AQShda dunyo iqtisodiyoti taqdiriga doir muhim kelishuvga erishildi
AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Kongress Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti davlat qarzi borasida murosaga erishdi. Bu haqda prezident Bayden Twitter platformasidagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
AQSh yetakchisi tafsilotlarni to‘liq ochiqlamagan holda, garchi tomonlar istagi to‘liq inobatga olinmasa-da, murosaga erishilganini qayd etgan. Ayni choqda, u demokratlarning muhim maqsadlari himoya qilinishini urg‘ulagan.
O‘z navbatida, spiker Kevin Makkarti demokratlar ma’muriyati bilan kelishuvni “Amerika xalqiga munosib prinsipial bitim” deb atagan.
Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu kelishuv AQShni defoltdan qutqaribgina qolmay, dunyo iqtisodiyotida ro‘y berishi kutilayotgan larzalarning ham oldini oladi.
AQShda davlat qarziga doir limitni oshirish borasidagi bahs-munozaralar bir necha oydan buyon davom etmoqda. Bayden ma’muriyati qonun chiqaruvchi idora a’zolari – kongressmenlardan davlat qarzi cheklovini yanada oshirishni talab qilayotgan edi. Kongressda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi muxolif partiya vakillari – respublikachilar esa xarajatlarni qisqartirish va ijtimoiy himoyaga doir mablag‘lar sarfini qat’iy nazorat qilish tarafdori.
Ayni paytda AQSh davlat qarzi 31,4 trillion dollarni tashkil etmoqda. Moliya vaziri Janet Yellen joriy yil 5 iyunga qadar budjet tasdiqlanmasa, mamlakat to‘lov qobiliyatini yo‘qotishi, defoltga uchrashi va iqtisodiy-moliyaviy bo‘ronlar domiga tushishidan ogohlantirgan.
Bayden ma’muriyati va Vakillar palatasi o‘rtasidagi og‘zaki kelishuv 5 iyunga qadar qonunga ko‘chishi kerak. Aks holda, mamlakat defoltdan qutula olmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter