AQShning 18 ta shtati «qizil hudud»ga kiritildi
AQSh hukumati koronavirus infeksiyasi shiddat bilan tarqab borayotganidan kelib chiqib, 18 ta shtatni «qizil hudud»ga kiritdi va ulardan darhol qat’iy cheklovlarga qaytishni so‘radi. Kecha koronavirus yuqishi bo‘yicha navbatdagi antirekorddan so‘ng ushbu qarorga kelingan.
Kecha AQShda 77,3 mingta yangi holat aniqlandi — bu dunyodagi ko‘rsatkichlarning uchdan birini tashkil etadi. Eng ko‘p kasallar Texas (15 mingta holat), Florida (14 ming) va Kaliforniya (9,8 ming)da qayd etilgan.
«Daily Beast» ma’lumotiga ko‘ra, «qizil hudud»ga o‘tgan hafta har 100 ming kishiga 100 dan ortiq holatlar qayd etilgan shtatlar kiritilgan: Alabama, Arkanzas, Arizona, Aydaxo, Ayova, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Kaliforniya, Florida, Kanzas, Luiziana, Missisipi, Nevada, Tennessi, Texas, Oklaxoma, Janubiy Karolina va Yuta.
«Worldometers» ma’lumot berishicha, 17-iyul holatiga ko‘ra, AQShda kovid bilan kasallanganlar soni 3,7 million nafarga yaqinlashmoqda. Biroq prezident Donald Tramp ayni vaziyatni, ya’ni nega kasallar soni juda ko‘pligini mamlakatda dunyodagi eng yaxshi test tizimi ishlayotgani bilan izohlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter