«Xiaomi Mi 8» — «iPhone X»ning yarim narxida!
Xiaomi taqdim etayotgan smartfonlarning narx hamda imkoniyatlari nisbati muxlislarni hayratga solishdan to‘xtayotgani yo‘q. Bugun biz yaqindan o‘rganishga qaror qilgan Mi 8 ham davrimizning ilg‘or flagmanlaridan sanaladi, shu bilan birga narx ham insof doirasida, deyiladi «Terabayt» sharhida.
Mi 8 flagmani AMOLED-paneli hamda ayni paytda jahonning eng kuchli chiplaridan bo‘lgan Snapdragon 845 hamda kuchli kameralar bilan ta’minlangan. Quyida ushbu devaysning har bir jihatiga alohida diqqat qilamiz.
Tashqi ko‘rinish
Xiaomi Mi 8 modeliga e’tibor bersak, uning iPhone X uslubida ishlab chiqarilganiga guvoh bo‘lamiz. Ehtimol, tashqi ko‘rinish to‘liq ayfondan ko‘chirilgan, deyish xatodir.
Ayni paytda ekran ustida sensorlar uchun maxsus joy qoldirish trendga aylandi. iPhone X uslubining o‘ziga xosligi — smartfon o‘lchamini saqlab qolgan holda, ekran ulishini oshirishdir. Mi 8 o‘lchamidan odatiy 5,5-5,7 dyuymli smartfonlar sirasiga kiradi, biroq ekran yiriklashgan.
Bosh ekran dizaynni bir so‘z bilan metall va shisha uyg‘unligidagi «klassik sendvich» deyish mumkin.
Darvoqe, ekran yuqorisidagi «qosh-ko‘z»da faqatgina old kamera emas, o‘tkazib yuborilgan hodisalardan xabar beruvchi svetodiodli chiroq, infra qizil nur hamda skaner mavjud. Bu sensor 3D o‘lchamda yuzni aniq-tiniq tekshiruvdan o‘tkazadi hamda smartfonni blokirovkadan chiqaradi.
Shuningdek, oraliq-masofa hamda yorug‘likni avtomatik sozlash sensorlari ham mazkur hududda joylashgan. Smartfonni blokirovkadan chiqarish sharoit tanlaymadi — yorug‘lik bo‘lmasa ham ishlaydi.
Ekran yonlaridagi rom juda ham yupqa emas, biroq buning ham yaxshi tomoni bor. Xususan, ekran klavishlarini o‘chirib, smartfonni tezkor boshqarish jarayonida yon tomon romlari juda yupqa bo‘lsa ham, ekranni tezkor ochish murakkablashadi.
Orqa tomon himoya shishasi bilan qoplab olingan. Kamera ob’yektivlarining joylashuvi biz uchun yangilik emas. Hamyonbop Redmi modellari ham xuddi shunday dizayndagi bosh kameralarni ko‘rganmiz. Xiaomi foydalanuvchiga qiyofa blokirovkasidan tashqari, barmoq izi skaneri orqali ham devays tizimiga kirish imkonini qoldirgan. Sizga qay biri qulay bo‘lsa, shuni tanlaysiz.
Aytgancha, smartfon korpusi 4 xil rangda ishlab chiqariladi: ko‘k, tilla rang, oq hamda qora. Yon tomon romlar smartfon orqa panelining tusi bilan bir xil bo‘ladi.
Xiaomi Mi 8 modelining korpus qalinligi g‘oyatda yupqa — 7 mm, vazni — 175 gramm.
Yon romlar alyuminiydan tayyorlangani uchun telefon kaftingizda hashamdor ko‘rinadi. Uning vazni ham salmoqli (175 gramm). Korpus yig‘ilishlari doimgidek gap-so‘zsiz, yuqori sifatli.
Orqa panelga yotqizilgan shisha hamda rom orasida bir oz bo‘sh joy qoldirilgan. Buning sababi, smartfon noxos qo‘ldan tushib ketganida, yoni bilan yerga tushgan taqdirda, shishaga darz ketmasligi uchun shunday qilingan.
Port yakka-yagona — USB Type-C. Multimedia dinamigi ham bitta. Suhbat dinamigi esa unga yordam bera olmaydi.
Korpus suv tomchisi hamda changdan himoya qilingan. Biroq smartfon uncha chuqur bo‘lmagan hovuzlarga ham qo‘rqmay kira oladi. Ammo Xiaomi Mi 8 modelida germetik himoya qatlami yo‘qligini unutmaslik kerak. 10-20 sm.dan so‘ng smartfonning «tobi qochishi» mumkin.
Mi 8 qadog‘idagi manzara ham standart: quvvatlash qurilmasi, kabel, USB Type-C perexodnigi, qo‘llanma hamda shaffof tusli silikon chexol. Chexol bir muddat ishlab turishga bo‘ladi, biroq keyinchalik uni almashtirish kerak.
Displey
Ekran diagonali 6,21 dyuym, yaxshi xabar — unda AMOLED matritsadan foydalanilgan, aniqlik darajasi ham yomon emas — 2248×1080 pikselga teng, ya’ni ya’ni FHD+ aniqligida. Ekran tomonlarining nisbati 18,7:9 o‘lchamli. Ekran quyosh nuri ostida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Displeyga bir so‘z bilan ta’rif bersak — gap yo‘q!
Old panelning 88.5% foiz qismi ekrandan iborat.
Albatta, dog‘-dug‘ yuqmasligi uchun ekranga oleofob qoplamasi yotqizilgan. Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi esa ekran uchun chinakam zirh.
Yorug‘lik darajasi 1,3 dan 433 kd/m² gacha yetadi. Kontrast ham maksimal, chunki AMOLED matritsa!
AMOLED displeyni ranglarni jilodor va yorqin aks ettirishi bilan jahonda tngsiz. Yirik ekran foydalanuvchiga tasvirni maroq bilan tomosha qilish hamda smartfonda miriqib o‘yin o‘ynashga yordam beradi.
Ekranni sozlash uchun qator imkoniyatlar beriladi, rang uzatish darajasini ham sozlash mumkin bo‘ladi. Always on rejimi ham endi Xiaomi uchun odatiy imkoniyatga aylandi. Ekranda vaqt, sana, o‘tkazib yuborilgan hodisalar to‘g‘risida axborot aks etib turadi.
Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, displey DCI-P3 standarti kalibrovka qilingan. Standart sozlamalarda tasvir «sovuq tusli» tuyilsa ham, rang haroratini mustaqil ravishda o‘zgartirish mumkin.
Apparat platformasi
Xiaomi Mi 8 ayni paytda kuchli chip bo‘lmish Qualcomm Snapdragon 845 bilan ta’minlangan.
Snapdragon 845 chipi smartfonga imkoniyatlar eshigini ochib bergan. AnTuTu tomonidan iyulda taqdim etilgan reytingda Xiaomi Mi 8 273221 ball bilan jahonning eng kuchli to‘rtinchi Android flagmani bo‘lib turibdi.
Sakkiz yadroli ushbu protsessor tezkorligi hamda quvvat tejamkorligi bilan o‘ziga xos. Qolaversa, bu chipsetga "sun’iy aql"ni ham tatbiq qilish mumkin. Smartfon tizimidagi bu jihat unga zamonaviy funksiyalarni joriy qilish uchun ayni muddao. Ayniqsa, "sun’iy ong" old va orqa kameralarga "AI Portrait" (portret) hamda "AI Beauty" (go‘zallashtirish) suratlar olish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Mi 8 o‘zidagi Adreno 630 video kartasi, 8 gigabaytgacha bo‘lgan operativ xotirasi (LPDDR4x), 128 gigabaytgacha (UFS 2.1) doimiy xotira bilan ham o‘ziga xosdir. Bu platforma har qanday o‘yinni o‘ynash hamda smartfonda bir vaqtda ko‘p vazifalarni amalga oshirish uchun yetarli.
Doimiy xotirani kattalashtirish uchun alohida bo‘lmacha mavjud emas.
Jihatlar 2018-yilning flagmanlariga xos. Har qanday ilova hamda o‘yinlarni bu platformada oson o‘ynash, ulardan foydalanish mumkin.
Simsiz quyidagi interfeyslar mavjud: NFC, Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, Bluetooth 5.0 hamda GPS. Uydagi maishi texnikani boshqarish uchun infra qizil port yo‘q. Mobil tarmoqda aloqa qurish, ovozni uzatish hamda suhbat dinamigi va mikrofonning ishlashi bilan muammo yo‘q.
Mi 8 ayni paytda Android 8.1.0 tizimining o‘zlashtirilgan MIUI 9.5 proshivkasida ishlaydi. Android P ga asoslangan ilg‘or MIUI 10 ham tez orada chiqib qoladi. Shuningdek, uning global proshivkasi ham chiqadi, ya’ni smartfondan rus tilida ham foydalanish mumkin bo‘ladi. Mi 8 devaysidagi ekran chastotasi yuqori bo‘lgani uchun interfeys «uchib» ishlaydi.
Akkumulyator imkoniyatlari
Flagmandagi akkumulyatorning tok sig‘imi 3400 mA soat. Smartfon Qualcomm Quick Charge 4+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi yozilgan bo‘lsa ham, qadoqda Qualcomm Quick Charge 3.0 texnologiyasi uchun qurilma mavjud.
O‘rtacha foydalanganda smartfonning to‘liq quvvati 1,5 kunga yetadi.
PCMark Work 2.0 resursining akkumulyator imkoniyatlarini o‘rganish uchun imtihonida ekran yorug‘ligi 200 kd/m² darajada bo‘lganida smartfon 8 soat 38 daqiqa ishlagan — umuman olganda yomon natija emas.
Kamera imkoniyatlari
Xiaomi Mi 8 bosh kamerasining asosiy sensori 20 megapikselli va yorug‘lik taqsimlovchi diafragma f / 1.7 standartli; bosh kameraning qo‘shimcha sensori ham 12 megapikselli, biroq f / 2.4 diafragmali.
Old kameradagi sensor 16 megapikselli, uning yorug‘lik taqsimlovchi diafragmasi f / 2.0. Barcha kameralar "aqlli", ya’ni sun’iy texnologiya yordamida yorqin suratlar olish uchun mustaqil ishlay oladi.
DxOMark’ning hisobotiga ko‘ra, Xiaomi Mi 8 surat olishda 99 ballni (foto uchun 105, video uchun 88) qo‘lga kiritgan.
"Sun’iy aql"ga asoslangan "AI rejimi", ayniqsa ko‘pchilik foydalanuvchilar tomnidan e’tirof etilmoqda. Uning ishlash tamoyili HDR rejimini eslatadi, faqat ranglarni to‘yingan ko‘rinishda aks ettirishga usta.
Aksariyat holatda flagman kamerasida olingan suratlardan ko‘nglingiz to‘ladi. Qorong‘uda bir oz pand berishi mumkin.
Portret rejimi juda yaxshi ishlaydi, ammo orqa fondagi g‘ira-shira tus tabiiydek tuyilmasligi mumkin, biroq bu ko‘pchilik uchun ahamiyatsiz.
20 Mp (Samsung S5K3T, f/2.0, piksel o‘lchami 1.8 mkm) old kamera ham AI rejimida, shuningdek HDR hamda portret rejimida ishlaydi. Umuman olganda, selfilar sizni xursand qiladi.
Devaysda 4K sig‘imli videolar yozish mumkin. Shu bilan birga, unda tasvirni barqarorlashtirish funksiyasi yo‘q. Barqaror tasvir olish uchun 1080p sig‘imli video olgan ma’qul.
Narx-navo
Ayni paytda yurtimizga ham bu ilg‘or devays olib kelinmoqda. Uning Xitoy talqinini (proshivkasi bilan farq qiladi) 4,1 million so‘mdan, xalqaro talqinni esa 4,5 million so‘mdan xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Xiaomi Mi 8 flagmanining 6 GB + 64 GB xotirali talqini Xitoyda 421 AQSh dollaridan, 6 GB + 256 GB xotiraga ega talqini 515 AQSh dollaridan sotilmoqda. Narx hozircha yurtimizda qimmat. Biroq, ko‘p o‘tmasdan, ushbu smartfon modeli ko‘proq kirsa, flagman ancha-muncha arzonlashadi.
Xulosa
Xiaomi Mi 8 modelini Huawei P20 Pro yoki Samsung Galaxy S9 bilan solishtirish xato, biroq uning bu flagmanlarning yarim bahosida sotilishini ham unutmaslik kerak. Xiaomi bu gal kuchli chip, zamonaviy dizayn, yaxshi kamera hamda sifatli ekran texnologiyasini jam qilgan flagmanni taqdim qildi.
Mi 8 bugungi kundagi aksariyat smartfonlarda mavjud bo‘lmagan ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan.
Ulardan birinchisi qiyofani 3D o‘lchamda tekshiruvdan o‘tkazish tizimining joriy qilingani flagmandagi ulkan yutuq. Boisi Xiaomi Mi 8 Android smartfonlar orasida birinchi bo‘lib shunday jihatga ega bo‘ldi. Qorong‘uda ham infra qizil modul foydalanuvchining qiyofasini bemalol tekshiruvdan o‘tkaza oladi.
Texnik jihatlar
O‘rnatilgan operatsion tizim: Android (8.1 Oreo) + MIUI 10;
Operativ xotira: 6/8 GB;
Doimiy xotira: 64/128/256;
Xotirani kengaytirish: Yo‘q;
SIM-karta: 2 ta Nano-SIM;
Protsessor: Qualcomm Snapdragon 845 + GPU Adreno 630 video kartasi;
Yadrolar soni: 8 ta;
Chastota intervali: 2,8 GGs;
Akkumulyator batareya sig‘imi: 3400 mA soat;
Diagonal: 6,21 dyuymli;
Piksel sig‘imi: 2248x1080, har dyuymda PPI 402;
Matritsa turi: AMOLED;
Yorug‘likni sozlash datchigi: bor;
Ekran jihatlari: yorug‘lik darajasi 600 nit, kontrastnost 60000:1;
Bosh kamera: 12 (f/1.8) +12 (f/2.4);
Bosh kamerada video olish: 4K UHD (3840x2160), Full HD (1920x1080), sekinlashtirilgan video;
Fotochaqnoq: qo‘sh, LED;
Old kamera: 20 (f/2.0) Mp;
Ma’lumotlarni yuqori tezlikda uzatish: GPRS/EDGE/3G/LTE
Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, Wi-Fi Direct
Bluetooth 5.0 A2DP, LE, aptX HD
GPS + (A-GPS, GLONASS, BDS, GALILEO, QZSS);
FM-radio: bor;
Audio port: Type C;
NFC: bor;
Interfeys: USB 2.0 (Type S);
Smartfon o‘lchamlari: 154,9x74,8x7,6 mm;
Vazni: 175 gramm;
Korpus: monoblok;
Korpus materiali: alyuminiy, shisha;
Qo‘shimcha: barmoq izi skaneri, infra-qizil skaner (Infrared Face Unlock), masofa datchigi, giroskop, barometr, Holl datchigi, kompas, masofa datchigi, Quick Charge 4.0+ tezkor quvvatlash.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter