Yevropalik siyosatchi Isroilni jazolash yo‘lini aytdi
Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra Isroilni G‘azoda qatliom uyushtirishda aybladi. «Isroil davlati Falastin xalqiga qarshi rejalashtirilgan qatliomga chek qo‘yishi kerak», – degan yevropalik siyosatchi Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida.
Ispan vaziriga ko‘ra, G‘arb davlatlari, xususan, Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi xalqaro huquqqa zid qilmishlari ortidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etdi, ammo Isroilning G‘azoda tinch aholini bombalashiga shunchaki gung tomoshabin bo‘lib turibdi.
Yetakchi siyosiy kuchlarni ikkiyuzlamachilikda ayblagan vazir Isroilga qarshi xuddi Rossiyaga nisbatan joriy etilgani kabi moliyaviy sanksiyalar kiritishni talab qilgan. Ayni chog‘da, u xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlariga javoban Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishni tavsiya etgan.
«Isroil juda kuchli ekani va qudratli do‘stlarga ega ekaniga qaramay, biz qat’iyroq harakat qilishimiz kerak», – degan Ispaniya hukumati vakili.
Avval xabar berganimizdek, Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra bir necha hafta muqaddam Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urush jinoyatlarini sodir etgani uchun Xalqaro jinoiy sudda javob berishi kerakligini talab qilgandi.
Politico nashri xabariga ko‘ra, Belgiya bosh vaziri o‘rinbosari Petra de Satter ham Tel-Avivga qarshi moliyaviy jazo choralarini qo‘llash kerak degan fikrda.
«Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etish vaqti keldi. Bombardimonlar noinsoniy tusga kirdi. G‘azoda harbiy jinoyatlar sodir etilmoqda, Isroil esa o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xalqaro talablarni pisand qilmayapti», – degan Belgiya hukumati rahbari muovini.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda butun dunyoda, xususan, musulmon olamida Isroilning xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlarini moliyaviy dastaklayotgan shirkatlarga qarshi boykot e’lon qilish, ularning mahsulot va xizmatlaridan foydalanmaslik targ‘ib etilmoqda. Boykot amaliyoti, ayniqsa, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Misr va boshqa arab davlatlarida faol kechayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazyapti. Tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan dunyo hamjamiyati Isroildan xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda. Xususan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urdi.
2,3 million nufusli G‘azo mintaqasi suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, BMTning maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajgopal Isroil harbiy amaliyoti oqibatida G‘azoda yuzaga kelgan vayronagarchiliklarni xalqaro jinoyat deb atagan.
Ma’ruzachi aholi uylari, shifoxonalar, tez yordam mashinalari, maktab, masjid, cherkov va qochqinlar lagerlari bombardimon qilinayotganini qoralagan.
BMT Bosh assambleyasi gumanitar maqsadda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyusiya qabul qilgan. Ushbu hujjatni 120 davlat qo‘llab-quvvatlagan. Isroil tomoni esa HAMAS harakati butkul yo‘q qilinmagunga qadar harbiy amaliyot to‘xtatilmasligini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter