Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bag‘dodda hammayoq tinch... emas!

Bag‘dodda hammayoq tinch... emas!

Foto: «Reuters»

Iroq poytaxti Bag‘dodda norozilik namoyishlarining yangi to‘lqini boshlandi. Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, namoyishchilar poytaxtning asosiy ko‘chalarini to‘sib, harakatni to‘xtatgan.

O‘n minglab iroqliklarni ko‘chaga chiqish majbur etayotgan muammolar – ishsizlik va korrupsiya. Namoyishchilar hukumatdagi o‘g‘ri va korrupsionerlar iste’fo bermaguncha norozilik aksiyasi davom etishini e’lon qilgan.

Foto: AFP

Iroqda norozilik namoyishlari oktyabrdan buyon tanaffuslar bilan davom etmoqda. Oktyabrda hukumat vaziyatni nazoratni olish uchun komendantlik soati joriy etgan. Ammo ushbu chora ham sabr kosasi to‘lgan aholini namoyishlardan to‘xtata olmadi. Ma’lumotlarga qaraganda, xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarda 250 dan ziyod kishi halok bo‘ldi.

Shia harakati yetakchisi Odil Abdul Mahdiy bir yil avval mamlakat bosh vaziri kursisini egallagan edi. Namoyishchilar hukumat rahbari bir yil davomida va’da qilgan islohotlarni amalga oshira olmadi, deb hisoblaydi.

Norozilik namoyishlar to‘lqinida bosh vazir hukumat tarkibini qayta ko‘rib chiqish, amaldorlarning maoshini kamaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida amaliy harakatlar qilishga so‘z berdi. Ammo endilikda namoyishchilar Mahdiy va uning ma’muriyatidan iste’fo talab etmoqda. Hozirga qadar namoyishlar davomida yuzlab odam halok bo‘lgani, minglab kishi jarohatlangani esa rasmiy hukumatga qarshi kayfiyatni yanada kuchaytirdi.

Foto: AP

Iroq neft zaxirasi bo‘ycha dunyoning to‘rtinchi mamlakati sanaladi. Ammo 40 millionli aholining 60 foizi qashshoqlik chegarasida kun ko‘rmoqda. Har olti oiladan bittasi oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekayotir.

Ishsizlik, ayniqsa, navqiron avlod vakillari orasida kuchli. Mamlakat yoshlarining 25 foizi tayinli daromad manbaiga ega emas.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar ham hukumatdan jiddiy choralar ko‘rishni talab etadi. Kattagina qismi «Islom davlati» jangarilari tomonidan vayron etilgan mamlakatni oyoqqa turg‘azish uchun katta harakat va ulkan xarajat lozim. Jahon banki hisob-kitoblariga qaraganda, Iroq hukumatiga tiklanish uchun kamida 88 milliad dollar zarur.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring