Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng boy mamlakatlardan birining qulashi...

Dunyodagi eng boy mamlakatlardan birining qulashi...

Foto: «Zen.yandex.ru»

Bir vaqtlar Argentina dunyoning eng boy davlatlaridan biri edi. Shu qadar qudratli ediki, hatto «argentinalik kabi boy» iborasi ham paydo bo‘lgan edi. Biroq o‘shandan beri davlatda sakkiz bora bankrotlik sodir bo‘ldi. Xo‘sh, bu qulash qay tarzda sodir bo‘ldi?

19-asr oxirida iqtisodchilar Argentinaning ajoyib kelajagini bashorat qilishar edi va «argentinalik kabi boy» iborasi jozibali so‘zga aylandi. Ammo eng badavlat elita klubidan bo‘lgan Argentina misli ko‘rilmagan iqtisodiy chuqurlikka tushdi.

Argentina vohasi 20-asrning o‘rtalariga kelib, tanazzulni hatto tasavvur qila olmas edi: jahon urushlari butun dunyo bo‘ylab avj olib borayotgan, inqirozlar tobora kuchayotgan bir paytda, Argentinaning yuqori tabaqasi dabdabali hayot kechirar edi.

Hashamatli kottejlar va yirik fabrikalar qurilishi davom etardi, eng so‘nggi moda tendensiyalaridan ortda kolmagan holda argentinalik boylar otda bamaylixotir sayr qilar, yozni esa Parijda o‘tkazishardi. Argentina iqtisodiyoti yiliga 5 foizga o‘sib borar, mamlakat kishi boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishar, uning tabiiy resurslari cheksiz ko‘rinadi. Iqtisodiyot uchun qo‘shimcha vosita sifatida Argentina Yevropaga go‘sht, don ekinlari va teri sotadi.

Ikkinchi jahon urushi oxirida peso dollar va funt bilan bir qatorda eng barqaror valyuta edi. Argentina mintaqadagi eng boy va eng nufuzli davlat, Braziliyadan ancha oldinda borardi. Bu davlat chet ellik ish izlovchilar, ayniqsa, italiyaliklar va ispanlar uchun ohanraboga aylanib borayotgani ajablanarli emas. Argentinada kishi boshiga Fransiyaga qaraganda ko‘proq avtomobillar, Yaponiyaga qaraganda ko‘proq telefon aloqalari mavjud va faqat 1950-yillarda o‘rtacha daromad Germaniyanikidan sezilarli darajada yuqori edi.

Inqirozning boshlanishi

Ammo jozibali jabhalar orqasida, qulash allaqachon boshlangan edi. Va u 1946-yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan siyosatchi – Xuan Domingo Peron bilan bog‘liq edi. Sobiq general kapitalizm va sotsializmdan farqli yangi yo‘lni va’da qiladi, lekin aslida kelajakdagi azob-uqubatlarga poydevor qo‘yadi.

Peronning barcha o‘rinbosarlari amal qiladigan asosiy tamoyili: topganingizdan ko‘ra ko‘proq sarflang. Va agar buning iloji bo‘lmasa, qarz oling, pul chop eting va, nihoyat, inflyasiyaning kuchayishiga yo‘l qo‘ying. 1949-yilga kelib davlat xarajatlari 3 baravar, 1955-yilga kelib esa davlat xizmatchilari soni ikki baravar ko‘paydi.

Uning rafiqasi Evita, «kambag‘allar farishtasi» mol go‘shti va don sotishdan tushgan mablag‘ni tarqatadi. Ammo korrupsiya doimiy ravishda jamiyatda saqlanib qoldi. Uning shiori «Birinchi navbatda Argentina» edi.

Bu davrda mahalliy sanoat bojxona to‘siqlari bilan tashqi raqobatchilardan himoyalanadi, yuqori ish haqi va ijtimoiy nafaqalar to‘lanadi, elektr tarmoqlari va telefon tarmog‘iga investitsiyalar kiritiladi, ko‘plab samarasiz davlat korxonalari tashkil etiladi. Peron Britaniya temir yo‘llarini ham sotib olishga qaror qildi. 150 million funt sterling qimmat metallolom va vayron qilingan 43 ming km temir yo‘l tarmog‘iga sovuriladi. Afsuslanarli tomoni, mamlakatni birinchi og‘ir iqtisodiy inqirozga olib kelgan qaror milliy g‘alaba sifatida nishonlanadi.

1976-1983-yillardagi harbiy diktatura davrida mamlakatning tashqi qarzi rekord darajaga yetdi, jumladan, bunga, 1982-yilda Argentina yutqazgan va xuntaning qulashiga olib kelgan Folklend urushi sabab bo‘ldi. Giperinflyasiya Argentinada yangi sehrli so‘zga aylandi va prezident Raul Alfonsin o‘z lavozimini tark etdi.

Undan keyingi davrda xususiylashtirish to‘lqini boshlanadi, undan tushgan katta mablag‘lar noma’lum yo‘nalishda yashiriladi. Giperinflyasiya valyuta kengashi bilan almashtirildi – peso AQSh dollariga bog‘langan va 1:1 savdo qiladi. Mo‘’jizaviy tarzda argentinaliklarda qo‘lida dollar paydo bo‘la boshladi, ular Mayamida dam olishdan zavqlanishar, Germaniyada ishlab chiqarilgan eng so‘nggi rusumli mashinalarni sotib olishar edi.

Prezident Menem ijtimoiy xarajatlarni qisqartiradi va temir yo‘llarni qayta xususiylashtiradi. 1992-1999-yillarda davlat xarajatlari 50 foizga oshdi va 2001-yilda qarz 160 milliard dollarga yetdi va bu davlat bankrotligiga olib keldi. O‘shandan beri Argentina hech qachon o‘ziga kelmadi.

Investorlar mamlakatni tark etdi, davlatni o‘zidan oldingilar qilgan ishlarning aksini qiladigan prezidentlar boshqardi va davlatni daromad manbai, deb hisoblaydigan amaldorlar yallo qilib yashadi. Va ular haqiqatdan ham gullab-yashnashi uchun zarur bo‘lgan hamma narsaga ega mamlakatni barbod etdilar.

Argentina 2020-yil 23-may, shanbaga o‘tar kechasi uch turdagi davlat obligatsiyalarining 500 million dollarga yaqin foizlarni to‘lash muddati tugaganidan keyin texnik defolt holatida edi. Bu Argentina tarixidagi to‘qqizinchi defoltdir.

Iqtisodiyot vazirligi 21-maydan 2-iyunga qadar mamlakatning 66 milliard dollar miqdoridagi tashqi qarzini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha taklifning amal qilish muddatini uzaytirdi. Boshqa narsalar qatorida, taklif to‘lovlarning uchdan ikki qismini hisobdan chiqarish va uch yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oldi, kreditorlar esa faqat bir yillik moratoriyga rozi bo‘lishdi.

Janubiy Amerikaning ushbu mamlakati hukumati kreditorlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda, deydi Iqtisodiyot vaziri Martin Guzman. Uning so‘zlariga ko‘ra, «stolda o‘tirgan barcha tomonlar vaziyatni o‘zaro manfaatli asosda hal qilmoqchi».

Gusman pandemiya davrida respublika davlat budjeti daromadlarining 20 foizini davlat obligatsiyalari bo‘yicha to‘lovlariga yubora olmasligini ta’kidladi.

Maftuna A’zamjonova,

xalqaro jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring