BMT bosh kotibi chaqiriq bilan chiqdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘arbning yetakchi davlatlarini falastinlik qochqinlarga ko‘makni to‘xtatmaslikka da’vat qildi.
BMT tizimidagi muhim tuzilmalardan sanalgan Falastinlik qochqinlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi 1949 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Yaqinda Isroil hukumati agentlik xodimlari 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan sodir etilgan teraktga aloqador ekani haqida iddaoni ilgari surdi. Buning ortidan AQSh, Germaniya, Shveysariya, Italiya, Kanada, Finlyandiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya kabi davlatlar falastinlik qochqinlarga ko‘mak agentligi faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni vaqtincha to‘xtatdi.
BMT bosh kotibi ushbu davlatlar yetakchilarini o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishga undagan.
Qayd etilishicha, Isroilning iddaosi tegishli tartibda o‘rganilmoqda va agar BMT xodimlarining teraktga aloqadorligi tasdiqlansa, ular jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Bosh kotibga ko‘ra, hali tasdiqlanmagan da’vo sabab og‘ir sharoitda mehnat qilayotgan minglab xodimlar jamoaviy jazolanmasligi kerak. G‘azodagi 2 milliondan ziyod aholining hayot-mamoti BMT agentligi faoliyatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Agentlik 75 yildan buyon nafaqat G‘azo va G‘arbiy sohilda yashayotgan, balki o‘z vatanidan badarg‘a qilingan falastinlik 6 millionga yaqin falastinlikka ham ko‘mak ko‘rsatib keladi.
G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon urush olib borayotgan Isroil harbiylari agentlikning 141 ta ob’yektini bombarbidon qilgan, BMTning 152 nafar xodimi o‘ldirilgan.
Xalqaro tashkilotlar G‘azo sektorining 2,3 million aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solayotgani haqida bong urmoqda. G‘azoda zudlik bilan gumanitar ko‘mak tizimi yo‘lga qo‘yilmas ekan, bomba hujumlaridan ham ko‘proq falastinlik halok bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter