AQShlik taniqli siyosatchi Baydenga Isroil borasida shart qo‘ydi
AQShdagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders Isroil G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi sababli dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida obro‘sini yo‘qotayotganini aytdi. Shunga ko‘ra u prezident Jo Baydendan Isroil rahbariyatiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmaslik borasida shart qo‘yishni talab qilgan.
«Jahon nigohi bilan qarasak, Isroil bu urushda mag‘lubiyatga uchramoqda. Dahshatli urushni davom ettirishi uchun (Isroilga) yana 10 milliard dollar berish mas’uliyatsizlik bo‘lur edi», – degan yahudiy millatiga mansub senator Berni Sanders.
Vashington an’anaviy ravishda Isroilni moliyaviy, harbiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. Ayni paytda davom etayotgan HAMASga qarshi urushda ham Qo‘shma Shtatlar yahudiy davlatini yaqindan dastaklamoqda.
Oq uy taklif etayotgan loyihaga ko‘ra AQSh Isroilga 14,3 milliard dollar miqdorida navbatdagi moliyaviy yordamni yo‘llamoqchi. Ammo G‘azoda minglab tinch aholi vakillari qoni to‘kilayotgan bir paytda AQSh jamoatchiligi, hatto Bayden jamoasining o‘zida ham Isroilga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishini tanqid qilayotganlar safi tobora kengaymoqda.
O‘z davrida prezidentlikka nomzod bo‘lgan Berni Sandersning fikricha, Isroil o‘zini mudofaa qilish huquqiga ega, ammo bu tinch aholi vakillarini qirish mumkinligini anglatmaydi.
Siyosatchi AQSh o‘z ittifoqchisi Isroilga ta’sir richaglaridan foydalanishi vaqti kelgan deb hisoblaydi. Ta’kidlanishicha, ko‘p milliardlik ko‘mak berishdan avval Isroil zimmasiga tinch aholi o‘limini kamaytirish borasida majburiyat yuklanishi kerak.
Senator Sanders G‘azoda gumanitar inqiroz avj olgani, ikki milliondan ziyod odam oziq-ovqat va dori-darmonsiz qolganidan xavotir bildirgan.
«Kongress (Isroil bosh vaziri Binyamin) Netanyahuga Qo‘shma Shtatlar Falastindagi ayollar va bolalarni o‘ldirish uchun vasiqa tutqazmaganini tushuntirishi kerak», – degan u.
Ma’lumki, Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazyapti. Isroil bombardimonlari oqibatida so‘nggi ikki oy ichida G‘azoda 18 mingga yaqin tinch aholi vakili halok bo‘lgan.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tinch aholi vakillari qonini to‘kishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlariga nishon bo‘layotgan G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urgan va noinsoniy ommaviy jazolash amaliyotiga chek qo‘yish lozimligini aytgan.
G‘azoning 2,3 million aholisi ikki oydan buyon suv, oziq-ovqat, elektr energiya, yonilg‘i va tibbiy xizmatdan mahrum holda jon saqlamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qamaldagi hududda yuqumli kasalliklar yanada keng tarqalishidan ogohlantirgan.
G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi oshib borayotgan bir vaqtda Isroilning yaqin ittifoqchi AQSh siyosiy doiralarida ham xunrezlikka chek qo‘yish talabi balandroq ovozda yangramoqda.
Avvalroq AQSh prezidentligiga nomzod, yahudiy millatiga mansub Jill Stayn ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektorida genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblagan edi. Yashillar partiyasi vakili prezident Baydenni G‘azodagi xunrezliklarga sherik ekanini qayd etgan.
Oktyabr oyida esa AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter