Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Abadiylik qonuni»: Putin prezidentlik muddatini «nullashtiruvchi» hujjatga imzo chekdi

«Abadiylik qonuni»: Putin prezidentlik muddatini «nullashtiruvchi» hujjatga imzo chekdi

Foto: RBK

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun, 14-mart kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni tasdiqladi. Endi hujjat tasdiqlanish uchun Konstitutsion sudga yuboriladi. Bungacha qonun loyihasini Rossiya Davlat dumasi deputatlari, Federatsiya kengashi, shuningdek, hududiy parlamentlar tasdiqlagan edi. Agarda Konstitutsion sud ham «o‘zgarish»ni qonuniy deb topsa, 22-aprel kuni — Rossiyada referendum, hammasi uzil-kesil hal bo‘ladi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilsa

Avvalo Rossiya Federatsiyasining amaldagi prezidenti Vladimir Putinga nazariy jihatdan Kremlda yana uzoq vaqt qolish imkoniyatini beradi. Yigirma yildan beri rus davlati tepasida turgan Putin hammasini «nuldan» boshlashi mumkin: xususan, 2024-yilda ham o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘ya oladi. Ayrim ekspertlar esa Kremlning 67 yoshli rahbari Rossiya prezidenti lavozimida 2036-yilgacha qolishi mumkin deyishmoqda — o‘shanda Putin 83 yoshini qarshi oladi.

Prezidentlik muddati bilan bir qatorda, konstitutsiyaga kiritilayotgan boshqa o‘zgarishlar ham borki, bular davlat rahbari, hukumat a’zolari, davlat amaldorlariga qo‘yilayotgan talablar «yangilanayotganidan» darak beradi. Bu rahbarlarning barchalari zimmasiga davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy kafolatlari yuklatiladi. Prezident vakolatlari doirasi ancha o‘zgaradi, mamlakatda hukumatning asosiy va qariyb yagona «jilovi» aynan davlat rahbari qo‘liga o‘tadi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bundan buyon federal hududlarning markaz tomonidan boshqarilishini yanada kuchaytiradi, rus tiliga mamlakatdagi asosiy til maqomini beradi. Qator idoralar vakolatlari kengaytiriladi. Rossiyadagi xalklar madaniyatlarining o‘ziga xosligi tan olinishi bilan birga, chet ellardagi vatandoshlar huquqlari himoya qilinishini ham ko‘zda tutadi. Rossiyada konstitutsiya xalqaro huquq normalaridan ustun turuvchi maqomga ega bo‘ladi.

Ancha shov-shuvli, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan va bo‘layotgan ushbu qonun loyihasi Rossiya Davlat dumasi tomonidan 11 mart kuni qabul qilingandi. Tegishli qonun loyihasini yoqlab milliy parlamentning 380 nafar deputati ovoz bergan, 43 nafari — qarshi, bir nafari betaraf qolgandi.

P.S. Bir paytlar Konstitutsion sud Boris Yelsinga konstitutsiyani o‘zgartirish imkonini bermagandi. O‘sha Konstitutsion sud a’zolaridan sanoqlilari hozir ishlamoqda, ko‘pchiligi Putin davrida kelgan...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring