Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini tayyorlayapti

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini tayyorlayapti

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini tayyorlayapti. Unga ko‘ra 47 nafar rossiyalik va yana Rossiyaning 72 ta tashkiloti sanksiya ostiga tushishi mumkin. Bu haqda Reuters YeI diplomatlari orasidagi manbalariga tayanib yozmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ularning Yevropaga kirishi taqiqlanadi va mintaqadagi aktivlari muzlatiladi.

«Yevrokomissiya 12-sanksiya paketi doirasida YeI bosh diplomati Jozep Borrel bilan qo‘shma takliflarni qabul qildi», – deb yozadi RBK Yevropa Ittifoqi vakiliga tayanib.

Komissiya vakiliga ko‘ra, yangi sanksiyalar paketi endi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan muhokama qilinadi va u bir ovozdan qabul qilinishi kerak.

«Biz bu masalaning imkon qadar tezroq ko‘rib chiqilishini ta’minlash uchun YeI Kengashi bilan yaqindan hamkorlik qilamiz», – deya qo‘shimcha qilgan Yevrokomissiya vakili.

RBK suhbatdoshiga ko‘ra, 12-sanksiya paketi Rossiyaning Yevropa va hamkor mamlakatlarga olmos eksportidan qiladigan daromadini qisqartirishga qaratilgan.

Bloomberg nashriga ko‘ra esa, 12-sanksiya paketi YeIning Rossiyaga dastgohlar, kimyoviy moddalar, litiyli akkumulyatorlar, dronlar uchun dvigatellar eksportini taqiqlashni nazarda tutadi. Agentlik ma’lumotlarida, shuningdek, cheklovlar suyultirilgan propan, mis va alyuminiy sim, folga va quvurlar importini ham o‘z ichiga oladi.

Qolaversa, 1-yanvardan boshlab Rossiya olmoslarini YeI hududiga olib kirishni taqiqlash va bilvosita cheklovlarni bosqichma-bosqich joriy etish ham rejalashtirilyapti. Bu chora avvalroq Borrell tomonidan ham e’lon qilingan va o‘z navbatida noyabr oyidagi «Katta yettilik» majlisida Rossiya olmoslariga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelisha olmagani ham ma’lum edi.

«Yangi cheklovlar Rossiya eksporti va importiga 5 milliard yevro zarar keltiradi», – deb yozadi Bloomberg.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring