Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olis maktablarda internet — Qoraqalpog‘iston va Buxorodagi vaziyat (video)

Olis maktablarda internet — Qoraqalpog‘iston va Buxorodagi vaziyat (video)

Foto: «Xabar.uz»

Hayotimiz kundan kunga raqamlashib ketmoqda. Internetsiz biror sohani tassavur qilish qiyin. Kommunikatsiya, ta’lim, savdo va hokazolarning barchasi internet bilan uzviy bog‘liqlik kasb etmoqda.

Mamlakatimizda ayni yo‘nalishga katta e’tibor qaratilmoqda. Respublikadagi maktablarni internet, Wi-Fi, ichki lokal tarmoqlar bilan ta’minlash birlamchi vazifa sifatida ko‘rilib, bu borada keng islohotlar qilindi. Xususan, «Xabar.uz» Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatlarida bo‘ldi va vaziyatni yaqindan o‘rgandi.

Xalq ta’limi vazirligi tizimida bugungi kunda umumta’lim maktablariga keng polosali internet o‘tkazilib, ushbu maktablarda yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 7 mingdan ortiq maktablarda telekommunikatsiya infratuzilmasi (kompyuter sinf xonalari va o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari xonasiga ichki lokal tarmoq hamda o‘qituvchilar xonasiga Wi-Fi qurilmalari) yaratildi. Bu ishlarni amalga oshirishda «O‘zbeko‘quvavtomatika» MChJ bilan ham hamkorlik qilindi. Xususan, Qoraqalpog‘istonda ham maktablar 100 foiz internet bilan ta’minlangani quvonarli.

«Maktablarda internet tezligining yuqorilashi onlayn darslar davomida bizga elektron kitoblar bilan ishlashda qulayliklar yaratdi. Kundalik.com, Kitob.uz, ERP.maktab.uz, maktab.uz, onlinedu.uz kabi tizimlar bilan ishlashda maktab internetidan foydalanish ancha yengillik bo‘ldi. Maktabda internet tezligining yaxshilanishi nafaqat o‘qituvchilarga, balki o‘quvchilarga ham foydali bo‘ldi. Ular bemalol kompyuter xonalaridan foydalanishlari mumkin», – deb ta’kidlaydi informatika o‘qituvchisi Albina Koseyeva.

Isa Qalibayev maktablarga yetkazib berilgan kompyuter va internet sifati haqida quyidagilarni gapirdi: «Maktabimiz eng zamonaviy, Koreyada ishlab chiqarilgan kompyuterlar bilan ta’minlangan. Internet tezligi ham qoniqarli. Bu o‘qituvchilarning o‘z ishlarini qiynalmay bajarishiga zamin yaratmoqda».

«O‘zbeko‘quvavtomatika» MChJ Qoraqalpog‘iston filiali brigadasi boshlig‘i Rashid Turemurodovning aytishiga qaraganda, kompaniya respublikadagi 449 ta maktabni lokal tarmoq va Wi-Fi tizimi bilan ta’minlashda ishtirok etgan.

«Buxoro azaldan ilm-fan markazi bo‘lgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Buxoroning «ayti» sohasi bo‘yicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa — sharoit, resurs, intellekt bor», — degan edi Shavkat Mirziyoyev joriy yil boshidagi viloyatga tashrifi vaqtida. Bu borada Buxoroda ham havas qilgulik natijalarga erishilmoqda.

«Internet tarmog‘ining maktablarda yaxshilanishi respublika miqyosida nazorat qilinadigan tizimlarda faol bo‘lishimizni ta’minlamoqda», – deydi buxorolik o‘qituvchi Saodat Qudratova.
Nigora Jamolova ham hamkasbining fikriga qo‘shilar ekan, bir qancha qo‘shimchalar qildi: «O‘qituvchilar xonasiga internet tushirib berilishi onlayn darslar samaradorligini oshirdi. Avvallari uyda turib ishlash qulay edi, hozir maktabda barcha sharoitlar bor».

Umumta’lim maktablarida yuqoridagi imkoniyatlar yaratilishi hamda maktablarga keng polosali internet tarmog‘ining tortilishi, ichki lokal tarmoq hamda Wi-Fi qurilmalarining o‘rnatilishi hamda Yagona «Elektron ta’lim» tarmog‘i infratuzilmasi yaratilishi samarasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatining eng chekka hududlarida ham sezilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring