Boaoda «Sharq davosi» forumi bo‘lib o‘tmoqda
Xitoy janubidagi Xaynan provinsiyasi yildan-yilga keng ko‘lamli tadbirlar uchun platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. 10 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladigan hududning Boao oroli mana 23 yilki, o‘z nomi bilan yuritiladigan Osiyo forumiga mezbonlik qiladi. Bu yil u «Osiyo va jahon: umumiy muammolar, umumiy mas’uliyat» shiori ostida o‘tkazilmoqda. 26-29 mart kunlari bo‘lib o‘tayotgan forumga davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yirik kompaniyalar vakillari, ekspertlar, olimlar va jurnalistlardan iborat 5 mingga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Boao Osiyo forumi 29 a’zo davlat tomonidan 2001-yilda birgalikda tuzilgan nodavlat xalqaro tashkilotdir. Maqsad Osiyoda iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishdan iborat. Forumni «Sharq Davosi» deb ham atashadi, Bu bejizga emas. U Osiyo va boshqa qit’alardagi siyosiy, biznes va akademik yetakchilarining Osiyo va global muammolarni muhokama qilishi uchun yuqori darajadagi muloqot maydoniga aylanib ulgurgan. Boz ustiga, ishbilarmon va hukumat doiralari vakillari o‘rtasida muhim kelishuvlarni imzolash va pozitsiyalarni muvofiqlashtirish uchun katta platformadir. Xitoy hukumati uni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi va ushbu mexanizmni Pekinning xalqaro aloqalarini faollashtirish va mustahkamlashga yordam beradigan yumshoq diplomatiyaning samarali vositasi deb biladi.
An’anaga ko‘ra, forumning birinchi kunida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va u bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirayotgan mamlakatlar rivojlanishiga oid ma’ruzalar tinglandi. Boao Osiyo forumining (BOF) asosiy mavzulari qatorida xalqaro hamkorlik, moliyaviy va sarmoyaviy masalalar, innovatsiyalar, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ekologiya va muqobil energiya kabilar bor. Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, xalqaro savdo tizimining parchalanish xavfi va geosiyosiy xatarlarni, jumladan, Ukraina va Falastin-Isroil mojarolari tufayli yuzaga kelgan xavflarni ham muhokama qilyaptilar. Tadqiqotlarga ko‘ra, qarama-qarshiliklar orqali savdoga putur yetishi ortidan ko‘rilgan dunyoning zarar miqdori 7 foizgacha bo‘lishi mumkin, bu taxminan Germaniya va Yaponiyaning umumiy yillik ishlab chiqarishiga teng. Afsuski, yuqori darajada integratsiyalashgan mintaqa sifatida ziddiyatning keskin o‘sishidan Osiyo eng ko‘p zarar ko‘radi. So‘nggi uch yil ichida, ayniqsa, kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj mamlakatlar, shuningdek, kambag‘al va himoyaga muhtoj aholi vakillari qattiq qiyinchilikka tushib qoldi.
Baoadagi muhokamalarda ichki rivojlanish masalalarga ham e’tiborliroq bo‘lish haqida so‘z bormoqda. Hukumatlar o‘z mamlakatlaridagi odamlarning zaif guruhlarini himoya qilishlari kerak. Bu budjet siyosati muhtojlarga yoki oziq-ovqat xavfsizligi yoki yashash narxi inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘rgan guruhlarga maqsadli yordam ko‘rsatishni, ayni paytda kuchliroq mavqega ega bo‘lgan davlatlar global hamjamiyatning zaif a’zolariga yordam berishlari kerakligini anglatadi. Yuqori foiz stavkalari va ko‘plab valyuta kurslarining qadrsizlanishi fonida bu yordam, ayniqsa, og‘ir qarz sharoitida bo‘lgan mamlakatlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Forumda zudlik bilan kambag‘al mamlakatlarning qarzlarini hal qilish uchun tezroq va samaraliroq global mexanizmlar yaratish zarurligi aytildi. Zero, bunday mexanizmlarning yaratilishi qarzdorlarga ham, kreditorlarga ham katta foyda keltirar edi. BOF bosh kotibi Li Baodong fikricha, global rivojlanish va xavfsizlik ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud muammolarga qaramay, Osiyo jahon iqtisodiyoti rivojiga maksimal hissa qo‘shishda davom etadi, Xitoy esa pandemiyadan keyingi davrda barqaror global iqtisodiy rivojlanish tayanchiga aylanadi.
Transformatsiya, dekarbonizatsiya va emissiyalarni qisqartirish Osiyo mamlakatlari uchun umumiy rivojlanish maqsadlaridir va yashil energiya rivojlanishini rag‘batlantirish Osiyoda nol emissiyaga erishishning kalitidir. Bu haqda Boao Osiyo forumi 2024-yakuniy hisobotida aytilgan. Demakki, yashil iqtisodiyot masalasi eng ustuvor maqsadga aylangan. Hujjatda, shuningdek, 2060-yilga borib Osiyoning umumiy o‘rnatilgan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 2020-yilga nisbatan uch baravar oshishi, shamol va quyosh energiyasining umumiy o‘rnatilgan quvvati 70 foizdan ortiq o‘sishi kutilayotgani qayd etilgan. Shunday qilib, yashil energiya sektorining umumiy ishlab chiqarilishi 11 milliard kilovattga yetishi kerak. Shu bilan birga, umumiy transkontinental elektr tarmoqlari loyihasini yanada mustahkamlash maqsadida Shimoliy-Sharqiy, Janubi-Sharqiy, Janubiy, Markaziy va G‘arbiy Osiyodagi mintaqaviy tarmoqlarni o‘zaro bog‘lash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi muammolari ortib borayotgan ekan, aholi zichligi yuqori Osiyo mamlakatlarining yashil iqtisodiyotga o‘tishi, bu bilan yangidan-yangi ish o‘rinlari ko‘paytirishi maqsadga muvofiq sanaladi. Mana shu jihatlari bilan Janubiy Xitoy dengizi sohilidagi Boao oroli yana bir bor butun dunyo e’tiborini tortdi. E’tiborlisi, Osiyo iqtisodiyoti taxminan 4,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. 2024-yilda 2023-yildagi ko‘rsatkichdan oshib, Osiyo global iqtisodiy o‘sishga dunyodagi eng katta hissa qo‘shuvchi qit’aga aylanadi.
Xitoy tomoni anjumanga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rgan. Ayniqsa, Boao Osiyo forumi oldidan energiya samaradorligi va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik darajasi sezilarli darajada yaxshilandi. Aytish joizki, Boao Osiyo forumi yangi ekologik platformada bo‘lib o‘tyapti. Forum avvalida Xaynan provinsiyasining Boao qishlog‘ida deyarli nolga teng uglerod chiqindilari bo‘lgan ko‘rgazmali zona ishga tushirildi. Keng ko‘lamli loyiha 1,9 kvadrat metrdan ortiq maydonda amalga oshirildi. Ikki yil davomida bu yerda binolar va butun energetika infratuzilmasi modernizatsiya qilindi. Provinsiya hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyish zonasi yiliga 32 million kVt/soatga yaqin ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir.
Ushbu anjumanda Boao Osiyo forumi bilan hamkorlik qilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari ham o‘z delegatsiyalari bilan ishtirok etadi. Anjuman o‘tadigan bino atrofiga boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekiston bayrog‘i ham o‘rnatilgan. Yashil iqtisodiyotga o‘tish, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, yuqori texnologiyalar, transport, savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirish mavzulari O‘zbekistonimiz uchun ham muhim ahamiyatga molik masalalar. Bundan tashqari, Boao Osiyo forumi ham Osiyo mintaqasida, ham jahon miqyosida savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash sohasida bilim va ilg‘or tajriba almashish uchun noyob platforma hisoblanadi. Qolaversa, BOF nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni samarali mustahkamlash imkonini berishi bilan ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Mavjudligi davomida forum mamlakatlar va turli mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beruvchi nufuzli platforma sifatida o‘zini namoyon qildi. BOF turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida konsensusga erishish va ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim rol o‘ynadi, umumiy rivojlanishga hissa qo‘shdi va ham mintaqaviy, ham global muammolarni hal qildi. ShHT va Boao forumi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni izchil rag‘batlantirish adolatli va o‘zaro manfaatli mintaqaviy moliyaviy, sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy landshaftni shakllantirishning muhim omili hisoblanadi. BOF sessiyasining kun tartibi global muammolarga e’tibor qaratish va ularni iqtisodiy va xavfsizlik sohasida ham mintaqaviy, ham global kontekstda yengish uchun yechim topish imkonini beradi. Forum 23 yildan beri xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib ishlamoqda. Bu jihatlari bilan BOF sessiyalarida qatnashish manfaatlarimizga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yangi g‘oya va takliflarning ilgari surilishi umumiy taraqqiyotga xizmat qiladi. Bu Osiyo konsensusiga erishish, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy globallashuv va umumiy kelajakni barpo etishga ham taalluqlidir.
Abduvali Soyibnazarov,
Pekin
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter