«Der Spiegel»: 2019-yilgi g‘alla hammaga yetmaydi
2019-yil hosili g‘allaga bo‘lgan global talabni qoplash uchun yetmaydi. Bu haqda «Der Spiegel» jurnali BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga asoslanib yozmoqda. «Global talab» yig‘ishtirib olinadigan hosildan 30 million tonna ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.
Nashr qayd etishicha, oxirgi marta bunday tanqislik amerikalik fermerlar qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan 2012/2013-yillarda kuzatilgan. Endigi defitsitni esa Yevropaning aksariyat hududlarida (YeI va Rossiya) qurg‘oqchilik sabab bug‘doy hosildorligining kamayib ketishi keltirib chiqarishi mumkin.
Bug‘doy oziq-ovqat sifatida ishlatilayotgan bir paytda, jo‘xori asosan chorva uchun ozuqaga ketayotgani ham ta’kidlab o‘tilgan.
Bug‘doy tanqisligi Yevropada hozirdanoq sezilmoqda — non va un mahsulotlari narxi 6,3 foizga qimmatladi, deb yozadi nashr. «Baywa» (Germaniya) qishloq xo‘jaligi kompaniyasi rahbari Klaus Yozef Luts bug‘doy tanqisligida global iqlim o‘zgarishlarini ayblamoqda. 2018-yili Yevropada qurg‘oqchilik sabab g‘alla hosildorligi bir yil oldingidan 6 foizga kamayib ketdi. Germaniya meteorologiya xizmati ma’lumot berishicha, 2018-yil mamlakatda meteokuzatuvlar tarixidagi eng uzoq davom etgan qurg‘oqchilik yili bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter