29-oktyabr Qozog‘istonda umummiliy motam kuni deb e’lon qilindi
Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘lganlar xotirasiga 29-oktyabr mamlakatda umummilliy motam kuni deya e’lon qilindi. Bu haqda prezident Qosim Jo‘mart To‘qayev falokat qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.
“O‘z nomimdan hamda hukumat nomidan sizlarga hamdardlik bildiraman. Bu – fojia. Hammasini tushunaman va shuning uchun ham bu yerga yetib keldim. Kerakli barcha choralarni ko‘ramiz, shu jumladan, falokatda halok bo‘lgan va jabrlanganlarning oilalariga kerakli barcha yordam ko‘rsatamiz” deya ta’kidlagan To‘qayev uchrashuv chog‘ida.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda ta’kidlanishicha, falokat ro‘y bergan konga egalik qiluvchi «ArselorMittal Temirtau» AJ kompaniyasiga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Dastlabki versiyaga ko‘ra, metan gazining portlashi fojiaga sabab bo‘lgan. Hodisa 28 oktabrga o‘tar kechasi soat 02:33 da yuz bergani aytilmoqda. Hozirga qadar portlash oqibatida 21 kishi qurbon bo‘lgani aniqlangan. 23 nafar konchini izlash va qutqarish ishlari davom etmoqda.
“Qutqaruv ishlari birinchi navbatdagi vazifamiz hisoblanadi. Ikkinchidan, jabrlpnuvchilar va davolanishga muhtojlarning sonini aniqlab olishimiz kerak. Uchinchidan, bunday ulkan fojiadan jabr ko‘rganlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatamiz. Kerak bo‘lsa, maxsus fond ta’sis etamiz, o‘zim bu masala bilan shug‘ullanaman”, deb aytgan mamlakat rahbari.
Hodisa joyida tashkil etilgan shtabda Qarag‘anda viloyati hokimi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, Qarag‘anda viloyati prokurori, maxsus huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari faoliyat olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter