Markaziy Osiyoning sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanish imkonini kengaytirmoqchimiz – Jozep Borrel
Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo adolatli, xavfsiz, barqaror va ekologik toza jamiyat barpo etish borasida hamkorlik qilishi lozim. Bu haqda Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 18 noyabr kuni Samarqandda o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.
Yuqori martabali diplomat «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza» anjumani yakuniga baho berar ekan, mashvarat o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga turtki bo‘lishiga ishonch bildirdi.
«Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizga xayrixohlarcha qo‘l cho‘zib, YeIning mintaqa bo‘yicha yangi Strategiyasiga tayanish, aloqalarimizni yanada chuqurlashtirish, hamkorlikni kengaytirish, barqaror taraqqiyot va iqtisodiy farovonlik yo‘lida birgalikda faoliyat yuritishni taklif etmoqdamiz», ؘ– dedi u.
Qayd etilishicha, YeI mintaqaning eng yirik savdo va sarmoya hamkori bo‘lib qolmoqda. Tashqi savdoning chorak qismi, mintaqaga kiritilgan jami sarmoyaning 40 foizi YI hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
«Biz aloqalarimiz ko‘lamini teran anglaymiz. Mintaqangiz energetika importimizning salmoqli qismini tashkil etadi. Kelajakda bu yanada oshadi. Biz «Global Gateway» g‘oyasi doirasida dunyo bo‘ylab infratuzilma va o‘zaro bog‘liqlikka sarmoyalarimizni 2027 yilga qadar – kelgusi to‘rt yilda – 300 milliard yevroga qadar oshirishni rejalashtirganmiz. Markaziy Osiyo ham ushbu chora-tadbirlardan chetda qolmasligi kerak», – dedi vitse-prezident/oliy vakil.
Siyosatdonga ko‘ra, Markaziy Osiyo tez va xavfsiz rivojlanishi uchun o‘z mahsulotlarini YeI va butun dunyoga qisqa muddatda yetkazish yo‘llarini topishi kerak. Buning uchun esa risoladagidek yo‘l va transport tizimi shakllanmog‘i lozim.
«Tasavvur qiling, siz tadbirkorsiz. Mahsulotingiz uchun bozor qidirar ekansiz, yuklaringizni tugmani bir martagina bosish bilan yetkazish imkoniga ega bo‘lishni istaysiz. Agar katta vaqt va xarajat talab etadigan murakkab ma’muriy jarayonlarga duch kelsangiz, boshqa bozorlarni qidirishga tushasiz. Bugun hamma ishlar tugmani bir martagina bosish bilan amalga oshirilmoqda. Demak, tadbirkorlarimiz ham shunchaki tugmani bosish orqali yuk jo‘natish yoki qabul qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak», – deya zamonaviy ishbilarmonlik muhitiga chizgi berdi J.Borrel.
Yevroittifoq bosh diplomati Markaziy Osiyoda suv, energiya va iqlim o‘zgarishi hamda raqamli robita kabi yo‘nalishlarda ikki muhim tashabbus amalga oshirila boshlaganini ma’lum qildi. Xususan, raqamli robita tashabbusi doirasida mintaqaning sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Siyosatdon savdo-sarmoya ko‘rsatkichlarini oshirish shartiga ham to‘xtaldi.
«Xalqaro huquqsiz savdo bilan shug‘ullanish imkonsiz. Sarmoyalar ham bo‘lmaydi. Zotan, investitsiyalarni himoya qiluvchi qonunlar bo‘lmas ekan, hech kim mablag‘ kiritishni istamaydi. Sirasini aytganda, iqtisodiyot va jamiyatni tiklash, pandemiya oqibatlarini yengish uchun bizga sarhad bilmas huquqiy asos – xalqaro huquq lozim bo‘ladi», – deya xulosa qildi J.Borrel.
Avval xabar berganimizdek, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Samarqand anjumanida so‘zlagan nutqida dunyo davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo strategik avtonomiyaga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan edi.
17 noyabr kungi vazirlar uchrashuvida esa u Rossiyaning Ukrainaga bosqini ta’sirini mintaqa ham his etayotgani haqida gapirgan.
Vitse-prezident/oliy vakil J.Borrel Samarqandga tashrif arafasida Bryussel Markaziy Osiyoda qiymati 390 million yevroga teng loyihalarni amalga oshirishini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter