Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustafo har oyda 300-400 dollar ishlab topadi

Mustafo har oyda 300-400 dollar ishlab topadi

Mustafo Muhammadov.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 6-fevral kuni Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruhning Farg‘ona viloyatiga xizmat safari doirasida IT-Park tomonidan yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi INHA va Amiti universitetlari rahbariyati ishtirok etdi.

Foto: «Xabar.uz»

Dastlab mehmonlar va yoshlar RTMdagi sharoitlar bilan tanishtirildi. Farg‘ona viloyatida shunday markazlardan 10 ta ochilgan. Marg‘ilondagi Raqamli texnologiyalar markazi faoliyatiga endigina 7 oy bo‘lganiga qaramasdan, hozirgi kunda haftasida 350 nafar yosh axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim olmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan vaqt davomida markaz mutaxassislari o‘nta, «Raqamli O‘zbekiston» loyihasi doirasida esa to‘rtta loyihani bajarib berishdi va mana shu to‘rtta loyiha markazga 350 million so‘m foyda keltirdi.

Foto: «Xabar.uz»

Markaz mentori Ilhomjon Boltaboyev «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 200 dan ziyod yoshlarni to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha tayyorlashga hissa qo‘shdi. U yetti yildan buyon dasturlash bo‘yicha shug‘ullanadi.

«Markazda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘p, — deydi Ilhomjon. — Maktab o‘qituvchilari ham axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlarini oshirib ketishyapti. Mehnatlarimiz samarasini ko‘rayotganimizdan xursandmiz».

Foto: «Xabar.uz»

Mustafo Muhammadov 13 yoshda. 2007 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. Hozir poytaxtimizdagi 246-maktabning 7-sinfida o‘qiydi. Grafik dizaynga qiziqadi. Toshkentdagi INHA universitetidagi kurslarda bir yarim yil davomida o‘qigan. Kamiga internet orqali dasturlash bo‘yicha kurslarda bilimini oshirib boryapti.

— Tadbirkorman, — deydi otasi Ma’ruf aka. — Qayerga bormay, o‘g‘limga kitoblar olib kelib beraman. Eng yaxshi kompyuter sovg‘a qilganman. Qiziqishi kuchli. Birinchi kompyuterini buzib ham qo‘ydi. Ammo mana endi yaxshi natijalarga erishyapti.

Foto: «Xabar.uz»

— Karantin davrida «ayti» yo‘nalishidagi qiziqishlarim bo‘yicha ko‘p narsani  o‘rgandim, — deydi Mustafo. — Tanishlarim ish taklif qilishdi. Bo‘sh vaqtimda tayyor dizaynni «jonlantirib», ya’ni animatsiyalashtirib berdim.

E’tiborlisi, o‘n uch yoshli Mustafo hozirda har oyda 300-400 dollar ishlab topadi.

Foto: «Xabar.uz»

Yetmish nafardan ziyod yoshlar qatnashgan uchrashuvda TATU, INHA va Amiti universitetlari rahbarlari sohaga ixtisoslshgan oliy ta’lim muassasalari va AKT imkoniyatlari haqida gapirib berishdi. O‘z navbatida, markaz mentorlari, frilanser, startapchilar ham faoliyatlari davomida oshirgan tajribalari, muvaffaqiyatsizlikka uchraganlari, ammo bu yangi imkoniyatga turtki berganligi haqida so‘zlab berishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Uchrashuv yakunida IT-Park rahbari Farhod Ibragimov markaz o‘qituvchi va o‘z ishlanmalari bilan muvaffaqiyatga erishayotgan bir guruh «aytishnik»larga IT-Park sertifikatlari va sovg‘alarini topshirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring