Quyosh tizimidagi eng qimmat sayyora qaysi, hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, Yerning narxi qancha? Milliardlab dollarlar? Yoki tirillionmi? Unda sizni Kaliforniya universiteti (Santa-Kruz) olimining hisob-kitoblari befarq qoldirmasa kerak. Chunki u o‘zining yangi formulasida nafaqat Yer, balki Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralarni ham «narxlab» chiqqandi.
Astronomiya va astrofizika professorining yordamchisi Greg Laflin o‘ylab topgan formula sayyoralarning asl qiymatini baholashga qaratilgan. Formula turli ko‘rsatkichlarni qamrab olgan: sayyoraning massasi, harorati, yoshi va hokazolar. Baholashda asosiy urg‘u bularning hayotni ta’minlash uchun qanchalik zarurligiga qaratilgan.
Demak, «Laflin formulasi»ga ko‘ra, Yerning qiymati taxminan 5 kvadrillion dollar. E’tiborli jihati, Yer Laflin formulasi tatbiq etilgan barcha sayyoralar ichida eng qimmati.
Solishtirish uchun: Mars atigi 16 ming dollarga baholangan (Toshkentdagi eng arzon uy ham bundan qimmat :)). «Qizil sayyora»ning bunchalik arzonligiga sabab unda hayot uchun sharoitning deyarli yo‘qligida.
Zuhro (Venera)ning narxi esa bir chaqa — 1 sent atrofida.
Ushbu formula koinotdagi hayot mavjud bo‘lishi mumkin deb taxmin qilinayotgan 1235 tacha sayyoraning ko‘pini aynan iqlimi o‘ta shafqatsizligi uchun juda past baholadi.
Yerga eng o‘xshash deyilayotgan Gilese 581c ekzosayyorasi formulaga ko‘ra, 150 dollarga, KOI 326.01 esa 200 ming dollardan ziyodga baholangan.
Eslatib o‘tamiz, hisoblashlarda sayyoralardagi mavjud foydali qazilmalar emas, balki ularning hayot uchun qanchalik yaroqliligi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter