AQShda tornadolar 50 dan ortiq insonning hayotiga nuqta qo‘ydi (video)
AQShning to‘rt shtatiga tornado yopirildi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 50 nafardan oshgan. Bu haqda «ABC News» xabar berdi.
Kentukki shtati gubernatori Endi Beshir bugun tonggi soat 04:00 da tashkil etilgan matbuot anjumanida bayonot berishicha, qo‘qqisdan tornadolar paydo bo‘lishi oqibatida shtat hududida kamida 50 kishi halok bo‘lgan. Xususan, Meyfilddagi sham fabrikasida o‘nlab insonlar qurbon bo‘lgan.
Gubernatorga ko‘ra, tornadolardan biri 200 mil (321 km.) masofa bo‘ylab o‘tib, ushbu shahar hamda Prinston shahrini vayronaga aylantirgan. Tornado oqibatida Medisonvillda xavfli materiallar olib ketayotgan poyezd halokatga uchragan. Shu bois Beshir federal miqyosdagi favqulodda holat e’lon qilishni so‘radi, Kentukkining o‘zida FV e’lon qilingan.
«Bu Kentukki tarixidagi eng og‘ir tunlardan biri», deya ta’kidlagan gubernator qutqaruv-qidiruv ishlariga 181 nafar milliy gvardiyachi jalb etilganini, qurbonlar soni 75–100 nafarga yetishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
AQShning to‘rt shtatida kamida 18 ta tornado qayd etilgan: tabiiy ofat Kentukkidan tashqari, Arkanzas, Illinoys va Missurini ham qamrab olgan.
Edvardsvill (Illinoys)da «Amazon» kompaniyasining omboriga jiddiy shikast yetgan. Mahalliy hukumatga ko‘ra, kamida ikki kishi qurbon bo‘lgan. Arkanzasda esa ikki inson halok bo‘lgani va besh kishi jarohatlangani aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter