Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Muhitning o‘zi zo‘r tarbiyachi». INHA universiteti haqida prorektor bilan suhbat

«Muhitning o‘zi zo‘r tarbiyachi». INHA universiteti haqida prorektor bilan suhbat

INHA talabalari.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun sifatli ta’lim olish oson emas. Ustiga-ustak, hamma ham yonib-chaqnab ilm olaman degan istakni bildiravermaydi. Hayotga yengil qarab, qiynalishni xohlamay, ertasini o‘ylamaydiganlar esa hamon «Bir amallab birorta oliygohga ilinib, bitirib olsam bo‘lgani» degan fikrda yurgani aniq... Lekin u zamonlar o‘tyapti. Barchamiz orzu qiladigan buyuk kelajak o‘qigan, izlanuvchan, zamonaviy bilimlarni yaxshi o‘zlashtirgan yoshlar qo‘liga topshirilishini unutmang!

Jahon standartlariga javob beradigan va sifatli ta’limni kafolatlaydigan Toshkent shahridagi INHA universiteti prorektori, siyosiy fanlar doktori Turdimurod Tursunmurodov bilan bo‘lgan suhbatimiz aynan sizu bizni qiziqtirgan mavzuda kechdi.

Turdimurod Tursunmurodov

Turdimurod Mahamatqulovich, nima deb o‘ylaysiz, bir necha yillardan beri faoliyat olib borayotgan Toshkent shahridagi INHA universiteti bugunga kelib O‘zbekistonda o‘z o‘rnini topdimi?

– Toshkent shahridagi INHA universiteti 2014 yilda tashkil topgan bo‘lib, ikkita yo‘nalishda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha faoliyat olib boradi: «Kompyuter va dasturiy injiniring» hamda «Logistika».

O‘tgan davr mobaynida oliygohda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Boshida talabalarimiz soni 400-450 nafar bo‘lsa, hozirda 1500 dan oshgan. Ilk bitiruvchilarimiz diplom olgach, o‘z bilimlari va universitetda hosil qilgan ko‘nikmalarini real hayotga tatbiq etib, bugunning talablariga to‘la javob berishlarini ko‘rsatdi. Ya’ni o‘quv dasturlarimizning doimiy yangilanishi, qolaversa, professor o‘qituvchilar hamda talabalarga qo‘yilayotgan talablar hozirgi zamon kompaniyalari ehtiyoj bildirayotgan yangi davr mutaxassislariga har tomonlama mos tushyapti. Ayni paytda bitiruvchilarimizning taxminan 80-85 foizi o‘z sohasi bo‘yicha ishlamoqda.

Oxirgi yillarda hukumatimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida har xil matematik modellar asosida dasturlar yaratish orqali davlat boshqaruvi va ishlab chiqarishning dolzarb muammolarini hal etuvchi loyihalarga e’tiborni kuchaytirdi. Jumladan, IT-parklarning ochilishi  bu borada muhim ahamiyat kasb etadi va bizning talabalar hamda bitiruvchilar uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Lekin shunga yarasha raqobat ham shakllanyapti. Ya’ni bir tomondan kompaniyalar katta-katta talablar qo‘ymoqda. Ikkinchi tarafdan avval yurtimizda faqat INHA yoki Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib Hindistonning Amiti universiteti, Isroil va O‘zbekiston Milliy universitetining birgalikda yo‘lga qo‘ygan qo‘shma loyihasi asosida faoliyat olib borayotgan fakultet va boshqa qator xorijiy universitetlar filiallari katta raqobat muhitini yaratmoqda. Mana shunday raqobatbardosh vaziyatda bitiruvchilarga ish beruvchilar munosabatidan kelib chiqib, ishonch bilan ayta olamanki, INHA universiteti mamlakatimizda o‘z o‘rnini topdi.

– Sizningcha, talabalar universitetga moslashdimi yoki universitet talabalarga?

– Mening fikrimcha, talabalarimiz universitetga moslashdi. Bu narsa universitetga kirgan talabalarimizning vaqt o‘tishi bilan raqobatbardosh va shaffof muhitga ko‘nikishida namoyon bo‘ladi. Ular bu muhitda faqat o‘zlarining tinimsiz mehnati va harakatlari bilangina yaxshi natijalarga erishishi mumkinligini tushunib, darslarga jiddiy yondoshuvlarsiz, har xil yengil-yelpi qarash, o‘z bilimiga tayanmay shpargalkalarga ishonish kabi illatlardan tezda voz kechishadi. Buning sababi universitetimizda talab juda qat’iy, agar talaba o‘z ustida ishlamasa, o‘qimasa, diplom olish u yoqda tursin, hatto, o‘qishni o‘z muddatidan bir necha yillar o‘tib ham tugata olmasligi aniq.

Qolaversa, talabalar o‘rtasidagi raqobat, yaratilgan sharoit, o‘qishga kirish jarayonida ta’sischilar tomonidan taqdim etiluvchi imtiyozlar yoki har yarim yillikda imtihonlarni topshirgan talabaning universitet yoki fakultet miqyosida erishgan yutuqlariga qarab kuchli 10 talikka, kuchli 5 talikka kiritilsa, keyingi semestrda to‘lov (kontrakt) pulidan ozod qilinishi, bularning bari o‘z-o‘zidan talabani universitetning raqobatli sharoitiga moslashishiga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari, muhit ham katta rol o‘ynaydi. Atrofingda o‘qishga qiziqishi kuchli yoshlarning bo‘lishi yaxshigina motivatsiyadir. Ustiga-ustak, tunu kun o‘qigan talaba kimningdir undan ko‘chirishiga aslo befarq qaramaydi. Xullas, muhitning o‘zi zo‘r tarbiyachidir. Shuningdek, nazorat ham kuchli, hamma joyga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, ular orqali barcha jarayonlar o‘rganib turiladi. O‘qituvchilar ham o‘z talabidan kelib chiqib ish yuritishadi. Shunga qaramay bizda talabalar uchun ancha erkinlik bor. Qaysi ma’nodaki, o‘quv jarayonida tanlov imkoniyatlari beriladi. Yana professor o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi munosabat samimiylikka asoslangan. Nazarimda, bunday muhit ko‘pchilikka yoqadi. Ammo universitet rahbariyati, kuratorlar yoki professorlar talabalarining bu erkin muhitda o‘z mas’uliyatlarini ham unutmasligiga alohida e’tibor qaratishadi. Masalan, birorta fandan 25 foizgacha darslarni sababsiz qoldirgan talabaning shu fanni o‘qimagan deb qabul qilinishi yoki tartib-qoidalarni buzsa, shunga yarasha choralar ko‘rilishi kabilar. Bularning hammasi universitetimizda tartibli va chiroyli muhit kelib chiqishiga zamin yaratadi.

– Bugungi kunda universitetlardagi ta’lim sifati haqida ko‘p gapirilyapti. Siz faoliyat olib borayotgan oliygohda pedagoglar jamoasi qanday shakllantirilgan va ular qanchalik qadrlanadi?

– Juda o‘rinli savol. Chunki butun dunyoda universitet reytingi, o‘qish jarayonining sifati va natijasini professor o‘qituvchilar salohiyati belgilab beradi. Ko‘pchilikka ma’lum, Toshkent shahridagi INHA universitetining o‘qishga qabul qilish, imtihonlar, xullas, barcha o‘quv jarayonlari Janubiy Koreyadagi INHA universiteti o‘quv dasturlari asosida tashkil etilgan. Professorlarimiz asosan Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Bolgariya, Hindiston, Pokiston, Rossiyadan kelib ishlashadi. Ular jiddiy talablar asosida Koreyadagi maxsus komissiya tomonidan tanlab olingan. O‘qituvchilarimizning katta qismi, ya’ni 80 foizi xorijdan bo‘lishi bilan birga, o‘zbekistonlik professorlar ham faoliyat olib bormoqda. Biroq ular ham Koreyadagi INHA universiteti tomonidan qo‘yilgan talablarga to‘liq javob bergan holda qabul qilingan.

Albatta, pedagoglarimizning saviyasi yuqori ekaniga shubha yo‘q. Shunga qaramay, jahon tajribasidan kelib chiqib, har semestr oxirida professor o‘qituvchilarimiz an’anaviy ravishda talabalar tomonidan dars berish mahorati, o‘zini tutishi, madaniyati, sohasi bo‘yicha bilimi nuqtai nazaridan tizimli baholanadi. Reytingda yuqori o‘ringa chiqqanlariga albatta o‘zgacha hurmat ko‘rsatiladi. O‘z navbatida eng past ball yig‘ib qoladiganlar bo‘lsa, ularga ogohlantirish xati beriladi. Yoki keyingi yildan kontrakt shartnomasining cho‘zilish imkoniyati kamayadi. Hatto, past reytingga tushib ketganlari bilan shartnomani bekor qilish holatlari ham uchraydi.

Bizda professor o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit a’lo darajada desam adashmayman. Agar u o‘z sohasi bo‘yicha kuchli mutaxassis bo‘lsa, unga nisbatan yuqori status belgilab qo‘yilgan. Ya’ni qaror qabul qilish yoki o‘z darsini shakllantirish ishlariga hech kim aralashmaydi. Shuningdek, yilda bir marta Janubiy Koreyadan ta’lim sifatini baholab ketadigan komissiya kelib o‘quv jarayoniga baho berishadi.

– Endi yangi o‘quv yilidagi qabul jarayonlari, ajratilgan kvotalar haqida gaplashsak. Shuningdek, bu yil universitet tomonidan birorta yangilik bo‘lib qolarmikin, degan ilinjda yurgan abituriyent yoki talabalarga imtiyozlar, sharoitlar, yengilliklar haqida biror ma’lumot yetkazmoqchi bo‘lsangiz, marhamat...

– O‘zi universitetimizga har yili ajratayotgan kvotamizga nisbatan 4-5 barobar ko‘p murojaat kelib tushadi. Rejaga asosan kopyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishiga – 300, logistika yo‘nalishiga – 120, jami – 420 nafar talaba qabul qilinadi. Bugungi pandemiya, ya’ni karantin sharoiti tufayli qabul jarayonlari, bitiruv va kirish imtihonlarimizning barchasi onlayn tarzida yo‘lga qo‘yildi.

Iyun oyida birinchi imtihonimiz bo‘lib o‘tdi. Berilgan topshiriqlarni bajarayotgan abituriyentlarni tegishli mutaxassislar (50 nafardan iborat) Janubiy Koreyadan turib nazorat qilishdi. U yoqdan imtihon oladigan xonada hech narsa bo‘lmasligi haqida ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, natijalar o‘rganib chiqilib, yaxshi javob bergan abituriyentlar suhbatdan ham o‘tishdi, ya’ni savollarga haqiqatan o‘zlari javob berganiga yana bir bor amin bo‘lish uchun. Endi bu o‘rinda abituriyentning kimdandir yordam olishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Chunki bitta nojo‘ya harakat qilinsa, bola avtomatik tarzda imtihondan chiqarib yuboriladi...

Birinchi imtihonning natijalari ham chiqdi. Universitet tomonidan beriluvchi ikkinchi imkoniyatni esa yaxshi bir sharoit, yengillik desak ham bo‘ladi. Ya’ni oldinda yana bir imtihonimiz bor. Mabodo kimdir birinchi imtihonda ayrim sabablarga ko‘ra yoki bexabar qolib qatnasholmagan bo‘lsa, 21 iyulda bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin. Ikkinchi imtihonda ko‘proq o‘z kuchiga ishongan va yuqori natija ko‘rsatsa, ta’sischilar tomonidan ajratilgan grant asosida o‘qish imkoniyati uchun harakat qiladigan abituriyentlar qatnashadi. Eng yaxshi natijaga erishgan abituriyentlarga ta’sischilar tomonidan 4 yillik kontrakt puli to‘lab beriladi. Faqat keyinchalik o‘sha kompaniyada 5 yil davomida ishlab berish sharti bilan albatta.

Universitetimizda ilk ochilgan yilidan boshlab hech qanaqa imtiyozlar yo‘q. Koreyadagi hamkorlarimiz «Agar bola xalqaro olimpiadalarda birinchi o‘rinni olib kelgan va bilimi zo‘r bo‘lsa, demak, imtihon savollarini yarim soatda ishlab chiqa oladi, bu borada unda muammo yo‘q-ku?», degan savolni qo‘yishadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, olimpiadalar, yana boshqa tanlov va harbiy xizmatdan berilgan tavsiyanomalar bolaning portfolesi uchun yaxshi, ya’ni kelajakda yaxshi ish joylarda ishlash imkoniyatini oshiradi. Biroq bizda kirish imtihonlari hamma uchun bir xil.

INHA talabalari.

– INHA universiteti o‘z talabalari va bitiruvchilariga nimalarni va’da qiladi? Masalan, sifatli bilim, tayyor mutaxassislik, daromadli ish, xorijda o‘qishni davom ettirish deganlaridek?..

– Bugungi global jarayonlarga qarab shuni aytish mumkinki, hozir har qanday kompaniya va tashkilotga ishga kirishda qayerda o‘qiganingdan ko‘ra, qo‘lingdan nima ish kelishi, qanchalik intellektual salohiyatga egaliging muhimroq. Oddiy bir misol, qaysidir ish beruvchi ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirishi kerak bo‘lib qoldi, bir yosh yigit yoki qizimiz buni a’lo darajada uddalasa, o‘sha korxona xo‘jayini undan qayerda o‘qiganini so‘ragan taqdirda ham, avvalo, vazifani qay darajada mukammal uddalaganiga e’tibor qaratadi, to‘g‘rimi? Bu bilan diplom keraksiz demoqchi emasman. Universitet nazariy bilim bilan amaliy ko‘nikmani birgalikda olib borsagina, talaba har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. Aynan shuni inobatga olib, talabalarimiz 2-3-bosqichdanoq kelajakda o‘z yo‘llarini topish harakatini boshlab yuborishadi. Ushbu masala yechimi sifatida katta-katta kompaniyalar bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yganmiz va bunga jiddiy e’tibor qaratamiz. Aytaylik, turli banklar, ishlab chiqarish korxonalari, IT-Parklar – bularning hammasi bolalarimizga bilim bilan birga amaliy ko‘nikma ham beradi.

Albatta, bu yo‘lda professorlarimiz bergan chuqur bilim ham o‘ta ahamiyatli. Ular talabalarni guruhli loyihalarda faol ishtirok etishga undaydi, yo‘l ko‘rsatadi, o‘rgatadi. Shuning natijasi o‘laroq talabalar orasida kimdir mobil ilova yaratadi, kimdir dasturlash, yana biri logistika bo‘yicha yangi loyihalarga qo‘l uradi. Xullas, katta tajribaga ega tayyor mutaxassis bo‘lib yetishib chiqadi.

Shu bilan birga xalqaro standartlar bilan o‘lchanadigan diplom oladi. Qolaversa, o‘ziga ishonch bo‘lgach yuqori daromadli ishlar taklif etilganida tanlash imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Tilni a’lo darajada bilgani uchun xorijda o‘z sohasi bo‘yicha magistratura, aspiranturada o‘qib kelishi mumkin.

– Universitet oldida turgan asosiy muammolardan biri nima?

– Universitetimizda tahsil olayotgan talabalarimizning qariyb 50 foizi hududlardan ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, boshqa qator universitetlarda bo‘lgani kabi biz uchun ham o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalardan biri – bu hududlardan kelgan talabalarimizga turarjoy yaratib berish.

Bugungi kunda universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarligida bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilyapti.  

Imkoniyatdan foydalanib, bu borada bizning yaqindan hamkor oliygohlar, xususan, Toshkent axborot texnologiyalari, Kimyo-texnologiyalari universitetlari, yana Soliq qo‘mitasining malaka oshirish markazlariga o‘z minnatdorligimizni bildirmoqchiman. 2019-2020 o‘quv yilida yuqorida qayd etilgan oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan foydalanib, yotoqxonaga eng muhtoj talabalarimizni joy bilan ta’minladik. Taxminan 100 ga yaqin talabalarimiz o‘sha yotoqxonalardagi barcha sharoitlardan to‘laqonli foydalangan holda yashashadi.

– Sizningcha, onlayn ta’lim talabalarning bilim olish darajasiga ta’sir qildimi? Buni o‘rganish ustida qandaydir kuzatuvlar olib borilyaptimi?

– Bugungi pandemiya sharoiti tufayli o‘quv yilining ikkinchi yarmi to‘liq onlayn tartibda olib borildi. Tan olish kerak, boshida o‘ziga yarasha qiyinchilik va tushunmovchiliklar uchradi, lekin keyin hammasi iziga tushib ketdi. Masalan, mobil kompaniyalar bilan bog‘lanib, talabalarga tegishli materiallarni yuklab olishni bepul qilib berdik. Xullas, operativ tarzda tez va sifatli bog‘lanish imkoniyatlarini topdik. Natijada barcha talabalarimiz 100 foiz onlayn bilimga qamrab olindi va imtihonlarni topshirishdi.

Albatta, masofadan bilim berish bilan talabalar ko‘ziga qarab o‘qitishning farqi bor. Ammo shu o‘rinda mustaqil ishlash ham juda muhimligini unutmasligimiz kerak. Misol uchun, talaba ta’lim dargohiga kelibmi yoki onlayn bilim oladimi, agar o‘z ustida mustaqil ishlamasa, nechta professor dars bermasin yaxshi natijaga erisholmaydi. Shundan kelib chiqib, mustaqil ishlashga ham e’tiborni kuchaytirdik. Bundan tashqari, har bir guruhga supervayzerlar, ya’ni mas’ul xodimlar biriktirildi. Ular o‘z guruhidagi har bir talaba bilan doimiy muloqotda bo‘lishadi. Masalan, talabalarning qanday bilim olayotgani, ularning sharoitini so‘rab-surishtirish, universitet bazasidan professorlar qo‘ygan ma’lumotlarni oldimi-yo‘qmi o‘rganib borishadi.

Yana yaqinda universitet rahbariyati, ya’ni rektorimiz topshirig‘i bilan maxsus so‘rovnoma tayyorladik. U orqali talabalarning onlayn bilim olishdan qanchalik qoniqayotgani, qanday qiyinchiliklar kelib chiqayotgani, nima qilsak, ularga yana ham yaxshiroq yordam bergan bo‘lamiz – shularni bilib olmoqchimiz. Chunki dunyodagi, qolaversa, mamlakatimizdagi holat hali davom etgudek bo‘lsa, biz har qanday sharoitga tayyor turishimiz kerak. Shularning hammasini inobatga olgan holda sifatli bilim berish yo‘llarini ishlab chiqamiz.

– Zamonaviy talabaga motivatsiyadan tashqari nima kerak? Yana jamiyatda o‘z o‘rnini topib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmati katta bo‘layotgan talabalaringiz bormi?

–  Birinchidan, INHA universitetida o‘qishning o‘zi talaba uchun eng katta motivatsiya, nazarimda. Chunki innovatsion sharoit, atrofingdagi o‘qishga-o‘rganishga chanqoq yoshlar muhiti har qanday odam dunyoqarashini tubdan o‘zgartiradi. Bu kuchli ta’lim muhitiga kimningdir yordamiga suyanish, bir-birini mazax qilish, kamsitish kabi jihatlar mutlaqo begona. Yana talaba oldida deyarli to‘siqlar yo‘q. U rahbariyatga bevosita yoki bilvosita murojaat qilishi yoki professorlarga muammolarini bemalol aytishi mumkin. Bu o‘z navbatida talabalarning erkin fikrlashiga olib keladi. Ushbu jarayonlar, ayniqsa, universitetni tugatgandan keyin yaqqol seziladi. Bitiruvchilarimiz borgan joylarida tez muloqotga kirishib, o‘zlariga nisbatan hurmatni, erishgan yutuqlariga berilgan yuqori bahoni ko‘rishadi.

Endi nafaqat bitiruvchilarimiz, balki hozirda o‘qiyotgan talabalarimiz ichida ham katta-katta loyihalarni amalga oshirib, hammaning e’tiboriga tushayotganlari bor. Yaqinda «Aqlli niqob»ni yaratgan bolamiz ayni paytda 4-bosqich talabasi. U elektron chiplar yordamida o‘pkadan chiqayotgan gaz miqdori, harorat va yo‘talish xususiyatlaridan kelib chiqib, bemorlarning erta bosqichlarda koronavirusga chalingan-chalinmaganini oldindan aytib beruvchi moslamani yaratdi. Bunga o‘xshash loyihalar juda ko‘p. Shuningdek, ayrim talabalarimiz global loyihalar ustida, masalan, Google kompaniyalariga borib ishlashyapti. Bu ham katta motivatsiya, ya’ni dunyodagi rivojlangan davlatlarning yetakchi universitetlarida beriladigan bilimni O‘zbekistonda ham olish mumkinligini anglab yetgan yoshlar shu yerga kelib o‘qishadi.

– Kelgusidagi rejalar qanday? Masalan, qandaydir katta loyihalarga qo‘l urilyaptimi?

– Asosiy rejalarimizdan biri kompyuter va dasturlash injiniring bo‘yicha magistratura yo‘nalishini ochish. Bu borada hamkorlarimiz bilan kelishuvga erishganmiz va tegishli ishlar olib boryapmiz. Shuningdek, mamlakatimizdagi ishlab chiqarish, iqtisodiyot talablaridan kelib chiqib, yangi yo‘nalishlarni ochish harakatidamiz. Masalan, biznesni boshqarish, elektron iqtisodiyot deganlaridek. Bundan tashqari, o‘tgan yildan universitetda ilmiy maktab yaratish ishlarini boshladik. Agar magistratura yo‘nalishi ochilsa, ilmiy ish qilishga katta imkoniyatlar bo‘ladi, qolaversa, chet eldan kelgan professorlarimiz salohiyatidan ham foydalanamiz.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, bugun mustaqil O‘zbekistonimizda xorijdagi katta salohiyatga ega qator oliygohlar Toshkent shahridagi INHA universitetiga o‘xshab o‘z filiallarini ochmoqda. Demak, bunday imkoniyatlardan yoshlarimiz unumli foydalanishi kerak. Chetga chiqmay, o‘z yurtimizda, ota-ona bag‘rida o‘tirib ham, jahondagi yirik kompaniyalar talabiga javob beradigan mutaxassis bo‘lib yetishish mumkin. Albatta buning uchun odam doimiy o‘z ustida ishlashi zarur.

O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ta’lim tizimidagi islohotlar, ayniqsa, xalqaro universitetlarning ochilishi yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga hamda katta-katta natijalar ko‘rsatishiga ishonaman.  

Shohida Isroilova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring