Olmazordagi «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi»ning ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 24-may kuni poytaxtning Olmazor tumaniga tashrif buyurgandi. O‘shanda «Bilim» AKM tasarrufidagi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon nomidagi kutubxona binosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi»ning Olmazor tumani filiali ochilgan edi.
O‘quv markazini vazirlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi zamonaviy stendlar bilan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 14 dona kompyuter jamlanmasi va axborot texnologiyalariga oid adabiyotlar bilan ta’minlagandi.
Qolaversa, Olmazor aholisi va yoshlariga kompyuter savodxonligi, dasturlash o‘quv kurslarini o‘tish uchun TATU qoshidagi «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi»dan bu yerga ikki nafar o‘qituvchi biriktirilgan.
Olmazordagi o‘quv markazi ochilganidan beri vazirlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi xodimlari tumandagi maktablarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishyapti.
Hozirgi kunda o‘quv markazida Olmazor tumanidagi maktablardan kelgan 90 nafardan ortiq o‘quvchilar kompyuter sirlarini o‘rganishmoqda.
Albatta, kompyuterdek murakkab texnikani, kattalarni qo‘yavering, yoshlarga ham sodda tilda tushuntira bilish osonmas. Ammo markazga biriktirilgan o‘qituvchilar — Anvar Abdurahmonov va Jasur Amirovlarga qoyil: kompyuterning tuzilishidan tortib, ehtiyot qismlarigacha, amaliy tizimlardan tortib Microsoft Word va Microsoft Excelgacha erinmay, ikir-chikirigacha o‘rgatishyapti.
Bugun, 23-oktyabr kuni Olmazor tumanidagi «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» filiali dastlabki 23 nafar bitiruvchi bilan xayrlashdi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Tursunov va «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» direktori N.Nasrullayev ularni tabriklab, sertifikatlar topshirishdi, kelgusida axborot texnologiyalari yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lishlarida omadlar tilashdi, o‘quv markaziga o‘zlarining aka-uka va opa-singillarini ham olib kelishlarini tavsiya qildilar.
Anvar Abdurahmonov va Jasur Amirovlar esa ilk o‘quvchilariga o‘quv kurslarining keyingi bosqichlariga ham kelib, bilimlarini yanada oshirishni tavsiya qilishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter