Harvard universiteti Trampning talablarini bajarishdan bosh tortdi

Tramp Harvard universitetidan uzrxohlik talab qilmoqda
AQShdagi eng nufuzli oliy ta’lim maskanlaridan biri – Harvard universiteti prezident Donald Trampning talablarini bajarishdan bosh tortdi. Shu sabab Tramp ma’muriyati mazkur universitetni 2,2 mlrd dollar miqdoridagi federal grantlardan mahrum qildi.
Harvard prezidenti Alan Garber Oq uy qo‘ygan talablarni universitet mustaqilligi va akademik erkinlikka zid deb atagan.
«Universitet (moddiy manfaat uchun) o‘z mustaqilligini qurbon qilmaydi va konstitutsiyaviy huquqlaridan voz kechmaydi. Qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar, biror bir hukumat xususiy universitetlar qanday dars o‘tishi, kimni ishga yollashi va qabul qilishi, qaysi yo‘nalishlarda tadqiqot olib borishi borasida ko‘rsatma berishga haqli emas», – deyiladi universitet rahbariyati bayonotida.
Ma’lumki, 2023-yil 7-oktyabr kuni Isroil armiyasi HAMASning hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan keyin minglab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. So‘nggi bir yarim yil mobaynida AQShdagi ko‘plab universitetlar qatori Harvard universitetida ham Falastin tarafdorlari tomonidan norozilik namoyishlari o‘tkazildi.
Namoyishchi talabalar Falastin davlati tuzilishiga imkon berish, Isroilning G‘azodagi xunrezligini to‘xtatish, shuningdek, Vashingtondan yahudiy davlatini bir tomonlama qo‘llab-quvvatlashni bas qilish kabi talablarni ilgari surganlar.
Namoyishchilar shiori: «Harvarddan qo‘lingni tort!» Foto: Reuters
Tramp joriy yil 20 yanvar kuni prezidentlik lavozimiga kirishgach, aksilisroil namoyishlari o‘tkazilgan universitetlarga bosimni kuchaytirdi. Oq uy ma’muriyati ularni yahudiylar huquqini buzish va antisemitizmda aybladi.
Jumladan, 11-aprel kuni Oq uy mulozimlari tomonidan Harvard universiteti rahbariyatiga yo‘llangan maktubda ijtimoiy faol talabalarning ta’sirini kamaytirish, xodimlarni ishga qabul qilishda ularning irqi, jinsi, e’tiqodi va mamlakatini inobatga olishni bas qilish, «amerikancha qadriyatlarga dushmanlarcha kayfiyatdagi» talabalarni o‘qishga qabul qilmaslik, xodimlar va talabalarning qarashlari hamda o‘quv dasturlari yuzasidan audit o‘tkazish kabi talablar qo‘yilgan edi.
Harvard rahbariyati ushbu talablarni akademik erkinlikka tahdid sifatida rad etgani ortidan prezident Tramp universitet soliq borasida berilgan imtiyozdan ham mahrum qilinishi haqida bayonot berdi.
Oq uy Harvard universiteti «yahudiy millatiga mansub talabalar kamsitilgani uchun» uzr so‘rashi kerakligini aytmoqda. Falastin huquqlarini himoya qilib namoyishlar o‘tkazgan professor-o‘qituvchilar va talabalar esa Konstitutsiyada mustahkamlangan namoyish huquqini antisemitizm bilan chalkashtirmaslik kerakligini ta’kidlamoqda.Isroilni shartlarsiz dastaklab kelayotgan Tramp Falastin haq-huquqlarini himoya qilib chiqqan boshqa universitetlarni ham keskin tanqid qilgan va jazolagan. Jumladan, joriy yil mart oyida yana bir nufuzli oliy ta’lim maskani – Kolumbiya universiteti antisemitizm iddaosi bilan 400 mln dollar federal mablag‘dan mahrum qilindi.
Aprel oyida Prinston universiteti ham shunday ayblov bilan 210 mln dollarlik grantdan mosuvo etildi.
Ayrim universitetlar tadqiqot grantlari qisqarishi sabab hukumat ustidan sudga murojaat qilgan.
AQSh davlat departamenti G‘azodagi urushni qoralovchi namoyishlarda qatnashgan yuzlab xorijlik talabalarning vizasini bekor qilmoqda. Ayrim faol talabalar qamoqqa olingan.
Oq uy faol talabalar milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otayotganini aytmoqda. Talabalarning advokatlari esa Tramp ma’muriyati Konstitutsiyada kafolatlangan so‘z, fikr va namoyish erkinligini poymol etmoqda deb hisoblaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter