Xalqaro innovatsiyalar yarmarkasida allergiyaga qarshi test o‘tkazildi
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan «InnoWeek» xalqaro innovatsion haftaligi doirasida ko‘plab yangiliklar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ajoyibotlar namoyish etilyapti. Haftalik doirasidagi Innovatsiyalar yarmarkasida esa mana shu yangiliklarni nainki ko‘rish, balki ularni o‘zingizda sinab ko‘rish imkoniyati ham bor. Rulsiz, haydovchisiz avtomobilda yurish, muhabbat haqida suhbat qurishni yaxshi ko‘radigan robot bilan dillashuv, virtual reallikda hali faqat xayolingizda bo‘lgan, deylik, uch qavatli uyingizda aylanib yurish…
Mana shunday innovatsion taqdimotlar qatorida ko‘rgazmaga kelganlar o‘z salomatliklariga doir yurtimizda qo‘llanilmagan eng zamonaviy testdan o‘tish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu allergiya diagnostikasining yangi tizimi bo‘lib, unda tekshiruvdan o‘tish istagidagi haftalikka kelgan mehmonlarning allergiyaga moyilligi molekulyar darajada tekshirildi.
Odatda har qanday yirik shahar aholisining 30 foizi allergiyadan aziyat chekadi. Ular nima uchun bu kasallikka chalingani-yu, aynan nimadan allergiyasi borligini aniqlaguncha anchagina vaqt, pul sarflaydi, asabiylashadi, qichishish, achishish, ko‘z yoshlanishi kabi o‘nlab allergiyaga xos noqulayliklardan qanday qutulishni bilmay sarson bo‘ladi.
Avstriyaning «Macro Array Diagnostics» GmbH ilmiy-tadqiqot kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan «ALEX» testi oz miqdordagi qondan allergiya rivojlanishining 282 ta potensial trigger faktorini bir martalik tekshiruv natijasida aniqlash imkonini beradi. «ALEX» testini oddiygina tibbiyot laboratoriyalarida o‘tkazish mumkin, laboratoriyalarni qimmatbaho uskunalar bilan jihozlash ham talab qilinmaydi. Bu testdan bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda samarali foydalanib kelinayotgani ham e’tiborga loyiqdir.
— Shaxsan meni va kompaniyamizni «InnoWeek» innovatsiyalar haftaligida ishtirok etish uchun taklif qilishganidan bag‘oyat xursandman. Allergiyaning boshlang‘ich bosqichidayoq uni davolash imkonini beradigan testimiz, haqiqatan ham O‘zbekistonning innovatsion rivojlanishiga xizmat qiladi deb hisoblayman, — dedi «Macro Array Diagnostics» kompaniyasi bosh direktori Kristian Xarvanegg.
«ALEX» bir martalik ishlatishga mo‘ljallangan kartrij asosidagi test tizimidir. Kartrij o‘simlik changi, uy changi, yong‘oq, mevalar va hokazolarning 282 allergik manbalarining oqsillariga ega. Muolaja davomida mijoz zardobidagi allergen-spetsifik IgE-antijismlar tegishli oqsillarga bog‘lanib, kimyoviy reaksiya hosil bo‘ladi. Mana shu reaksiya «Macro Array Diagnostics» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan tahliliy asbob yordamida o‘lchanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi mana shu innovatsion texnologiya asosida aholining allergik pasportini joriy qilish, buning oqibatida kasallikni oson va tez davolash yoki uni oldini olishga erishishni rejalashtirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter