Sun’iy tafakkur: qudratli texnologiyalar va donishmandlik poygasi
Ilm-fanning mislsiz taraqqiyoti olimlarni kelajagimizga nisbatan yondashuvga yanada ko‘proq optimist bo‘lishga undamoqda. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin yuz yilda kompyuterlar odamlarga nisbatan aqlliroq bo‘ladi. Bu mavzu fantast yozuvchilarga ham, kinoijodkorlarga ham begona emas. Allaqachon ekranlarimiz yuzini ko‘rgan «2001: Fazoviy odisseya», «Terminator», «Temir odam», «Men, robotman», «Sun’iy aql», «Yulduz yo‘li», «Begona», «Yovuzlik egasi»... singari bir-biridan qiziqarli filmlarni barchamiz sevib tomosha qilganmiz. Yoki o‘zimizning milliy kino – «Temir xotin»ni eslang. Ular fantastika, triller, jangari, drama, melodrama, sarguzasht kabi turli janrlarda ishlangan, ammo barchasining voqealari bitta nuqtada kesishadi: inson xayoloti mahsuli bo‘lgan sun’iy aql (robot) to‘liq fikrlashni boshlaydi, mustaqil harakatlanadi va alaloqibat – insoniyatni yo‘q qilishga yoki unga bo‘ysunishga qaror qiladi.
Demak, bugungi mavzuimiz... Yo‘q, kino borasida emas, balki ulardagi «qahramonlar» yaratilishiga asos bo‘lgan inson aqliy qobiliyatining ilm-fandagi in’ikosi – sun’iy tafakkur xususidadir.
Tafakkur bahsi
Avvalo ta’kidlash joiz, ilm-fan taraqqiyotining har qanday yutug‘i insoniyat mushkulini oson qilishga, uning muammolarini qisman bo‘lsa-da hal etishga xizmat qilishi kerak. Shunday bo‘lyapti ham: yillar davomida fazodan mustaqil tarzda turli ma’lumotlarni Yerga jo‘natishdan tortib tabiiy va texnogen hodisalar vaqtida inson kirishi imkonsiz joylarga ham yetib borayotgan, jarrohlar ko‘zi va barmoqlari ilg‘amaydigan eng mayda to‘qimalargacha mufassal tekshira olayotgan aynan shu katta-kichik sun’iy onglashtirilgan turli robotlar, mashinalaru uskunalardir. Avvaliga xizmat ko‘rsatish joylari, bemorlar va yolg‘iz keksalarga ko‘mak uchun ishlab chiqilgan bunday «temir odamlar» yildan-yilga har tomonlama takomillashib, fikrlashda insoniyat bilan bahslashishga shay turibdi, go‘yo. Ya’ni, bir davrlar o‘ziga qanot bog‘lab uchmoqni orzulagan odamzod avlodlari bugun temirga «jon kiritish» ustida bosh qotirmoqda.
Tarixga nazar
Sun’iy tafakkur (sun’iy intellekt) sohasida dastlabki ishlar o‘tgan asrning o‘rtalarida boshlangan. Garchi muayyan g‘oyalarni O‘rta asr matematik va faylasuflari bergan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar ixtirochisiga aylanish ingliz matematigi va kriptografi Alan Tyuring (1912-1954)ga nasib etdi. Xususan, XX asr boshlaridayoq shaxmat muammolarini hal etish imkoniyatiga ega mexanik qurilma taqdim etilgan edi. Ammo bu yo‘nalishning hozirgidek shakllanishi o‘tgan yuz yillik o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Sun’iy tafakkur bo‘yicha, avvalo, inson tabiati, atrof-olamni anglash yo‘llari, tafakkur jarayoni imkoniyati va boshqa sohalar haqidagi tadqiqot ishlari dunyo yuzini ko‘rdi. Ayni shu vaqtda ilk kompyuterlar va algortmlar paydo bo‘ldi. Bu bilan tadqiqotlarning yangi yo‘nalishi uchun poydevor qo‘yilan edi.
Alan Tyuring 1950-yili kelajak mashinalari imkoniyatlari, shuningdek, ularning aql jihatidan insonni ortda qoldirishga qodirligi haqidagi savollar o‘rtaga tashlangan maqola chop etadi. Aynan shu olim keyinchalik o‘zining nomi bilan atalgan tartibni ishlab chiqdi: Tyuring testi.
Bu olimning nashr etilgan ishidan so‘ng sun’iy tafakkur sohasida yangi tadqiqotlar paydo bo‘la boshladi. Tyuring fikricha, muloqot vaqtida fikrlashda insondan farq qilmaydigan mashinanigina tan olish kerak. Taxminan olim maqolasi chop etilgan bir vaqtda «Baby Machine» deb nom olgan konsepsiya dunyo yuzini ko‘rdi. Sun’iy tafakkurni rivojlantirish va mashina yaratish uchun unga kiritilgan fikrlash jarayoni dastlab bola darajasida shakllantirildi, keyinchalik bosqichma-bosqich takomillashtirildi.
«Sun’iy tafakkur» atamasi esa keyinroq paydo bo‘ldi: 1956-yilning yozida AQShning Dartmut universitetida sun’iy tafakkur masalalari bo‘yicha anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Jon Makkarti (Dartmut universiteti), Marvin Minski (Garvard universiteti), Klod Shennon (Bell Laboratories), Nataniel Rochester (IBM), Gerbert Saymon (Karnegi universiteti, Trenchard Mur (Prinston universiteti) singari o‘nlab olimlar ishtirok etdi hamda mavzu bo‘yicha ma’ruza qilgan amerikalik informatik Jon Makkarti (1927–2011) «Artificial Intelligence» («Sun’iy tafakkur») atamasi muallifi sifatida tarixda qoldi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega mashinalarni faol rivojlantirish boshlandi. Mazkur sohada yangi texnologiyalarni yaratishda ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni faol moliyalashtirgan harbiy muassasalar muhim rol o‘ynadi. Keyinchalik bu sohadagi ishlar yirik kompaniyalarni ham qiziqtirib qo‘ydi.
Zamonaviy hayot tadqiqotchilar oldiga yanada ko‘p murakkab vazifalarni qo‘ya boshladi. Shu bois sun’iy tafakkur, o‘zining paydo bo‘lgan davriga nisbatan, mutlaqo boshqacha shart-sharoitlarda rivojlana bordi. Globallashuv jarayonlari, raqamli tarmoqdagi huquqbuzarliklar (xakerlar) faoliyati, internet taraqqiyoti va boshqa muammolar – bularning bari olimlar oldiga sun’iy tafakkur sohasidagi murakkab vazifalarni hal etish vazifasini ko‘ndalang qo‘ydi.
Ushbu sohada so‘nggi yillarda erishilgan muvaffaqiyatlar (masalan, avtonom texnikalarning paydo bo‘lishi)ga qaramay, haqiqatda sun’iy intellektni yaratishga ishonmaydigan tanqidchilarning ovozi hamon tingani yo‘q – ularning fikricha, bu u qadar qobiliyatli dastur emas.
Faylasuflar insoniy intellekt tabiati va uning maqomi qanday bo‘lishi haqida yakdil fikrga kelisholganicha yo‘q. Sun’iy tafakkurga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda sun’iy tafakkurni hal etish bilan bog‘liq ko‘plab g‘oyalar uchraydi. Shuningdek, ushbu masalada qanday mashinani aqlliroq sanash mumkin, degan yagona tushuncha mavjud.
Tadqiqot yo‘nalishlari
Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari ikki yo‘nalishda rivojlanmoqda:
- Pastga (semiotik). U nutq, fikrlash va his-tuyg‘u kabi yuqori darajadagi ruhiy jarayonlarni bildiruvchi yangi tizimlar ishlanmalari va bilim asoslarini taqdim etadi.
- Yuqoriga (biologik). Bu yondashuv biologik jarayonlar nuqtai nazaridan aqlli xatti-harakatlar modellarini yaratuvchi neyron tarmoqlar sohasida tadqiqotlar o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Bu yo‘nalish bazasini neyrokompyuterlar tashkil qiladi.
Tyuring testi
Tyuring testi sun’iy intellekt (mashinalar)ning inson singari fikrlash qobiliyatini belgilaydi. Ushbu yondashuvning umumiy tushunchasi xatti-harakati oddiy vaziyatlarda inson faoliyatidan hech qanday farq qilmaydigan sun’iy ong yaratishni o‘z ichiga oladi. Aslida, Tyuring testi mashinaning aqliy qobiliyati, agar u bilan muloqot mobaynida kim gapirayotganini – mexanizmmi yoki tirik odam, tushunish imkonsiz bo‘lgandagina muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’kidlaydi. Ya’ni, mashina his qila olsa va yaratish imkoniyatiga ega bo‘lsagina haqiqiy sun’iy intellekt bo‘la oladi. Faqat bu yondashuv amaliy foydalanish ta’rifiga bardosh bera olmaydi. Masalan, atrof-muhit (sovuq, issiq va hokazo) o‘zgarishlariga munosabat bildirish qobiliyatiga ega mashinalar allaqachon yaratilgan. Faqat ular buni odamlar qanday bajara olishini his qilishga qodir emas.
Sarmoyaviy taraqqiyot
«Gartner» kompaniyasi ekspertlari taxminicha, 2020-yilga borib, barcha ishlab chiqariladigan dasturiy ta’minotlarda amalda sun’iy tafakkur texnologiyalari qo‘llaniladi. Shuningdek, mutaxassislar raqamli sohada 30 foizga yaqin sarmoya aynan sun’iy tafakkurga yo‘naltirilishini taxmin qilishmoqda. Kompaniya tahlilchilari fikricha, bu yo‘nalish inson va mashinalar kooperatsiyalari uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Shu bois insonning sun’iy tafakkurga intilishini to‘xtatish imkonsiz va kelajakda bu jarayon yanada tezlashadi.
«PwC» kompaniyasi 2030-yilga borib, yangi texnologiyalarning tezkorlik bilan joriy etilishi hisobiga jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi taxminan 14 foizga oshadi, deb hisoblamoqda. Mazkur o‘sishning 50 foizi ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlaydi. Ko‘rsatkichning ikkinchi yarmini esa mahsulotlarga sun’iy tafakkurni joriy etish hisobiga qo‘lga kiritilgan qo‘shimcha foyda tashkil qiladi.
Sun’iy tafakkurdan foydalanishdan dastlab AQSh natijaga erishadi, boisi bu mamlakatda sun’iy tafakkur mashinalari ekspluatatsiyasi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratilgan. Kelajakda esa AQShni mahsulot va uni ishlab chiqarishga shunday texnologiyalarni kiritib, eng yuqori darajada foydaga erishgan Xitoy ortda qoldiradi.
«Saleforce» kompaniyasi ekspertlari ma’lum qilishicha, sun’iy tafakkur kichik biznes samaradorligini taxminan 1,1 trillion dollarga oshirish imkonini beradi. Va bu 2021-yilga borib sodir bo‘ladi.
Shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish, jarayonlarni avtomatlashtirish qo‘shimcha 800 ming ish o‘rnini yaratishga imkon beradi (o‘z navbatida, ekspertlar bu ko‘rsatkich ish o‘rinlarini qisqartirishini ham va bu jarayonlarni avtomatlashtirish natijasida sodir bo‘lishini ta’kidlashmoqda). Tahlilchilarning prognoziga ko‘ra, kompaniyalar o‘rtasidagi so‘rovnomalar natijalariga asoslanganda, ularning ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirishga xarajatlari 2020-yilda taxminan 46 milliard dollargacha o‘sadi.
Sun’iy ong insoniyat uchun xatarli...mi?
Ingliz nazariyotchi-fizigi, ilm-fan targ‘ibotchisi Stiven Xoking fikricha, sun’iy tafakkur taraqqiyoti kelajakda insoniyat tanazzuliga sabab bo‘ladi. Olim sun’iy tafakkurning bu zaylda joriy etilishi odamlar ahvolini asta-sekin yomonlashtiradi, deb hisoblaydi. Chunki, bunday evolyusiyaviy sharoitlarda inson yashab qolish uchun doimiy kurashda bo‘ladi va bu jarayon albatta uni halokatga olib keladi.
Butunjahon iqtisodiy forumi mutaxassislari ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish natijasida 2020-yillarga borib dunyodagi 7 millionga yaqin odam o‘z ish joylaridan mahrum bo‘ladi. Sun’iy tafakkurni joriy etish iqtisodiyotda kutilmagan o‘zgarishlarga salmoqli hissa qo‘shish bilan birga, ma’lumotlarni qayta ishlashga aloqador bir qator mutaxassisliklarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi – sun’iy intellekt jismoniy mehnat talab qiladigan va axborotlarni qayta ishlovchi, masalan, chakana savdo, mehmonxona xodimi va shu kabi boshqa kasblarni egallab oladi.
Amerika kompaniyalari mutaxassislari joriy yuz yillik o‘rtalariga borib, dunyo bo‘yicha ish o‘rinlari soni qariyb 50 foizga qisqarishiga ishonishadi. Odamlar o‘rnini anolog operatsiyalarni bajara olish imkoniga yoki juda yuqori samaradorlikka ega mashinalar egallaydi. Hatto ekspertlar ushbu taxmin belgilangan muddatdan ancha oldin boshlanishini ham istisno etishmayapti.
Robotlar ham soliq to‘lasin
Boshqa tahlilchilar robotlarga murojaat qilishning zararli tomonlari haqida bong urishmoqda. Masalan, «McKinsey» ekspertlari robotlar odamlardan farqli o‘laroq soliq to‘lamasliklariga e’tibor qaratishgan. Ularning fikricha, budjetga soliqlar tushishi hajmi sezilarli kamayishi oqibatida davlatlar infratuzilmani avvalgidek qo‘llab-quvvatlay olmaydi. Shu bois «Microsoft» asoschisi Bill Geyts robotlashtirish texnikalariga yangi soliq kiritish taklifini ilgari surgan.
Bill Geyts sun’iy intellekt texnologiyalari rivoji insoniyatni tashvishga solishi kerak, deb hisoblaydi. «Men super-tafakkur taraqqiyoti istiqbolidan xavotirlanayotganlar bilan birgaman, – deydi Bill Geyts. – Dastavval mashinalar biz uchun ishlarning katta qismini bajarishadi, ammo ular hali super-tafakkurga ega emas. Agar ularni to‘g‘ri boshqara olsak, albatta bu yaxshi. Biroq, bir necha o‘n yillardan so‘ng sun’iy tafakkur yetarli darajada rivojlanadi va bu xavotirlanishga sabab bo‘la oladi. Negadir ayrim olimlar ushbu muammoga yetarlicha e’tibor qaratishmayapti».
O‘z navbatida, «Tesla» kompaniyasi asoschisi Elon Mask 2015-yili Massachusets texnologiyalar institutida bo‘lib o‘tgan anjumanda sun’iy tafakkurni «asosiy ekzistensial (hayotiy) tahdid» deb atagan edi. Ammo, sun’iy tafakkur taraqqiyotini «do‘stona» qo‘llab-quvvatlashga millionlab dollar sarmoya taklif qilgan ham aynan u. Masalan, ushbu anjumandan sal oldinroq milliarder sun’iy tafakkur xavfsizligi bo‘yicha «Future of Life Institute» tadqiqotlariga 7 million sarflagan. 2014-yili esa bu maqsadlar uchun 10 mln. dollar yo‘naltirgan va «aqlli» kompyuter tizimlari nazorati bo‘yicha 300dan ortiq (ularning qirqqa yaqinini shaxsan o‘zi eng istiqbolli g‘oyalar deb hisoblaydi) tadqiqot loyihalariga ega bo‘lishga ham ulgurgan.
Shunga qaramay milliarder sun’iy intellektning tez sur’atlarda rivojlanishi bo‘yicha o‘z xavotirlarini hech qachon yashirmaydi. Intervyularidan birida u bu texnologiya «yadro qurolidan ham xavfliroq bo‘lishi mumkin, odamlar esa bugun sun’iy ongning rivojlanish salohiyatini yetarlicha baholashmayapti», deya ochiq aytgan edi. Xo‘sh, nega unda ushbu sohani moliyalashtiryapti? Bu savolga Elon Mask shunday izoh beradi: «Bu istiqbolli loyihalarga sarmoya emas va men bundan foyda olishni ko‘zlaganim yo‘q. Men shunchaki sun’iy tafakkur taraqqiyoti bilan bog‘liq vaziyatlarni nazorat qilishni xohlayman xolos. Agarda nazorat mexanizmi yetarlicha kuchli bo‘lmasa, «Terminator» filmi ssenariysi yaqin kelajakda real voqelikka aylanishi mumkin».
Xullas, xavotirlar qanchalik o‘rinli va bu qachon yuz beradi — bunisi qorong‘u. Faqat, Elon Maskning sun’iy tafakkur ishlab chiquvchilarga jarayon ustidan nazoratni saqlash muhimligini alohida ta’kidlab yo‘llagan maktubida keltirilganidek, kompyuterlarning maqsadi bizning xohish-istaklarimizga mos kelishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmog‘imiz zarur. Bir so‘z bilan aytganda, kelajagimiz – o‘sib borayotgan qudratli texnologiyalar va donishmandlik o‘rtasidagi poygada qaysi jihat g‘olib bo‘lishiga bog‘liq.
Usmonjon Yo‘ldoshev, «Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter