«O‘zbektelekom» xodimlari «Men – donorman» aksiyasida ishtirok etishdi
Bugun, 14 dekabr kuni «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining ijro apparati va tarkibidagi Toshkent shahrida joylashgan filiallar xodimlari ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda kam ta’minlanganlar salomatligini yaxshilashga qaratilgan «Men donorman» xayriya qon topshirish aksiyasida faol qatnashishdi.
Insonning hayotini asrab qolish ko‘pincha qon quyish jarayoni bilan bog‘liq. Qon esa kimyo laboratoriyalarida ishlab chiqilmaydi, u inson organizmidagi bebaho ne’mat. Faqat yaxshi insonlarning yordami bilangina og‘ir ahvoldagi bemorlarni hayotga qaytarish, ularning umriga umr qo‘shish mumkin.
Keyingi yillarda bunday savob amalni bajarayotgan insonlarning soni tobora ortayotgani quvonarli. Qolaversa, donorlikning afzalliklari bo‘yicha turli aksiya, targ‘ibot tadbirlarining ham ko‘paygani ezgu ishga bosh qo‘shayotganlar soni oshishiga turtki bo‘lmoqda.
– Xayriya aksiyasi Respublika qon quyish markazidan tashrif buyurgan guruh mutaxassislari yordamida kompaniyaning «O‘zMobayl» filiali hududida bo‘lib o‘tdi va unda 100 nafarga yaqin xodimlar qatnashdi, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy markazi shifokori Gulchehra Umirzoqova.
– Qalbida ezguliklar bilan yashaydigan inson doimo yaxshiliklar qilishga intilib yashaydi. Ayniqsa, qilayotgan bu xayrli amallarimiz kimningdir sog‘lig‘ini saqlashga, hayotini uzaytirishga ko‘mak bersa-chi? O‘ylaymizki, kishi uchun bundan ortiq baxt topilmasa kerak, – dedi donor, kompaniyaning «O‘zMobayl» filiali Kommutator markazi mutaxassisi Abduhakim Abdazov. – Donorlarni ana shunday beg‘araz yordam ko‘rsatuvchi ezgu-niyatli insonlar deyish mumkin.
Sog‘lom kishi uchun qon topshirish mutlaqo xavfsiz. Sababi, inson organizmida odatda 4,5-5 litr qon bo‘ladi va undan 200 yoki 400 ml olinadi. Organizmda esa kamaygan qon miqdorini 36 soat ichida to‘liq tiklab olish xususiyati mavjud. Eng muhimi, arterial gipertoniya xastaligining oldini olish, moddalar almashinuvini yaxshilash va immun tizimini mustahkamlashda qon topshirishning ahamiyati katta.
Insonning insonga qon topshirishdek oliy darajadagi hadyasi bo‘lmasa kerak. Bu orqali kimgadir hayot bag‘ishlash – eng savob ishlardan biri sanaladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter