Quyosh va shamol energetikasiga investitsiyalarni ko‘paytirish uchun ham bozor mexanizmlariga o‘tish kerak
Ko‘pchiligimiz «qayta tiklanuvchi energiya manbalari» degan jumlani tez-tez eshitib qolamiz. Xo‘sh, bu o‘zi nima degani? Avvalambor, shu haqda qisqacha izoh bersak.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, bu — gidroenergetika (yirik tabiiy va sun’iy suv inshootlari/to‘g‘onlar, suv omborlari orqali suv oqimi ta’sirini elektr energiyasiga aylantirish), shamol energiyasi (shamol turbinalari/parraklari yordamida shamol energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqarish), quyosh energiyasi (quyosh panellari vositasida yorug‘likni elektrga aylantirish) va boshqalar. Neft, tabiiy gaz, ko‘mir, uran rudasi kabi qazib olinadigan yoqilg‘idan farqli o‘laroq, bu energiya manbalari tugamaydi, shuning uchun ular «qayta tiklanuvchi», deb ataladi.
Aytib o‘tganimizdek, tabiiy resurslar zaxirasi cheklangan. Ya’ni yer qa’ridan olinayotgan neft ham, tabiiy gaz ham bir kun kelib tugaydi. Bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarishning muqobil variantlariga o‘tishni taqozo etmoqda.
Davlatlarning geografik joylashuviga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlari har xildir. O‘zbekiston bu borada juda keng salohiyatga ega. Yurtimiz nafaqat o‘zining to‘rt faslli betakror tabiati, yer osti va usti nodir boyliklari, balki noyob xususiyatlari — oftobli osmoni, shamolli kengliklari, tezoqar daryolari, biologik manbalari bilan ham ajralib turadi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetikaga o‘tish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilib olingan.
Yana haqli savol tug‘iladi: bu nima degani va qanday natija beradi?
Bu — yiliga 3 milliard kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish, ya’ni tejash deganidir. Bunday hajmdagi gaz bilan esa 1 million xonadonni 1 yil davomida ta’minlash mumkin. Yoki shuncha hajmdagi gaz yordamida qo‘shimcha 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistondagi aholining 98 foizini yil davomida elektr bilan ta’minlash uchun yetarli.
Hozirgi vaqtda yurtimizda umumiy quvvati 3977 megavattga teng bo‘lgan 19 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 3100 megavattga teng bo‘lgan 7 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida 2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida O‘zbekistondagi ilk 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Xuddi shuningdek, 2022 yilning may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi 100 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyat boshladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Markaziy Osiyoda eng katta — 1,5 gigavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Ushbu shamol stansiyasi 1 million 650 ming xo‘jalikni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi va yiliga 2,4 million tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqishini oldini oladi.
Umuman, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining taraqqiy etishi mamlakatni barqaror rivojlantirishda juda muhim ahamiyatga ega. Bunday energiya manbalari atrof-muhitga zarar yetkazmagani bois «toza» deb ataladi. «Yashil energetika» deya ham ta’riflanadi. Bu esa farzandlarimiz, kelajak avlodning sog‘lom kamolga yetishi uchun mustahkam zamindir.
Yashil energetika qanchalar foydali va jozibali bo‘lmasin, shubhasiz, u ham o‘ta yuqori texnologik yechimlar va ulkan investitsiyalarni talab etadi. Qolaversa, muqobil energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektrni iste’molchiga yo‘qotishlarsiz yetkazib berish masalasi ham turipti. Bu yerda gap yana eskirgan infratuzilmani yangilash, modernizatsiyalash (zamonaviy talablar va sifat ko‘rsatkichlariga mos holda isloh qilish), eng muhimi, bu ishlarni imkoni boricha tezroq boshlashga borib taqaladi.
Boshqa yo‘limiz yo‘q. Sohada jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, avvalo, davlat budjetidan narxni ushlab turishga yo‘naltirilayotgan milliardlab subsidiya mablag‘larining bo‘shashiga olib keladi. Ushbu mablag‘larni esa O‘zbekistonda energetikani rivojlantirishga oid innovatsion loyihalarga hamda infratuzilmani yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Bizda tugamaydigan energiya manbalari bor, biroq uni rivojlantirish uchun tariflarni tartibga solish muhim. Narx erkinlashtirilishi toza va zararsiz bo‘lgan yashil energetika taraqqiyotiga xizmat qiladi. Gapning indallosi, quyosh va shamol energetikasiga investitsiyalarni ko‘paytirish uchun ham bozor mexanizmlariga o‘tish kerak bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter