Amerikada 36 million odam ochlikdan qiynalmoqda — Jo Bayden
AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda so‘zlagan nutqida hozirgi vaqtga kelib 36 million amerikalik ochlikdan qiynalayotganini ta’kidlab o‘tgan.
Bayden o‘zining 1,9 trillion dollar miqdorida rag‘batlantirish haqidagi va’dasini tez orada bajarishini ta’kidlab o‘tgan.
«Iqtisodiyot hali ham qiyin ahvolda ekanligi aniq. 10 milliondan ortiq odam ishsiz, shundan 4 million kishi so‘nggi olti oy davomida ishsiz qolganlardir. 24 million kattalar va 12 million bolalar oziq-ovqat yetishmasligidan qiynalmoqdalar. Biz tez orada bunga yechim topishimiz kerak», — degan u.
Jo Bayden aholiga emlash dasturi uchun yana 160 milliard dollar ajratilishini ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, u ushbu miqdorni kamaytirmagan holda muhtojlarga 1,4 ming dollardan to‘lash haqidagi va’dasini bajarish niyatini bildirgan. «Bu Amerika xalqiga va’da qilingan edi», degan u.
Yanvar oyi boshida AQSh yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yili 3,5 foizga pasaygani, bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon ko‘rsatkich ekanligi haqida xabar berilgan edi.
Koronavirus pandemiyasidan AQShga yetkazilgan zarar 16 trillion dollarga baholanmoqda, degandi sobiq moliya vaziri Lourens Summers. Ushbu miqdorning qariyb yarimi karantin va ishlab chiqarishning ayrim tarmoqlari faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi bilan bog‘liq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter