Bosh vazir kutilmaganda iste’fo berdi. U pandemiya sabab el qatori o‘z to‘yini ham bekor qilgandi
Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern kutilmaganda siyosatdan ketishi haqida bayonot berdi. U mansub leyboristlar partiyasi yanvar oyi oxirigacha yangi hukumat boshlig‘ini saylashi kutilmoqda.
Jasinda Ardern leyboristlar partiyasi matbuot anjumanida joriy yil 14-oktyabrda bo‘ladigan umumxalq saylovida qatnashmasligini ma’lum qildi.
«Men navbatdagi muddatga qayta saylanish imkonidan foydalanmayman va hukumat rahbari lavozimidan 7 fevralga qadar iste’fo beraman. O‘tgan besh yarim yil muddat hayotimdagi eng tig‘iz palla bo‘ldi, ayni choqda, bosh vazirligim jiddiy sinovlarga boy kechdi», – dedi Yangi Zelandiya bosh vaziri.
Siyosatchi ayol o‘z iste’fosini hukumat rahbari lavozimi o‘ta mas’uliyatli ekani va uni lozim darajada bajara olmasligi ehtimoli bilan izohlagan.
2017-yil 26-oktyabrdan bosh vazir sifatida ish boshlagan leyboristlar partiyasi yetakchisi qisqa muddatda dunyo matbuot e’tiboriga tushdi. Xususan, u mamlakatni larzaga solgan fojia – 2019-yil 15-martda Kraystyorch shahridagi Al-Nur masjidida 28 yoshli terrorchi Brenton Tarrant tomonidan 51 inson otib o‘ldirilgan kunlarda o‘zini insonparvar siyosatchi sifatida ko‘rsata oldi. Yangi Zelandiya yetakchisi keyin ham Kraystchyorchdagi masjidga borib, mudhish jinoyat qurbonlari xotirasiga qurilgan yodgorlikni ochib berdi.
Jasinda Ardern Pokistonning marhum bosh vaziri Benazir Bxutto kabi hukumat rahbarligi payti tug‘ruq ta’tiliga chiqqan arbob sifatida ham tarixga kirdi.
Avval xabar berganimizdek, 2022-yil boshida J.Ardern Yangi Zelandiyada COVID cheklovlari qayta joriy etilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida o‘z to‘yi ham bekor qilinganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda buni taqdir hukmiga yo‘ygan arbob boshqa minglab yangizelandiyaliklardan farq qilmasligini ta’kidlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter