Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamlashtirish Markaziy Osiyo mamlakatlarida qanday kechmoqda?

Raqamlashtirish Markaziy Osiyo mamlakatlarida qanday kechmoqda?

COVID-19 pandemiyasi raqamli texnologiyalar biz uchun o‘ylaganimizdan ham ko‘proq kerakligini isbotlovchi achchiq haqiqat bo‘ldi. Virusning kirib kelishi, karantin, izolyasiya... kutilmagan texnologik oqibatlar odamlarni ham, hukumatlarni ham shoshiltirib qo‘ydi. Iqror bo‘lish kerak, ayni bir paytda mamlakatlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va raqamli xizmatlarning qanchalik tayyorligi va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazgan ham — pandemiya.

Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari (COVID-19 rasman qayd etilmagan Turkmanistondan tashqari) davom etayotgan pandemiya bilan kurashmoqda. Virus tarqalishining oldini olish uchun 2020 yildan juda qattiq choralar qo‘llanilishi boshlandi: mutlaq karantin, masofadan ishlash, onlayn ta’lim, onlayn davlat xizmatlari, avtomatlashtirilgan chat-botlar tashkil etildi. Ammo ushbu raqamli xizmatlarni amalga oshirish AKT infratuzilmasiga, xususan, internetga ulanish qamrovi, tezligi va kuchiga bog‘liq edi. Milliy raqamli strategiyalar, davlat xizmatlari va elektron hukumatni raqamli amalga oshirish darajasi ham mamlakatlarning izolyasiya sharoitida pandemiyaga qarshi kurashdagi natijalarida bevosita aksini topdi.

Qozog‘iston

Qozog‘iston pandemiyagacha raqamli texnologiyalarni joriy etishda Markaziy Osiyo yetakchisiga aylangan edi. «Raqamli Qozog‘iston» dasturiga 2017 yilning dekabrida start berilgan. Shimoliy qo‘shnimiz 2008 yilda ishga tushirilgan elektron hukumati bilan mintaqadan tashqarida — Osiyo va jahonda ham tilga tushgan.

Bu yutuqlarni yanada mustahkamlash uchun so‘nggi yillarda davlat xizmatlari va yangi texnologiyalar to‘g‘risida bir nechta yangi qonunlar qabul qilindi. Qozog‘istonda 2020 yildayoq davlat xizmatlarining 83 foizi elektron hukumat tizimi zimmasiga o‘tdi (Zerde, 2020).

BMTning so‘nggi e’lon qilingan elektron hukumatlar reytingida Qozog‘iston 29-o‘ringa ko‘tarildi (2018 yilda 39-o‘rinda edi). Mamlakat elektron ishtirok va ochiq hukumat indeksi juda yuqori mamlakatlar qatorida (BMT, 2020).

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 2019 yilda «Raqamli Qirg‘iziston 2019–2023» raqamli shakllantirish milliy dasturi konsepsiyasi qabul qilingan. O‘sha yili «Qirg‘izistonda raqamli raqamli rivojlanish va raqamlashtirish yili» deb e’lon qilingan.

Bunga qadar 2017 yilda hukumat milliy raqamli infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan «Taza Koom» raqamli shakllantirish dasturini ham qabul qilgandi.

Mamlakatda internet qamrovi darajasi va narxlarining yuqoriligi kabi muammolar mavjudligiga qaramasdan, elektron hukumat tizimi — e-kyzmat aholi uchun taqdim etilayotgan elektron xizmatlarini muntazam kengaytirib boryapti, 2023 yilga borib barcha davlat xizmatlarining 80 foizini elektron hukumat platformasiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

BMTning 2020 yilgi reytingida, Qirg‘iziston 83-o‘rinni band etdi. Mamlakatning  EGDI (e-Government Development Index) va elektron ishtirok indeksi yuqori, shu bilan birga, davlat ma’lumotlari ochiqligi indeksi o‘rtacha baholangan.

Tojikiston

Tojikiston «2012–2020 yillarda elektron hukumatni shakllantirish konsepsiyasi»ni 2011 yilda taqdim etgandi. Uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu konsepsiya belgilangan muddatidan ancha kechikdi: internetga ulanish darajasining pastligi va narxlarining qimmatligi (jumladan, internet uchun joriy etilgan 5 foizlik aksiya solig‘i), butun mamlakat bo‘ylab AKT infratuzilmasining mavjud emasligi kabi omillar loyihaning oqsashida sabab bo‘ldi.

2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning aholisining faqat 26 foizi internetga ulangan.

Bu holatlar BMT reytingida ham aksini topdi: Tojikiston — 133-o‘rinda.  Mamlakatning EGDI va elektron ishtirok indekslariga o‘rtacha, hukumat ma’lumotlari ochiqligiga past baho qo‘yilgan.

Turkmaniston

Turkmaniston «Raqamli iqtisodiyotni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»ni 2019 yilda qabul qilgan. 2020 yil mart oyida esa elektron hujjat almashinuvi va raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Turkmanlar elektron hujjat almashinuvini 2021 yildan joriy etishni mo‘ljallagan, qolaversa, prezident Gurbanguli Berdimuhammedov mutasaddi shaxslardan elektron hukumat tizimini tezroq ishga tushirishni talab qilmoqda.

Biroq AKT infratuzilmasi va internet qamrovining past darajada ekani elektron hukumatni ishga tushirishni og‘irlashtirishi tayin. Qolaversa, Datareportal ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisning atigi 1,2 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqdaki, bu ham aholining raqamli savodxonlik darajasi ancha pastligidan dalolat beradi.

BMTga a’zo 193 mamlakat orasida Turkmaniston elektron ishtirok va hukumat ma’lumotlari ochiqligi indekslari past darajadaligi bois 158-o‘rinda turibdi.

O‘zbekiston

Mamlakatimizda «Raqamli O‘zbekiston-2030» dasturi amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020 yilga «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» nomi berildi, davlat rahbari keyingi besh yilda raqamli iqtisodiyotga o‘tilishi choralarini bayon qildi. Prezidentning 2020 yil aprelidagi farmoni aksariyat davlat xizmatlarining elektron hukumat tizimiga ulanishi jarayonlarini tezlatib yubordi.

BMT reytingida O‘zbekiston hozircha 87-o‘rinni band etib turibdi. Mamlakatimizning elektron ishtirok va davlat ma’lumotlari ochiqligi indekslari juda yuqori baholangan. Mamlakatimizda AKT infratuzilmasini yangilash va rivojlantirish yo‘nalishida juda katta ishlar qilinmoqda — kelgusi reytinglardan yaxshiroq natijalar kutib qolamiz.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoning har bir mamlakati elektron hukumatni barpo etish va rivojlantirish borasida o‘z milliy strategiyasiga ega. Biroq barcha uchun barobar, o‘zgarmas shart bu — sifatli AKT infratuzilmasi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo internet tezligi past va aksincha, narxi qimmatroq mintaqalar sirasiga kiradi. Bu esa mintaqada raqamli aloqaning rivojlanishi yo‘lida katta to‘siq. Shundan kelib chiqib, mintaqamizda, jumladan, O‘zbekistonda ham katta loyihalar amalga oshirilishi boshlab yuborilgan.

Qolaversa, mintaqalar o‘rtasidagi raqamli jarlikni qisqartirish maqsadida, Jahon banki Digital CASA (Raqamli Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo) hududiy dasturi konsepsiyasini ishlab chiqqan, unda mintaqada internetga keng polosali ulanishni yaxshilash hamda integratsiyalashgan raqamli infratuzilmani rivojlantirish ko‘zda tutilgan (Ushbu dasturga keyingi maqolalarda batafsil to‘xtalamiz).

Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo raqamli rivojlanishda ayrim mintaqalardan ortda qolayotgani fakt, biroq so‘nggi yillarda mintaqamiz mamlakatlari hukumatlarining raqamli texnologiyalarni joriy etishda pozitiv siyosat yuritayotganiga ham ko‘z yummaslik kerak. Davom etayotgan pandemiya bizning raqamli imkoniyatlarimizni chinakam sinovdan o‘tkazdi, ta’bir joiz bo‘lsa, qaysidir ma’noda texnologiyalarning rivojlanishiga turtki ham berib yubordi. Bugungi sharoitda raqamli texnologiyalar biznes uchun ham, jamiyat uchun ham suv va havodek zarur ekanini barcha anglab yetmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, «COVID-19dan keyingi dunyo butunlay boshqacha, oldingisiga qaraganda ancha raqamlashgan bo‘ladi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring