«O‘zbekiston pochtasi»ga yangi rahbar tayinlandi
2019-yil 11-iyul kuni «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati Kuzatuv kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov, «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuv kengashi raisi va a’zolari ishtirok etishgan.
Majlis kun tartibidagi «O‘zbekiston pochtasi» AJ Bosh direktori vazifasi bajaruvchisini tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi masala muhokama etilgach, Kuzatuv kengashi raisi va a’zolarining takliflariga asosan «O‘zbekiston pochtasi» AJning Bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib Fayzullayev Alisher Nasibullayevich tayinlandi, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Fayzullayev bunga qadar Intellektual mulk agentligining direktori, AKT vazirining birinchi o‘rinbosari va sohadagi boshqa korxonalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
«O‘zbekiston pochtasi» AJning avvalgi rahbari, rossiyalik Yevgeniy Birger bilan shartnoma muddatiini yana bir yilga uzaytirish taklifi shu yilning 29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlar yig‘ilishida aksiyadorlar tomonidan bir ovozdan rad etilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, «O‘zbekiston pochtasi» AJ o‘tgan 2018-yilni 27,8 milliard so‘m zarar bilan yakunlagan, vaholanki 2017-yilni aksiyadorlik jamiyati 274,3 million so‘m sof foyda bilan tugatgan edi. Birger 2018-yilning 23-mayida rahbar etib tayinlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter