Yaponlar qordan elektr olishmoqchi
«Qalovini topsa, qor ham yonadi» — yaponlar bu maqolni eshitishganmi-yo‘qmi — bizga qorong‘u, ammo uddaburon bu xalqdan har narsa kutish mumkin. Masalan, Kyodo agentligi bugun, 8 yanvar kuni xabar berishicha, Yaponiya shimoli-sharqidagi Aomori shahrida qordan elektr energiyasi olish bo‘yicha sinovlar boshlangan.
Qor — tiklanuvchi elektr manbai.
Aomorida qishda qor qalin yog‘adi. Shahar ko‘chalaridan yig‘ishtirib ketilgan qor dengizga olib borib tashlanadi. O‘tgan yili qorni tozalash uchun shahar hokimligi 5,9 mlrd iyena (44,6 mln dollar) sarflashiga to‘g‘ri keldi.
Aynan o‘sha qor olib borib tashlanadigan dengiz qismida oddiy qorni elektrga aylantirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Loyiha hamkorlikda — mahalliy Forte Co startapi Tokio elekraloqa universiteti bilan ishlayapti. Ularning oldida birgina savol ko‘ndalang: dengiz bo‘yida shahar ko‘chalaridan olib kelib tashlangan tonnalab qor uyumlari havo isishi natijasida eriganida ajraladigan bug‘ turbinani aylantirib, energiya ajrata oladimi?
Bahor kelib, kunlar isiy boshlagach, loyiha to‘liq kuchda ish boshlaydi. Hozircha qor zaxirasini yilning issiq paytlarida uzoq vaqt saqlash imkonini beruvchi maydon tanlanmoqda.
«Seryog‘in hududimiz uchun qor tashvish doim keltirgan, endi uning foydasini ham ko‘rmoqchimiz», — dedi mahalliy hokimiyat vakili.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter