BMT qo‘llab-quvvatlagan «Sıfır Atık» qanday tashabbus?
Joriy yil 30 mart ilk bor dunyo bo‘ylab Xalqaro chiqindilarsiz kun sifatida nishonlanadi. Turkiya taklif qilgan “Sıfır Atık” (Zero Waste) tashabbusi doirasida BMT Bosh assambleyasi jahon miqyosida ekologiya va tabiatni muhofaza qilish loyihalariga e’tibor qaratishga qaror qilgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida bir yilda taxminan 2,24 milliard tonna qattiq maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. 2050 yilda bu ko‘rsatkich 3,88 milliard tonnaga yetishi mumkin. 2040 yilda dunyo okeanlariga tashlanadigan plastik chiqindi miqdori esa 37 million tonnadan ortadi.
Mutaxassislar tobora ko‘payib borayotgan chiqindilar iqlim o‘zgarishi kabi insoniyat kelajagi, Yer sayyorasining istiqboliga soya solishidan ogohlantirmoqda. Shunga ko‘ra BMT Bosh assambleyasi chiqindidan xoli makon tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.
«Sıfır Atık» loyihasi chiqindilarni ekologik xavfsizlik talablariga ko‘ra tasarruf etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va barqaror taraqqiyotga qaratilgan bo‘lib, 2017 yilda Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on shafeligida ta’sis etilgan.
Loyiha isrofgarchilikning oldini olish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, chiqindini maksimal darajada qayta ishlash, uning paydo bo‘lishini minimallashtirishni ko‘zlaydi.
«Sıfır Atık» sanoatdan tortib pazandalikka qadar – jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamraydi. Masalan, turk oshxonasi asrlar davomida chiqindidan xoli pazandalik falsafasiga tayanadi. Bunga ko‘ra xilma-xil turdagi taomlar tayyorlashda mahsulotlarni isrof qilmaslik talab etiladi. Masalan, eskirgan nondan boshqa taom tayyorlanadi, qolgan palov guruch pirogiga aylanadi. Do‘lma tayyorlash uchun qovoq yoki baqlajonning ichki qismi olib tashlanadi, lekin po‘sti tashlanmaydi, undan boshqa yegulik hozirlanadi.
Turkiya va Global barqaror turizm kengashi (GSTC) o‘rtasida tuzilgan shartnomada ham madaniy merosni asrash qatorida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish vazifalari belgilangan.
Tahlillarga qaraganda, loyiha doirasida chiqindini qayta ishlashning kengaytirilishi Turkiya iqtisodiyotiga 17 milliard lira (2,3 milliard dollar) qo‘shimcha daromad keltirgan. Loyiha birgina Turkiya miqyosida zaharli gazlarni millionlab tonnaga kamaytirish, 209 million daraxtni saqlab qolish imkonini bergan. Ushbu tashabbusning boshqa davlatlarda ham amalga tatbiq etilishi iqlim o‘zgarishlari ta’sirini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter