11-sentyabr dahshatlaridan 20 yil o‘tib: AQShdagi egizak minoralarga qilingan hujumdan keyin nimalar o‘zgardi?
Bundan roppa-rosa 20 yil oldin, Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining osmono‘par binolariga ikkita layner kelib urilgan, bitta samolyot Vashingtondagi Pentagon binosi oldida portladi. To‘rtinchisi Pensilvaniyada – Kapitoliy binosiga qulashi kerak edi, biroq yo‘lovchilar bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatishi natijasida hujum nihoyasiga yetmay qolgandi.
Bu vaqt ichida dunyo qanday o‘zgardi? Xulosa chiqarildimi? Va hozirda teraktlarni tergov qilish qanday ketmoqda?
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2977 kishi 11 sentyabr fojiasi qurboniga aylangan. Egizak minoralarda 2606 kishi, to‘rtta samolyotda 246 kishi halok bo‘ldi. Hujumlar paytida osmono‘par binolarda taxminan 17,400 kishi bo‘lgan. Hujum qurbonlari 77 mamlakatga tegishli fuqarolar edi. Qurbonlar orasida oddiy odamlar ham, Nyu-Yorkdagi favqulodda xizmat xodimlari ham bor. Yana minglab odamlar yaralangan.
Samolyotlarni 19 nafar xudkush terrorchi olib qochgan. «Al-Qoida» va uning rahbari Usama bin Laden hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. U Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarini Yaqin Sharqdagi mojarolarni qo‘zg‘atishda ayblaydi. Hujumlarni sodir etganlar Saudiya Arabistoni, Misr va Livandan kelgan muhojirlar edi. Hozirgacha xudkushlarning shaxsiga aniqlik kiritilmagan.
AQShning hujumlarga javobi qo‘shma shtatlar armiyasining Tolibon boshqaruvi ostida bo‘lgan Afg‘onistonga bostirib kirishi bo‘ldi. AQShning maqsadi bin Ladin va uning tarafdorlarini qo‘lga olish edi. «Al-Qoida» rahbari 2011 yilda Pokistonda o‘tkazilgan maxsus operatsiya paytida yo‘q qilingan. Uning ba’zi tarafdorlari va hujumlarga aloqador bo‘lganlar AQSh tomonidan kuzatilgan, sudsiz va tergovsiz Kubadagi Guantanamo bazasiga yuborilgan.
AQSh 2021 yilda Afg‘onistonga bostirib kirganidan 20 yil o‘tib, o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqdi. Tolibon yana Kobulda hokimiyat tepasiga qaytdi. «Al-Qoida» hali mag‘lubiyatga uchramagan, deyilmoida. Yaqin Sharq va Afrikaning ba’zi mamlakatlarida terrorchilarning yashirin joylari saqlanib qolgan.
11 sentyabr voqealaridan keyin butun dunyoda havo xavfsizligi qoidalari kuchaytirildi. Egizak minoralar joyida Jahon savdo markazining yangi osmono‘par binosi qad rostladi, hozirda u yerda muzey va hujum qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik bor.
«11 sentyabr teraktining jahon fuqaro aviatsiyasiga ta’siri sezilarli bo‘ldi. Shimoliy Amerikada transport hajmining keskin pasayishi kuzatildi, bu samolyot yetkazib berish hajmida aks etdi. Bu davr mobaynida yo‘lovchilarning vahimasi tufayli dunyoda havo transportiga bo‘lgan umumiy talab keskin kamaydi», – deydi AviaPort agentligi ijrochi direktori Oleg Panteleyev.
Bundan tashqari, butun dunyo bo‘ylab sodir etilgan terroristik hujumlardan so‘ng, ekipaj xonasiga ruxsatsiz kirishni oldini olishning qat’iy choralari ko‘rildi. Endi barcha yo‘lovchi samolyotlarida yopiq zirhli eshiklar bor, ularni sindirishning imkoni yo‘q. Yo‘lovchilarni parvoz oldidan ko‘rikdan o‘tkazish talablari ham keskinlashdi – salonga o‘zi bilan birga suyuqlik olib kirish taqiqlandi, aeroportlarda esa, parvozdan oldin yo‘lovchilarning oyoq kiyimlarini tagliklarida portlovchi moddalar borligini tekshira boshladilar.
Amerikaliklar hujum haqida oldindan bilganmi?
Teraktlardan keyin AQSh rasmiylari keng ko‘lamli tergov boshladilar, ammo FBR ba’zi ma’lumotlarni yashirishga urindi. Bundan tashqari, bir necha yil o‘tgach, Amerika maxsus xizmatlari hujumlarda ishtirok etgani va hujum haqida oldindan bilgani haqidagi versiyalar paydo bo‘ldi.
Xususan, hujjatli tergovlarda osmono‘par binolarga portlovchi moddalar qo‘yilgani va ularga samolyotlar urilishi sababli emas, balki atay portlatilganidan keyin binolar qulab tushgan, degan taxmin ilgari surilgan. Amerikalik rejissyor Maykl Mur Jorj Bush oilasi va Usama bin Laden o‘rtasidagi aloqalarga bag‘ishlangan «Farengeyt 9/11 (16+)» hujjatli filmini suratga oldi.
Aytishlaricha, ular o‘rtasidagi aloqalar kichik Bush AQSh prezidentligida bo‘lganida rivojlangan, uzoq vaqt qo‘llab-quvvatlangan hamda terror hujumlaridan ikki oy o‘tgach aloqalari buzilgan.
Hujumlarning 20 yilligida Jo Bayden 11 sentyabr voqealariga oid ba’zi hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu yangi prezidentning saylovoldi va’dalaridan biri edi.
«11 sentyabr voqealarining 20 yilligi arafasida Amerika xalqi bu hujumlar haqida o‘z hukumatiga ma’lum bo‘lgan narsalarni bilishga loyiqdir» – deyiladi farmon matnida.
AQSh maxfiy xizmati Nyu-Yorkdagi terakt sodir bo‘lgan joydan olingan yangi suratlarni e’lon qildi. Rasmlar fojia yuz bergan joyda ishlagan xizmat xodimlari tomonidan olingan. Fotosuratlarga «Biz hech qachon unutmaymiz», deya izoh qoldirilgan.
Oradan 20 yil o‘tib, Nyu-Yorkdagi sud ekspertlari yana ikki nafar terakt qurboni shaxsini aniqladilar. Hozirgi vaqtda faqat 1647 qurbonning shaxsi aniqlangan, 1106 kishining kimligi hamon noma’lum.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter