Toshkent metrosi bekatlarida bepul Wi-Fi va elektron to‘lov ishga tushadi
Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirish va keng targ‘ib qilish maqsadida «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi tomonidan sinov tariqasida metro bekatlarida bepul, tezligi 512 Kbit/s bo‘lgan Wi-Fi o‘rnatildi, deb xabar bermoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.
Hozirgi kunda «Alisher Navoiy» va «Paxtakor» bekatlarida tarmoq ishlab turibdi. Mazkur xizmatdan O‘zbekiston Respublikasining har qanday mobil aloqa operatori abonenti foydalanishi (SMS-kodi orqali avtorizatsiyadan o‘tgandan keyin) mumkin.
Ayni paytda poytaxtimizdagi barcha metro bekatlarida internetga Wi-Fi texnologiyasi orqali bepul ulanishni kengaytirish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Mazkur loyiha «Independent Telecom innovations» IT-kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Yana bir e’tiborga molik jihati, sinov tariqasida «Bodomzor» va «Mustaqillik maydoni» bekatlarida joriy qilingan elektron to‘lovlar tizimi boshqa bekatlarda ham keng joriy qilinadi. Unda zamonaviy avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi, ya’ni NFC dasturini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihaga ko‘ra, mobil aloqada mavjud bo‘lgan hisoblardan ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter