Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bunaqasi kam bo‘ladi: Kreml Baydenning fikriga qo‘shildi

Bunaqasi kam bo‘ladi: Kreml Baydenning fikriga qo‘shildi

Bayden avvalroq dunyoga yangi tartib kerakligini aytgan edi. Peskov Amerika prezidentining bayonotiga qo‘shilib, buni «kamdan-kam uchraydigan hol» deb atadi. Shu bilan birga, u dunyoda bu tartibni AQSh qurishini istisno qildi.

Kreml AQSh prezidenti Jo Baydenning dunyo yangi tartibga muhtojligi haqidagi bayonotiga «mutlaqo qo‘shiladi». Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Biz janob Baydenning fikriga qo‘shilamiz, bu kamdan-kam uchraydigan holat, biz uning aytganlariga mutlaqo rozimiz. Darhaqiqat, dunyoga mutlaqo boshqa tamoyillarga asoslangan, global boshqaruvning barcha mexanizmlarini bir davlat qo‘lida jamlash urinishlaridan, o‘z irodasi va qarorlarini boshqa davlatlarga majburlashlardan xoli yangi dunyo tartibi kerak», — dedi Peskov.

Shu bilan birga, u Amerika prezidentining yangi tartibni aynan AQSh o‘rnatishi haqidagi fikriga munosabat bildirdi. «Bu qismiga biz rozi emasmiz. Chunki ularning aytgani Amerikaga asoslangan dunyo tartibini, ya’ni AQSh atrofida aylanadigan dunyoni anglatadi. Endi bunday bo‘lmaydi», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden 21 oktabr kuni Vashingtondagi saylovoldi nutqida insoniyat yangi dunyo tartibiga muhtojligini va amerikaliklar yetarlicha jasorat hamda o‘ziga ishonchga ega bo‘lsa, uni barpo eta olishiga ishonch bildirgandi.

«Menimcha, bizda imkoniyat bor. Agar biz yetarlicha dadil va o‘zimizga ishongan bo‘lsak, dunyoni ilgari hech qachon bo‘lmagan tarzda birlashtirish imkoniyatimiz bor.

Urushdan keyingi davrda biz 50 yilni o‘tkazdik, bu davrda o‘rnatilgan tartib juda yaxshi ishladi, lekin hozirga kelib u g‘oyib bo‘ldi. Bizga yangi dunyo tartibi kerak», — dedi Bayden saylovoldi kampaniyasida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring