Albaniya Mudofaa vaziri zilzila qurbonlari ismini o‘qiyotganda yig‘lab yubordi
Albaniya Mudofaa vaziri Olta Jachka vayronakor zilzila natijasida halok bo‘lganlarning ism-sharifini o‘qiyotganda yig‘ladi.
«RIA Novosti»ning yozishicha, seshanbaga o‘tar kechasi Albaniyada 6,4 magnitudasi bilan kuchli zilzila sodir bo‘lgan. Eng kuchli yer silkinishlari Tirana va Durres shaharlarida sezilgan. U yerda bir qancha binolar qulab tushib, ularning ostida haligacha odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 32 kishi halok bo‘lgan, 658 kishi jarohat olgan, 47 kishi vayronalar ostidan chiqarib olingan.
Albaniya bosh vaziri Edi Rama Alban bayrog‘i kuni sharafiga rejalashtirilgan tantanani qoldirib, milliy motam kunini e’lon qildi hamda Tirana va Durresda favqulodda vaziyatlar tartibini joriy etdi.
— Bu mening eng og‘ir nutqim. Biz 26-noyabrda zilzila oqibatida vayron bo‘lgan binolarni qaytadan qurishimiz mumkin, lekin halok bo‘lgan fuqarolarning hayotini qaytarib berolmaymiz, — deydi mamlakat mudofaa vaziri.
Jachka halok bo‘lganlarning ism-sharifini o‘qiy boshlaydi, biroq ro‘yxatning o‘rtasiga kelganda o‘zini tutib turolmaydi va yig‘lab yuboradi, keyin esa ko‘zlaridagi to‘la yosh bilan o‘qishni davom ettiradi. Qurbonlar orasida — 4 va 8 yoshli bolalar, 77 va 79 yoshli keksalar, turli yoshdagi erkak va ayollar bor.
Yana 25 kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda. Ularni vayronalar ostida qidiruv ishlari davom etmoqda. Qutqaruv operatsiyalarida bir qancha davlatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Iyulda Albaniya prezidenti Ilir Meta rasmiy maktub orqali grek seysmologi Akis Selentisning ma’lumotlariga tayanib bosh vazir Edi Rama, bosh vazir o‘rinbosari Erion Bracha va mudofaa vaziri Jachkani «Bolqonda apokaliptik zilzilaga» tayyorlanishga chaqirgandi. Jachka bunga javoban, alban seysmologlariga ko‘ra, halokatli zilzila ehtimoli yo‘q va uning idorasi tabiiy ofatlarga «30 yil oldingidan ko‘ra» yaxshiroq hozirlik ko‘rganini yozgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter