Pochta qonunchiligi qaytadan ko‘rib chiqilyapti
Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tgan. Unda Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilingan.
Xususan, senatorlar yangi tahrirdagi «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi qonunga e’tiborini qaratgan. Ya’ni respublikadagi pochta aloqasi xizmatlari bozorining rivojlanish darajasi va jahon pochta aloqasi xizmatlari bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari ushbu sohadagi qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni taqozo etmoqda.
«Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi qonuni 7 bob va 41 moddadan iborat. Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorijiy davlatlarning pochta aloqasini tartibga solish borasidagi tajribalaridan foydalanilgan. Jumladan, Ozarbayjon, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarning qonunchilik hujjatlari hamda Umumjahon pochta ittifoqi aktlari o‘rganilgan.
Pochta aloqasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradigan maxsus vakolatli organ sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi etib belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur qonun bilan pochta aloqasi sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi («O‘zkomnazorat») amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.
Xavfli pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natish xavfini kamaytirish, pochta va kurerlik jo‘natmalarining butligini ta’minlash bilan bog‘liq xavf darajasini kamaytirish maqsadida pochta xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan alohida normalar qo‘shilmoqda.
Shu bilan birga, abonent pochta javonlari ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlariga bu uylar qurilayotgan paytda qurilish tashkilotlari tomonidan o‘rnatilishi, umumjahon pochta ittifoqi hujjatlariga muvofiq belilangan majburiyatlarni O‘zbekiston hududida bajarish uchun pochta aloqasi milliy operatorining maqomi, mutlaq huquqlari va funksiyalari aniq belgilab berilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter