Barak Obama Oq uyga qaytdi
Barak Obama besh yillik tanaffusdan keyin ilk bor Oq uyga keldi. 2009-2017 yillarda AQShni idora etgan sobiq prezident Oq uyning amaldagi xo‘jayini Jo Bayden tomonidan mehmonga taklif etilgan.
Demokratlar partiyasiga mansub ikki prezident tibbiy xizmatga doir qonun qabul qilinganining 12 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan tadbirda qatnashgan. «Obamacare» deb atalgan islohotlar doirasida aholining ehtiyojmand qatlamiga sog‘liqni saqlash xizmatidan foydalanish imkonini berish ko‘zda tutilgan.
Oq uydagi ma’ruzasida Obama tibbiy sohaga doir qonunning qabul qilinishini prezidentlik faoliyatidagi faxrlanishga arzigulik voqealardan biri o‘laroq ta’riflagan. Qayd etish o‘rinliki, Obama prezidentligi davrida Jo Bayden vitse-prezident lavozimida faoliyat yuritgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Barak Obamaning Oq uyda paydo bo‘lishi ortida katta siyosiy maqsad yotibdi. Gap shundaki, ijtimoiy so‘rovlar Jo Bayden hamda demokratik partiya reytingi pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa joriy yil kuzida bo‘ladigan Kongress saylovida qimmatga tushishi mumkin. Amerikaliklar orasida obro‘si hamon baland bo‘lib qolayotgan Obamaning Oq uyga tashrifi jamoatchilikning demokratlarga xayrixohligini oshirishga qaratilgan, deydi kuzatuvchilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter