Kelajak salohiyatini ochib berish: Huawei ta’lim sohasini raqamli o‘zgartirish uchun keng qamrovli yechimlarni taqdim etdi

2025 yil 19 may kuni Toshkentda Huawei Tech Carnival 2025 tadbiri doirasida Huawei kompaniyasi ThinkAI: Smart Education Forum forumini o‘tkazdi. «Intellektual dunyoni jadallashtirish» umumiy mavzusi ostida o‘tkazilgan tadbirda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi ta’lim muassasalarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha innovatsiyalar taqdim etildi.
Forum ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov raqamli ta’limni rivojlantirishda davlat-xususiy sheriklik muhimligini ta’kidladi.

«Yoshlarni raqamli ko‘nikmalar bilan ta’minlash bizning milliy ustuvor vazifamizdir. Ushbu maqsadni amalga oshirishda Huawei kompaniyasi bilan hamkorlik muhim omil bo‘ldi. 15 ta yetakchi universitetda AKT akademiyalarining ishga tushirilishi, xalqaro sertifikatlashning qo‘llab-quvvatlanishi va tanlovlarning o‘tkazilishi ta’limni o‘quv auditoriyalaridan tashqariga olib chiqishga yordam berdi. Birgalikda biz yosh iste’dodlarga sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, 5G va boshqa sohalarda muvaffaqiyat qozonishga yordam beramiz, raqamli inklyuziyani haqiqiy yutuqlarga aylantiramiz», - deya qo‘shimcha qildi mulozim.
Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Sun Lyan (Song Liang) o‘zining tabrik nutqida kompaniyaning intellektual AKT yechimlari orqali ta’limda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga intilishini ta’kidladi.

«Bizning vazifamiz texnologiyalarni taqdim etishdan tashqariga chiqadi. Biz talabalarni ertangi raqamli iqtisodiyotga tayyorlaydigan ta’lim muhitiga poydevor qo‘ymoqdamiz, - dedi Sun Lyan. - Bugun forumda innovatsiyalar va ularning ijobiy ta’sirini ochib bermoqdamiz. Zamonaviy ta’lim moslashuvchan, immersiv va intellektual bo‘lishi kerak. Biz nafaqat sun’iy intellekt davri uchun iste’dodlarni shakllantiramiz, balki sun’iy intellektning o‘ziga iste’dodlarga xizmat qilish imkoniyatini ham beramiz. Butun dunyo bo‘ylab o‘quvchilar uchun yanada aqlli va inklyuziv kelajakni birgalikda quramiz».
Arab Ligasi Ta’lim, madaniyat va fan tashkiloti (ALECSO) AKT departamenti direktori, YuNESKO IITE Boshqaruv kengashi vitse-prezidenti,professori Muhammad Jemni (Mohamed Jemni) «Arab mintaqasida sun’iy intellektga asoslangan oliy ta’limning raqamli transformatsiyasi» mavzusida ma’ruza qildi. U ta’limning global rivojlanishini, jumladan, AKT iste’dodlarini tayyorlashni ilgari surishda YuNESKO va Huawei o‘rtasidagi hamkorlikni qayd etdi.

Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Mehedi Hasan Limon barcha ssenariylar uchun Huawei Smart Education 1+3 yechimini taqdim etib, uning raqamli ta’lim, «aqlli» auditoriyalar, ilmiy tadqiqotlar va kampuslarni boshqarishdagi afzalliklarini namoyish etdi. Ta’limni o‘zgartirishda bulutli texnologiyalar va sun’iy intellektning ulkan ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
«Bizning yechimlarimiz dunyo bo‘ylab 2800 dan ortiq universitet va 500 ming maktabda allaqachon joriy etilgan. Biz raqamli ta’limni yanada qulay, integratsiyalashgan va kelajakka tayyor qilishga intilamiz, - dedi Mehedi Hasan. - Ushbu forum doirasida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda rasman ishga tushirilgan Digital Training 2.0 ta’lim muassasalariga yangi avlod AKT mutaxassislarini tayyorlash uchun keng ko‘lamli va aqlli texnologiyalarni taqdim etadi.
Asosiy tarmoqlarning raqamli transformatsiyasi
Ushbu tadbir Huawei kompaniyasining raqamli transformatsiyaga o‘ziga xos yondashuvini ta’kidladi. Kompaniyaning ta’lim yechimlari kelajakka mo‘ljallangan, kengaytiriladigan va muassasalarning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga moslashish uchun ishlab chiqilgan. Ularni joylashtirish va boshqarish oson, bu esa joriy etish murakkabligini va texnik to‘siqlarni kamaytiradi. Yechimlar AKTni joriy etishning tarmoqlararo tajribasidan foydalangan holda turli sohalarga moslashtiriladi. Barcha takliflar Huawei kompaniyasining global tajribasi va hamkorlar ekotizimiga asoslangan keng qamrovli ekspertiza tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Ta’lim muassasalariga xarajatlarni kamaytirish va shu bilan birga samaradorlik va natijalarni oshirish bo‘yicha bosim ortib borayotgan bir paytda, Huawei ushbu muhim xizmatlarning kelajagini o‘zgartirish uchun hamkorlar bilan birgalikda yechimlarni ishlab chiqishga intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.
ThinkAI: Smart Education forumi turli sohalarda raqamli transformatsiyani rag‘batlantiruvchi ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish uchun 1500 dan ortiq sanoat yetakchilari, texnologik ekspertlar va hamkorlarni birlashtirgan keng ko‘lamli mintaqaviy Tech Carnival tadbirining ajralmas qismiga aylandi. 50 dan ortiq ko‘rgazma maydonchalari va interaktiv forumlar orqali tadbir aloqalar o‘rnatish, bilim almashish va biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mukammal platformani taqdim etdi.
Tech Carnival & Partner Summit 2025 va Think AI: Smart Education forumi haqida batafsil ma’lumot: https://e.huawei.com/ae/events/2025/ae/tech-carnival
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter