Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afrika prezidentlari Putinga talab qo‘ydi

Afrika prezidentlari Putinga talab qo‘ydi

Afrika mamlakatlari yetakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putindan g‘alla eksportiga doir bitimga qaytishni talab qildi. Rasmiy Moskva bir yil avval tuzilgan bitimdan 17 iyul kuni chiqqanini e’lon qilgan edi.  

Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Rossiya–Afrika sammitida ushbu qit’aning 17 davlat rahbari qatnashgan. Prezidentlar rossiyalik hamkasbini ochiq tanqid qilmagan bo‘lsa-da, ularning nutqidan Ukraina urushi ortidan oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlab ketganidan xavotirni sezish mumkin edi. 

Putin Burkina-Faso, Zimbabve, Mali, Somali, MAR, Eritreya kabi davlatlarga 25 ming tonnadan 50 ming tonnaga qadar bug‘doyni tekin berishga va’da qilgan. 

Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa rossiyalik hamkasbiga minnatdorlik bildirgani holda, Afrika davlatlari xayr-ehson so‘ragani kelmaganini uqtirgan.

«Biz Qora dengizni ochish va g‘alla tashabbusi qayta yo‘lga qo‘yilishi tarafdorimiz. Qora dengiz jahon bozori uchun ochiq bo‘lishini istaymiz. Biz bu yerga Afrika qit’asi uchun qandaydir tuhfalar so‘ragani kelmadik. Saxovat yuzasidan Afrikaning mushkulotlarga duch kelgan ayrim mamlakatlariga tekin don berish qaroringizni tushunamiz. Bu ishingizga hurmat ila munosabatda bo‘lamiz. Ammo bizning asosiy maqsadimiz bu emas», – degan JAR prezidenti.

Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy ham boshqa hamkasblari qatorida Rossiyani g‘alla bitimiga qaytishga da’vat qilgan.

Kongo prezidenti Deni Sassu-Ngesso esa urushni to‘xtatish uchun Afrika tinchlik tashabbusi eng maqbul yo‘l ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval Istanbul shahrida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tarzda olib o‘tishga doir bitim imzolangan edi.

Rossiya bosqini ortidan Ukraina omborlarida saqlanayotgan katta miqdordagi donni Qora dengiz orqali dunyo mamlakatlariga sotish yo‘li yopilib qolgan. Oqibatda oziq-ovqat bozorida narx osmonga sapchib, ko‘plab mamlakatlarda ocharchilik xavfi yuzaga kelgan. Shunga ko‘ra Turkiya, Rossiya, Ukraina va BMT o‘rtasida tuzilgan hujjat dunyoda ocharchilikning oldini olishga xizmat qilishi aytilgan edi.

Moskva ikki hafta muqaddam g‘alla bitimidan chiqqanini e’lon qildi. Boz ustiga, Ukraina don tashishda foydalanayotgan portlarga bomba yog‘dirdi. Buning ortidan Kreml urushda oziq-ovqatdan ham qurol sifatida foydalanishda ayblandi.

G‘alla bitimi doirasida Ukraina bir yilda 33 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilgan. Bitimning bekor bo‘lishi sabab jahon bozorida g‘alla narxi keskin oshishi kutilmoqda. 

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralar don bitimi bo‘yicha oxirgi umid deb baholanayotgan edi.

Ammo so‘nggi xabarlarga qaraganda, Putin Erdo‘g‘onning g‘alla shartnomasini qayta tiklash haqidagi so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring