«Ucell» texnik qayta jihozlashga sarmoya kiritmoqda (video)
2022-yilning birinchi yarmida «COSCOM» MChJ («Ucell» savdo belgisi) O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishga 50 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning asosiy yo‘nalishi butun mamlakat bo‘ylab baland sifatli aloqa va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashdan iborat.
O‘tgan yilning kuzidan boshlab «Ucell» butun O‘zbekiston bo‘ylab yangi tayanch stansiyalarini bosqichma-bosqich qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish dasturini Qoraqalpog‘istonning eng olis nuqtasidan Surxondaryoning tog‘li qishloqlarigacha amalga oshirmoqda.
O‘tgan yili bir necha yuz stansiya qurilib, modernizatsiya qilingani tufayli ko‘plab hududlarda uyali aloqa sezilarli darajada yaxshilandi. Bir qator qishloqlarda internet birinchi marta paydo bo‘ldi. 2022-yil uchun rejalar undan ham yuqoriroq.
«2022-yilning 7 oyida 247 ta yangi ob’yekt foydalanishga tayyorlandi. Yil oxirigacha butun mamlakat bo‘ylab bir necha yuzta yangi ob’yektlarda montaj ishlarini yakunlash niyatidamiz. Shuningdek, yil boshidan buyon 485 ta tayanch stansiyalari modernizatsiya qilindi. Yil oxirigacha, yanvar oyida va’da qilganimizdek, 800 dan ortiq tayanch stansiyalari modernizatsiya qilinadi», — dedi «Ucell» bosh direktori Andrey Shishkovskiy.
Kompaniyada tarmoqning barqaror ishlashi uchun asos bo‘lgan aloqa vositalarining energiya xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil boshidan buyon 328 ta tayanch va kommutatsiya stansiyalarida akkumulyatorlar almashtirildi. Jami 3472 dona yangi akkumulyatorlar o‘rnatilib, bu ishlar davom ettirilmoqda.
Tarmoqlardan foydalanish xizmati mutaxassislari infratuzilma va aloqa vositalarini o‘z vaqtida ta’mirlash, nosoz qismlarni aniqlash va almashtirish bo‘yicha 24/365 kun ish olib boradi. Tayanch stansiyalari va kommutatsiya markazlarining elektr ta’minoti tizimlari muntazam ravishda tekshiriladi va sinovdan o‘tkaziladi. Dizel generatorlari va konditsionerlarga xizmat ko‘rsatiladi va ular ta’mirlanadi. Antenna-machta qurilmalarining tekisligi va kabellarning kuchlanishi ta’minlanadi.
Internet foydalanuvchilari uchun foydali ma’lumot: «Ucell» 4G tarmog‘i sezilarli darajada kengaydi va bugungi kunda yirik shahar va aholi punktlari hududining 85,2 foizini qamrab oladi. Taqqoslash uchun: 2018 yilning dekabrida O‘zbekistonda 4G qamrovi atigi 9,1 foizni tashkil qilgan. «Ucell» 4G tarmog‘ining qamrov doirasi har oy kengayishda davom etmoqda.
«Ucell» beshinchi avlod uyali aloqalarini joriy etish bo‘yicha birinchilar qatorida bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi: Toshkentning markaziy qismlarida «Nokia» va «Huawei» uskunalari asosida 5G ni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Samarqandda «ZTE» uskunalarida 5G ni joriy qilish yakunlandi: hozirda 5G xalqaro aeroportda, «Silk Road Samarkand» sayyohlik markazida va shaharning markaziy tumanlarida ishlamoqda.
Yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan uyali aloqa operatorlari uchun biznes yuritish shartlari sezilarli darajada yaxshilandi. Qabul qilinishi uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan mazkur hujjat telekommunikatsiya korxonalarining infratuzilmani kengaytirish borasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Jumladan, aloqa operatorlari tomonidan hamda mamlakatimizda aloqa infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida olib kirilayotgan asbob-uskunalar, dasturiy ta’minot, materiallar va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.
Buning sharofati bilan «Ucell» kompaniyasi mamlakatimizning barcha hududlarida yangi tayanch stansiyalarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli dasturni yanada jadalroq amalga oshirmoqda.
Ish sur’ati «Ucell» kompaniyasining xalqaro standartlarga muvofiq telekommunikatsiya infratuzilmasini tubdan texnik qayta jihozlash va shakllantirish bo‘yicha investitsiya rejalari to‘liq amalga oshirilishidan dalolat beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter