Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerikalik yahudiylar Isroilga yoqmaydigan talab bilan chiqmoqda

Amerikalik yahudiylar Isroilga yoqmaydigan talab bilan chiqmoqda

«G‘azoda qatliom to‘xtatilsin».

Foto: Jewish Voice for Peace

AQShda yashovchi yahudiy jamoasi vakillari bir necha kundan buyon Oq uy qarshisida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda. Ular prezident Jo Bayden ma’muriyatidan Isroilning Falastin xalqiga nisbatan yuritayotgan okkupatsiya, genotsid va aparteid siyosatini to‘xtatishni talab qilmoqda.

Norozilik namoyishlari yahudiylarning  «IfNotNow» hamda «Jewish Voice for Peace» tashkilotlari tomonidan o‘tkazilmoqda.

Aksiya qatnashchilari «G‘azoda qatliomni to‘xtating!», «Mening musibatimdan qurol sifatida foydalanmang!», «Yahudiy oila falastinlik oila ham tinch yashashini istaydi!», «AQShdagi yahudiylar talabi: Bizning nomimizdan qatliom qilmang!», «Falastinliklarning ham joni aziz!», «Yo‘qolsin urush va ayirmachilik siyosati!» kabi shiorlarni ko‘tarib chiqqan.

The Guardian gazetasi yozishicha, namoyishchilar prezident Bayden Isroilning har qanday xatti-harakatini dastaklayotgani, G‘azodagi tinch aholi vakillari qirg‘in qilinishidan ko‘z yumayotganidan norozilik. 

Yahudiy jamoasi vakillari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoda qatliom (genotsid) olib borayotganini ta’kidlab, Oq uydan bu jinoyatni to‘xtatish uchun Tel-Avivga bosim o‘tkazishni so‘ramoqda.

Isroil harbiy kuchlari HAMASning hujumiga javoban 11 kundan buyon G‘azoni bombalashda davom etmoqda. Kuni kecha G‘azodagi «Al-Ahliy» shifoxonasiga raketa otilishi oqibatida yuzlab tinch aholi vakili halok bo‘ldi.

2,3 million aholi yashayotgan mintaqa suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan. Xalqaro tashkilotlar to‘liq qamal ostida qolgan G‘azo aholisi gumanitar falokatga yuz tutgani haqida bong urmoqda.

«Ukraina bosqinini qoralagan Oq uy Falastinga nisbatan haqsizlik qilyapti». Foto: AP

«Biz prezident Baydenga talablarimizni aytgani keldik. U dunyodagi eng qudratli armiyaning bosh qo‘mondoni sifatida o‘t ochishni to‘xtatish, keskinlikni yumshatish, garovdagi isroilliklarni ozod qilish va asosiysi bizni ushbu falokatli holatga yetaklagan muammolarni hal qilish uchun kerakli choralarni ko‘rishi kerak», – degan «IfNotNow» tashkiloti direktori Yeva Borgvardt.

U, shuningdek, «Isroilning harbiy mashinasi» G‘azoda amalga oshirayotgan jinoyatlarni to‘xtatish lozimligini ta’kidlagan.

Jorj Vashington universiteti talabasi Sami Gold yahudiy davlati tomonidan boshqa millat vakillari huquqi poymol etilishini nomaqbul holat deb atagan.

Omas Baddar Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagan Oq uy Falastinga nisbatan haqsizlikdan ko‘z yumib, ikkiyuzlamachilik qilayotganini aytgan.

ABCNews xabariga qaraganda, norozilik namoyishining ayrim qatnashchilari hibsga olingan.

Yaqin Sharq bo‘yicha ekpert, yahudiy millatiga mansub Mixail Magid Telegramdagi kanalida Qo‘shma Shtatlardagi norozilik namoyishlariga munosabat bildirdi.

«AQShda yahudiylar Isroilning G‘azoni bombalashiga qarshi namoyishlarga chiqmoqda. Buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Dunyodagi ko‘plab yahudiylar Isroilni yoqtirmaydi. Ularning bir qismi, shartli aytganda, inson huquqlarini yoqlaydi, yoki sotsializmning biror versiyasini dastaklaydi, yoki o‘zlarini so‘l liberal sanaydilar. Ko‘plab yahudiylar Isroilni aparteid siyosatini yuritayotgan mamlakat, ishg‘ol va qamal ostidagi hududlarda 5 million falastinlikni ochiq osmon ostidagi qamoqxona va gettolarda tutqin qilgan rejim deb biladi», – deb yozadi Mixail Magid.

M.Magid: «Isroil yahudiylarni tamsil etish vakolatiga ega emas»

Ekspert ta’kidicha, dunyoda yashayotgan yahudiylar turli qarashlarni yoqlagani sabab ham Isroil ko‘pchilik yahudiylarni tamsil etish uchun mandatga ega deb bo‘lmaydi.

«Yahudiy oilada tug‘ilgan insonning nuqtai nazari shunday: Isroil (davlati) yahudiylarga ikki sababga ko‘ra ulkan muammo tug‘dirmoqda. Birinchidan, u ongli ravishda va qasddan yahudiylarning boy va nisbatan xavfsiz mamlakatlarga ko‘chib ketishiga to‘sqinlik qilmoqda.  Men Sovet Ittifoqidan borgan, 1990-yillarda Yevropa va Qo‘shma Shtatlarga ketmoqchi bo‘lgan yahudiylar Isroilda xo‘rlanganini yaxshi eslayman. Ikkinchidan, Isroil katta qismi diaspora (shaklida xorijiy mamlakatlarda yashovchi) 15 millionli yahudiylarni 1,5 milliardli musulmonlar bilan urishtirib keladi. Bu o‘ta yomon vaziyat ekani kundek ravshan. Pragmatik sabablarga ko‘ra Isroil qilayotgan ishlar yahudiylar manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi», – deb hisoblaydi M.Magid.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha ham, Isroil davlati allaqachon ma’naviy asoslarini yo‘qotib bo‘lgan va AQShda yashovchi yahudiylarning katta qismi o‘zini yahudiy deb tan olmaydi.

«Qolganlari «men yahudiy emasman, Xudo asrasin» deb, o‘zligini yashiradi, yahudiylikdan voz kechishga harakat qiladi. Protestant, anglasakson bo‘lishga harakat qiladi. Bularning asosiy sababi – Isroilning vahshiy davlat ekanligi. Bu millat tarixan ko‘p ta’qib qilingan. G‘arb va sharq xalqlari, davlatlari yahudiylarni ko‘p ta’qib qilgan. Endi, o‘zlarining davlatchiligiga erishib, shu davlatchilikni kengaytirish maqsadida misli ko‘rilmagan vahshiyliklar qilmoqda. Bir vaqtlar g‘arbliklarning yahudiylarga qilgan vahshiyligini bugun yahudiylar arablarga, falastinliklarga qilmoqda, ortig‘i bilan qilmoqda. Buni dunyo ko‘rmoqda», – deb yozadi K.Rabbimov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring