orzusida ekanini aytgan.
«Och qolyapmiz. Hamisha xavotir ichidamiz. Urushdan charchadik. Har daqiqada o‘lishimiz mumkin», – deydi shafqatsiz sinovlar tufayli barvaqt voyaga yetgan bola.
Isroil harbiylari HAMAS guruhining 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoga bomba yog‘dirmoqda. 8 oktyabrdan hudud suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan. Bu esa 2007 yildan buyon qamal holatida yashayotgan Falastin anklavidagi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.
BMT G‘azodagi 2 milliondan ziyod odam suvsiz va oziq-ovqatsiz qolayotgani, gumanitar inqiroz chuqurlashayotgani haqida bong urgan. Oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa birlamchi zaruriy mahsulotlar ortilgan gumanitar karvon Rafah chegara postidan o‘tkazilmayapti. Ko‘p sonli falastinliklarning birlamchi ehtiyojini qondirish uchun kuniga kamida 200 mashina gumanitar ko‘mak kerak bo‘lishi aytilgan. Shu ma’noda salkam uch hafta ichida Misrning Rafah posti orqali G‘azoga yo‘llangan bir necha o‘n yuk mashinasi dengizdan tomchi deb baholanmoqda.
G‘azodagi novvoyxonalarning bir qismi aviahujumlarda vayron bo‘lgan. Sog‘ qolganlari ham elektr energiya, un va suv taqchilligi sabab ishlamayotir. Hatto bolalar ham kuniga bir mahal suv va kamtarona yegulikka qanoat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Falastin tomoni Isroil 7 oktyabrdan buyon G‘azoga 12 ming tonna portlovchi modda yog‘dirgani, bu esa Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh tomonidan Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan atom bombasi kuchiga teng ekanini ma’lum qilgan.
«Defense for Children International – Palestine» tashkiloti Isroil aviahujumlaridan har 15 daqiqada bir bola hayotdan ko‘z yumayotganidan ogohlantirgan.
Falastinning BMTdagi elchisi Riyoz Mansur so‘nggi 19 kun ichida Isroil hujumlari oqibatida qariyb 3000 bola halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) G‘azoda bolalar o‘limi soat sayin oshib borayotganidan xavotir izhor qilib, uni to‘xtatishni talab qilgan.
Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti ham G‘azodagi noinsoniy qamalni va tinch aholiga hujumlarni keskin qoralagan.
Isroil tomoni HAMAS harakati yo‘q qilinmaguncha harbiy amaliyot davom etishi haqida bayonot bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter