Rossiyalik amaldorlar «Telegram» sababli VPN-servislarni ham bloklashga tayyor
Rossiya davlat Dumasining axborot siyosati qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Vladimir Krupennikov agarda «Roskomnadzor» «Telegram» messenjerini butunlay bloklay olmasa, Rossiya qonunchiligiga favqulodda o‘zgartish kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi. Xususan, davlat Dumasi VPN-servislarga qarshi yangi qonunlarni qabul qilishi mumkin, deb xabar beradi «NV.ua».
«Roskomnadzor» «Telegram»ni bloklashni boshlashi bilan bizning ijrochi organlarimizda sud qarorining amalga oshishini ta’minlash uchun yetarlicha huquq mavjudmi degan savol tug‘ilmoqda. Agarda qonunchilik borasida qo‘shimcha tashabbus kerak bo‘lib qolsa, biz uni tezlik bilan joriy etamiz», — deydi Krupennikov.
Deputatning so‘zlariga qaraganda, «Roskomnadzor» bloklash jarayonini boshlashi bilan qo‘shimcha chora yoki yangi qonunlar kerak yoki kerak emasligi ayon bo‘ladi.
«Roskomnadzor» bugunga qadar bu turdagi keng ko‘lamli bloklashga duch kelmagan. Biz kerak bo‘lsa «Telegram»ga ulanish uchun vosita bo‘ladigan VPN-servislarini ham taqiqlashga tayyormiz», — dedi Krupennikov.
Eslatib o‘tamiz, 13-aprel kuni Moskva shahri Tagansk tuman sudi «Telegram» messenjerini Rossiya hududida bloklash bo‘yicha qaror chiqargandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter