Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xavfsiz shahar» bilan «Aqlli shahar» o‘rtasidagi farq nimada?

«Xavfsiz shahar» bilan «Aqlli shahar» o‘rtasidagi farq nimada?

«Xavfsiz shahar» odamlarning xotirjam yashashlarini ta’minlaydigan tizimdir.

Foto: «Disaster Management»

«Xavfsiz shahar» tushunchasi haqida nimalarni bilamiz?  Uning «Aqlli shahar»dan farqi nimada? «Xabar.uz» muxbiri shu kabi savollarga javob topish maqsadida mamlakatimizda «Xavfsiz shahar» qurishga bevosita mas’ul muassasa — Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Asadjon Xo‘jayev bilan suhbatlashdi.

— Asadjon Azatbekovich, suhbatimizni «Xavfsiz shahar» tushunchasiga izoh berishdan boshlasak.

— «Xavfsiz shahar» tizimi — xavf-xatarlarni, favqulodda vaziyatlarni, hodisalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni kompleks boshqarish tizimi bo‘lib, davlat tomonidan aholi hayoti va faoliyatini barcha tashqi (tabiiy, texnogen, ijtimoiy-biologik, ekologik, jinoiy va boshqa) tahdidlardan muhofaza qilish bilan birga, uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa ijtimoiy ob’yektlarni yagona axborot makoniga birlashtiradi.

Bu tizim asosan o‘zining huquq-tartibot birligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu jarayonda amalda barcha o‘rnatiladigan va jamoat tartibi hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini aniqlaydigan kuzatuv kameralari muhim rol o‘ynaydi. Biroq, loyihaning mohiyati birgina voqea-hodisalarni uzluksiz kuzatib borishdan iborat emas, balki ularni joyida aniqlash va oldini olishdadir, zero muammo bevosita uning boshlang‘ich nuqtasidan paydo bo‘ladi. Muammolarni o‘z vaqtida aniqlash esa ularni bartaraf etishga nisbatan xarajatlarni ancha kamaytiradi.

«Xavfsiz shahar» tizimi rivojlangan davlatlarning juda ko‘plab shaharlarida tatbiq etilgan, yangi shaharlarni shu loyiha asosida qurishmoqda. Nihoyat, mamlakatimizda ham bu tizimga start berildi. Bunga Sergeli tumanida amalga oshirilgan ishlar misoldir.

Asadjon Xo‘jayev, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari.
Foto: «Gazeta.uz»

— Qaysi xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganildi?

— Avvalo, «Xavfsiz shahar» bilan «Aqlli shahar» o‘rtasidagi farqni aniqlashtirib olish kerak. Ko‘pchilik bularni bitta tushuncha sifatida qabul qiladilar. Aslida bunday emas. «Aqlli shahar»da AKT imkoniyatlari, innovatsion «nou-xau»lar asosan insonlar ish faoliyatini maksimal darajada yengillashtirishga yo‘naltiriladi. Masalan, yuz tuzilishingiz yoki ovozingizdan tanib uy eshigingizning avtomatik ochilishi, kirib-chiqishda chiroqlarning o‘z-o‘zidan yonib-o‘chishi va hokazo. «Xavfsiz shahar»da esa barcha imkoniyat va qulayliklar shu yerda yashovchilarning hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavfsizligini ta’minlashga qaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, «Xavfsiz shahar» odamlarning xotirjam yashashlarini ta’minlaydigan tizimdir.

Savolingizga kelsak, bu tizim bizda yangilik bo‘lgani uchun, albatta, xorij tajribasi o‘rganildi. AQSh, Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiya va Rossiyada bu borada erishilgan yutuqlar tahlil qilindi va o‘zimizga mos tizim ustida ishlandi. 

«Xavfsiz shahar» yaratish bo‘yicha dunyoda yagona va standart tizim yo‘q, uning konsepsiyalari juda ko‘p. Har bir davlat imkoniyati va shart-sharoitidan kelib chiqqan holda o‘ziga birlamchi bo‘lgan omillarni ko‘zda tutib tizimni ishlab chiqadi.

— Masalan?

— Misol uchun, barcha davlatlarda bu loyiha ehtimoliy tahdidlarga javob qaytarish va ogohlantirish tizimlarini integratsiya qiladi. Yanada soddalashtirsak, tizim inson hayoti va faoliyati xavfsizligi uchun birlamchi bo‘lgan tuzilmalar — sog‘liqni saqlash (tez yordam), ichki ishlar, o‘t o‘chirish, favqulodda vaziyatlar xizmatlarini o‘zaro integratsiyalaydi. Shu to‘rt tuzilma hamma davlatda mavjud va odamlar uchun juda muhim. Endi qaysidir davlat bu ro‘yxatni kengaytirishi mumkin. Masalan, ular safiga ekologiya, qutqaruv, kommunal yoki sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlarini qo‘shish mumkin. Integratsiyalashgan organlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, «Xavfsiz shahar» ahamiyati shuncha ortadi.

Keling, tasavvur qilib ko‘ramiz. Bir joyda kimdir to‘plangan xazonga o‘t qo‘yib yubordi, buni u o‘sha joyni tozalash uchun shunchaki qilgan bo‘lishi ham mumkin. Xo‘sh, bunday vaziyatda birinchi bo‘lib kimga murojaat qilamiz: ichki ishlargami yoki o‘t o‘chirish xizmatiga?

Har ikki organ xodimi kelishi mumkin va albatta surishtiruvlar bo‘ladi o‘ziga yarasha. «Xavfsiz shahar»da bunday vaziyatda birgina raqamni teramiz. Ular qayerda, qaysi manzilda yong‘in bo‘lganini yozib oladi va kerakli xizmatlarga tezkor xabar yuborishadi.

Agar yong‘in kuchli bo‘lsa, uni bartaraf etish uchun albatta o‘t o‘chirish xizmatiga, yong‘indan jabrlanganlar bo‘lsa, tez yordamga xabar beriladi. Tez yordam jabrlangan odam haqida albatta tezkor ma’lumotga ega bo‘ladi: yoshi, jinsi, kuyish yoki yondosh kasalliklari, hatto kasallik tarixidan ko‘chirma ham yuborilishi mumkin. Tez yordam mashinasi uchun ob’yekt joyiga qaysi yo‘nalish bilan tezroq yetib kelish chizmasi ham taqdim qilinadi. Shifokorlar bemorni olib ketish asnosida agar unga operatsiya zarur bo‘lsa, yaqin atrofda qanday klinika borligi, operatsiya xonasi bo‘sh yoki bandligi, qanday jarroh zururligi haqida bazaga ma’lumot taqdim qila oladi. Buning uchun barcha organlar xizmat mashinalari o‘zaro ma’lumot almashish uchun GPS-navigatorlar bilan ta’minlanadi.

Endi yong‘in sodir bo‘lgan joyga qaytsak, agar yong‘in qasddan qilinganiga shubha uyg‘onsa, bu yerga ichki ishlar organini ham jalb qilish mumkin. Yong‘in oqibatida atrof-muhitga zararli tutun tarqalsa, favqulodda vaziyatlar xizmati, tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga ham xabar beriladi. Va albatta bularning barchasi birgina telefon raqamini terish orqali amalga oshiriladi. AQShda bu ish bilan «911» raqamli xizmat shug‘ullanadi. Markaz xodimlari va ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda Sergeli tumanining Sergeli 6A mavzesida «Xavfsiz shahar» yagona xizmati joriy etildi. Ushbu xizmat hozirda test tartibida ishlayapti. Test muvaffaqiyatli o‘tsa, Toshkent shahrida yagona «112» raqamli «Сall-center» tashkil etiladi va respublikamizda quriladigan barcha «Xavfsiz shahar»larda joriy etiladi.

— Sergelidagi «Xavfsiz shahar»da yana qanday ishlar amalga oshirildi?

— Xabaringiz bor, poytaxtimizdagi juda ko‘plab chorrahalarga transportlar harakatini tasvirga oluvchi kuzatuv kameralari o‘rnatilganiga bir muncha vaqt bo‘ldi. Bu ham «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida qilingan ishlar. Bugungi kunda ushbu ishlarning natijasi hammaga ma’lum, ya’ni yo‘l harakati qoidasini buzuvchi haydovchilar va yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamaydi.

Sergelida bu tizim ancha mukammalashtirilgan. Kuzatuv kameralari vazifasini hamma biladi. Bundan tashqari, uylarning tomlariga, yerto‘lalariga «aqlli datchik»lar o‘rnatildi.

— «Aqlli datchik»lar funksiyasi qanday?

 — Ular tabiiy va texnogen hodisalar yuz berganda: tutun, is gazi, olov uchquni, suv quvurlarining yorilib ketishi, zilziladan so‘ng binolarning og‘ish chizig‘i kabilarni zudlikda qayd etadi va ma’lumotlar bazasiga yuboradi. Ma’lumotlarni hatto suratga, videoga olib jo‘natsa bo‘ladi. Buning uchun barcha uy-joy shirkatlari o‘zimizda ishlab chiqarilgan Artel maxsus telefonlari bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, ob-havoni, namlik darajasini, magnit to‘lqinlar miqdorini aniqlab beruvchi o‘lchagichlar o‘rnatilgan. Bularning bari noxush voqealar oldini olish yoki bartaraf etish, eng muhimi, insonlar hayotini saqlab qolish uchun kerak.

Shaharchadagi 50-sonli shahar ichki ishlar bo‘limi ham talab darajasida jihozlangan. Barcha kuzatuv kameralaridagi tasvirlarni bo‘limdagi monitorlar orqali navbatchi xodimlar kuzatib boradi. Hududda bemaqsad yurgan yoki shubhali ko‘ringan har bir kishi bo‘limdagi ma’lumotlar bazasiga kiritiladi va qidiruvda bo‘lgan shaxslar bilan solishtiriladi. Bundan tashqari, ushbu hududda barpo etilgan 55-maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasasi ham videokuzatuv tizimiga ulangan. O‘quvchilarning maktabga kirib chiqishlari hamda darslarni o‘zlashtirishi monitoringini olib borish uchun turniket va elektron jurnal tizimlari joriy etilgan.

Ayni damda markaz mutaxassislari tomonidan vazirlik va idoralarda mavjud tizimlarni o‘rganish hamda ularni «112» yagona xizmat tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

— Xohlaymizmi-yo‘qmi, yuqorida sanab o‘tilgan ishlarni kerakli mutaxassislarsiz amalga oshirish qiyin. Markaz xodimlarining bilimini oshirish borasidagi ishlar qanday ketyapti?

— Tizimni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida, dunyoning turli shaharlarida «Xavfsiz shahar» ADKni joriy qilish va rivojlantirishga hissa qo‘shgan yirik tashkilotlar bilan hamkorlik qilinib, ishchi uchrashuvlar, seminar treninglar o‘tkazilib, chet el tajribalari, kamchiliklari va yutuqlarini o‘rganish maqsadida mutaxassislarning «Xavfsiz shahar» ADK a’lo darajada joriy etilgan davlatlarga xizmat safarlari tashkillashtirilmoqda.

Shuningdek, markaz mutaxassislari tomonidan «Xavfsiz shahar» ADKning tarkibiy qismlari bo‘lgan sinov loyihalari, jumladan, Sergeli 6A mavzesida joriy etilgan «Xavfsiz hudud»,  Toshkent viloyatining Parkent tumanida «Xavfsiz dam olish» loyihasi yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, sayyohlar va mehmonlar uchun xavfsizlikni ta’minlash va zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida markaz mutaxassislari va ichki ishlar xodimlari hamkorligida «Xavfsiz turizm» loyihalari amalga oshirilyapti.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda «Xavfsiz shahar» ADKni tatbiq etish yoshlarning odob-axloqi, haydovchilarimizning transport vositalarini boshqarish madaniyati va yo‘lovchilarning mas’uliyatlarini oshirishga hamda nafaqat o‘zimizning, respublikamizga tashrif buyurayotgan mehmonlarning ham xavfsizliklarini ta’minlashga yordam beradi, deb to‘liq ishonch bilan ayta olamiz.

– Suhbatingiz uchun rahmat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring