Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Shvetsiya hukumatini jiddiy ogohlantirdi

Erdo‘g‘on Shvetsiya hukumatini jiddiy ogohlantirdi

Kecha, 15 yanvar kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shvetsiyani Turkiyada terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Kurdiston ishchilar partiyasi(PKK)ga qarshi choralar ko‘rmasa, ikki mamlakat munosabatlari jiddiy yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda TASS ma’lum qildi.

«Biz Shvetsiyaga Turkiya parlamenti NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida memorandumni tasdiqlashi uchun bizga 130 ga yaqin terroristni ekstraditsiya qilishlari kerakligini aytdik. Ular buni qilmadilar. Shvetsiya ko‘chalarida PKK harakatlarini ko‘rib, mahalliy hokimiyatni ogohlantirdik. Biroq, afsuski, bunday harakatlarni to‘xtatish haqida gap yo‘q. Vaziyat nazorat ostiga olinmasa, Shvetsiya bilan munosabatlarimiz yanada yomonlashishi mumkin», — deydi Erdo‘g‘on.

Shuningdek, Turkiya rahbari NATO a’zoligi uchun ariza topshirgan Finlyandiyada, a’zo mamlakatlardan Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyada PKK tarafdorlari erkin faoliyat yuritayotganini qo‘shimcha qildi.

«Turkiya voqealar rivojiga qarab o‘z pozitsiyasini belgilaydi», — deya ogohlantirdi Erdo‘g‘on.

Ma’lumot uchun, 11 yanvar kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Turkiyada faoliyati taqiqlangan va terrorchi tashkilot deb topilgan Kurdiston ishchilar partiyasi tarafdorlari tomonidan miting o‘tkazildi. Unda Erdo‘g‘onga nisbatan haqoratli so‘zlar aytilib, unga o‘xshash qo‘g‘irchoq mahalliy hokimiyat binosi yonidagi ustunga oyoqlaridan osib qo‘yilgan. Shundan so‘ng Anqara Shvetsiyada Turkiya prezidentiga qarshi qaratilgan harakat yuzasidan ish ochgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring