O‘zbekistonda Huawei kompaniyasining «Seeds for the Future 2021» ta’lim loyihasiga start berildi
1-noyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) media markazida Huawei kompaniyasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan «Seeds for the Future 2021» ta’lim loyihasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
IT sohasidagi to‘rtta universitet talabalari sun’iy intellekt, 5G, bulutli hisoblash, narsalar interneti kabi ko‘plab ilg‘or texnologiyalar va yechimlarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv dasturida ishtirok etishadi.
«Seeds for the Future 2021» dasturi butun dunyo bo‘ylab 130 ta mamlakat va mintaqadan ishtirokchilarni o‘zida birlashtirgan flagman ta’lim loyihasi bo‘lib, unda dunyodagi 500 ta universitetning talabalari ishtirok etadi. 9000 nafar eng yaxshi talabalar, jumladan, Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh qarorgohiga tashrif buyurgan oflayn ishtirokchilar va 2020 yilgi loyihaning onlayn ishtirokchilari dastur bo‘yicha amaliyot o‘tadilar.
O‘zbekistonda yettinchi yildirki, IT universitetlar talabalariga AKT sohasida bilimlarini oshirish, yetakchilik ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha ma’ruzalar tinglash, boshqa mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar bilan madaniy qadriyatlarni almashish, shuningdek, Xitoy urf-odatlari va madaniyati bilan tanishish imkoniyatini beruvchi «Seeds for the Future 2021» loyihasi ishga tushirildi. O‘tgan yillarda loyiha doirasida TATUning 50 nafar talabasi Xitoyda, kompaniyaning bosh ofisida amaliyot o‘tashgandi.
2020-yilda pandemiya tufayli «Seeds for the Future 2021» loyihasi onlayn formatda tashkil etildi. Loyihada TATU, INHA va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabdan 29 nafar talaba va o‘quvchi ishtirok etdi. 2020-yilgi dastur to‘liq onlayn formatda bo‘lib o‘tib, unda xorijiy ekspertlarning ma’ruzalari, O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining ko‘rgazma zaliga virtual sayohat, shuningdek, Huawei kompaniyasining Yevroosiyo mintaqaviy ofisi mutaxassislarining raqamli iqtisodiyot bo‘yicha maxsus tashkil etilgan taqdimoti o‘tkazildi.
Tuzilgan memorandumlar doirasida 2021-yilgi loyiha ishtirokchilari to‘rtta universitet — TATU, Toshkentdagi Amiti universiteti, Toshkentdagi Yeoju texnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabalari bo‘ldi. Bu yil «Seeds for the Future 2021» gibrid formatda O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining ofisida bo‘lib o‘tadi, unda Huawei kompaniyasining Xitoydagi shtab-kvartirasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishlar, texnologiyalar bo‘yicha oldindan yozib olingan kurslar, kompaniyaning ko‘rgazma zali bo‘ylab ekskursiya va quyidagi mavzulardagi ma’ruzalar mujassamlashtirilgan: Barqaror rivojlanishda texnologiyalarning ta’siri; «Huawei mobil servislari» (HMS) va dasturchilar uchun imkoniyatlar. Loyiha davomida ishtirokchilar o‘zlarining Tech4Good loyihasini ishlab chiqish bilan ham shug‘ullanadilar: ular innovatsion texnologiyalarning ijtimoiy sohadagi o‘rni va ahamiyatini ochib berishlari kerak bo‘ladi.
«Bu yil Huawei kompaniyasi O‘zbekistonning yetakchi IT universitetlari bilan AKT sohasidagi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan memorandumlarni imzoladi. «Seeds for the Future 2021» loyihasi ushbu kelishuvlarning eng asosiy bandlaridan biridir, chunki u yosh AKT xodimlarining salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni yuqori texnologiyalar sohasida yutuqlarga erishishga ilhomlantirish va kompaniyamiz mutaxassislari tajribasini o‘rganish imkonini beradi. Loyiha hali ham Huawei kompaniyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurishsiz yangi formatda amalga oshirilmoqda, biroq biz raqamli texnologiyalar bizga mana shunday pandemiya sharoitida ham dunyo bo‘ylab talabalarni birlashtirish imkoniyatini berayotganini ko‘rib turibmiz», — dedi Huawei kompaniyasi direktorining O‘zbekistondagi o‘rinbosari janob Go Feng.
Marosimda talabalari 2021-yilgi loyihada ishtirok etayotgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari tabrik nutqi bilan so‘zga chiqishdi. Loyiha taqdimotini o‘tgan yilgi dastur ishtirokchisi Madina Dolotkazina o‘tkazdi.
«Seeds for the Future 2021» — Huawei kompaniyasi tomonidan o‘z korporativ ijtimoiy majburiyatini bajarish doirasida amalga oshirilgan global dasturdir. 2017-yilda O‘zbekistonning «Seeds for the Future 2021» loyihasining 4 nafar ishtirokchisi Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan «Bir kamar, bir yo‘l» xalqaro sammitida ishtirok etish uchun taklifnoma oldi, unda ishtirokchilar sammitga 30 ta mamlakatdan tashrif buyurgan davlat va hukumat rahbarlari oldida loyiha taqdimot bilan chiqish qilishdi. 2019-yilda O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Baxtiyor Saidov Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida ishtirok etib, loyiha ishtirokchilarini tabriklagan, IT sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash qanchalik muhimligini ta’kidlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter