Markaziy va Janubiy Osiyo: unutilgan bog‘liqlikni tiklash sari qadamlar

2025 yil 19-21 may kunlari Termiz shahrida «Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish» mavzusiga bag‘ishlangan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosiy idora vakillari bilan birga BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari, MDH, ShHT, OHICHK hamda sohalar bo‘yicha yetuk mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan ishonchli savdo yo‘llari orqali bog‘langan, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy mamlakatlari uchun ko‘prik vazifasini o‘tagan. Ushbu hududdagi xalqlar tarixiy va sivilizatsiyaviy umumiylikka ega bo‘lib, o‘tmishda ular umumiy davlat tuzilmalari, shuningdek, yagona siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makon bo‘lib kelgan. Ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalar ko‘p asrlar davomida ko‘plab migratsiya oqimlari, jadal savdo almashinuvlari, ilmiy g‘oyalarning tez tarqalishi va madaniy o‘zaro ta’sir bilan mustahkamlangan.
Tarix
Hududlarda zardushtiylik, hinduiylik, buddaviylik va islom dinlarining tarqalishi, o‘ziga xos xalq urf-odatlari tufayli o‘ziga xos etnomadaniy birliklar shakllanib, insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan.
Ushbu hududda yashagan halqlarning o‘tmishda Baqtriya va Kushon podsholigi, Turk xoqonligi, Xuroson va Movarounnahr, G‘aznaviylar, Temuriylar, Boburiylar kabi umumiy davlatlar tarkibida yashaganligi tarixiy, madaniy va siyosiy jihatdan rivojlanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Umumiy urf-odatlar, an’analar, aholining turmush tarzi, bayramlar shakllanib, fors, turk va arab tilidagi ma’naviy boyliklar yaratilgan. Buxoro, Samarqand, Termiz, Balx, Xirot, G‘azna, Agra, Dehli kabi o‘rta asr shaharlari ilm-fanning umumiy markazlari bo‘lgan.
Mustamlaka siyosati
Mustamlakachi davlatlarning o‘zaro raqobati Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining uzoq yillar davomida shakllangan an’anaviy aloqalari, savdo, madaniyat almashinuviga salbiy tasir ko‘rsatdi. Janubiy Osiyoda savdo-iqtisodiy aloqalar o‘zgardi, mahalliy ta’minot zanjirlari, yirik sanoat va iqtisodiyot tarmoqlari mintaqaviy bo‘lmagan ta’minotga bog‘liq bo‘lib qoldi. Mazkur voqealar Janubiy va Markaziy Osiyo an’anaviy madaniy aloqalarini zaiflashtirdi.
Bugungi kunga kelib esa mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan mavjud muammolarni birgalikda hal qilish mamlakatlarining ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy rivoji uchun muhim omillardan biridir. Shu sababli ularning bir-birlari bilan tarixiy yaqin aloqalarini qayta yo‘lga qo‘yishning dolzarbligi ortib bormoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti tashkil etilmoqda.
Turfa jihatlar
Hozirgi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari global ahamiyatga ega hudud bo‘lib, aholisi 2 milliarddan ortiq va ulkan ta’lim salohiyatiga yega. Mintaqada demografik o‘sish yuqori, aholining katta qismi yoshlardan iborat bo‘lib, intellektual salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Jaubiy Osiyo davlatlarining aholisi 2 mlrd atrofida bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy aholisi taxminan 82 million kishini tashkil etmoqda va ularda aholi yil sayin o‘sib bormoqda. Mamlakatlar savodxonlik darajasi bo‘yicha nomutonosiblikni ko‘rish mumkin. Masalan, Markaziy Osiyodagi jahonning yetakchi davlatlari qatorida, kattalar o‘rtasida o‘rtacha savodxonlik 99 foizni tashkil etishi bilan izohlansa, Janubiy Osiyoda savodxonlik darajasi o‘rtacha 74 foizni tashkil etadi.
Ta’lim sifati
Ta’lim sifatining notengligi, maktabgacha va oliy ta’limga yetarli qamrovning mavjud emasligi, ayniqsa, qiz bolalar va chekka hududlardagi aholi o‘rtasida ta’lim imkoniyatlarining kamligi dolzarb muammolardan sanaladi. Janubiy Osiyoda yoshlar ishsizligi yuqori darajada saqlanib turibdi, ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshib ketgan. Shu bilan birga, ayollar ish bilan bandligi ko‘rsatkichi ham jahon bo‘yicha eng past darajalardan biridir. Bundan tashqari, ta’lim tizimlarining infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan, mutaxassislar yetishmasligi va o‘qituvchilarning malakasi ham qator muammolarni keltirib chiqaradi.
YuNESKO shafeligida ilmiy va ilmiy almashinuvlarning qo‘shma dasturini qabul qilish dolzarb bo‘lib bormoqda. Shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridagi universitetlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida onlayn platformani ishga tushirish zarur.
Hindiston
Hindistonda axborot texnologiyalari, aeronavtika, dori-darmon ishlab chiqarish va sun’iy intellekt kabi sohalar jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Masalan, “ISRO” — Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti 2014 yilda Mars orbitasiga sun’iy yo‘ldosh chiqargan birinchi Osiyo mamlakati sifatida tarixga kirgan. 2023 yilda esa “Chandrayaan-3” loyihasi doirasida Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘nish amalga oshirildi.
Axborot texnologiyalari sohasida esa Hindiston dunyodagi eng yirik IT autsorsing markazlaridan biriga aylangan. Bangalor, Haydarobad, Pune va Chennay kabi shaharlar Google, Microsoft, Amazon, IBM, Oracle va boshqa ko‘plab transmilliy korporatsiyalarning asosiy markazlari joylashgan hududlarga aylangan. Mamlakatda har yili texnik va texnologik sohalarda millionlab mutaxassislar tayyorlanmoqda. Hindistonda oliy ta’lim muassasalari orasida Indian Institutes of Technology (IITs) va Indian Institutes of Science (IISc) kabi nufuzli ilmiy markazlar mavjud bo‘lib, ular dunyo reytinglarida ham yuqori o‘rinlarni egallamoqda.
Pokiston
Pokistonda ham ilm-fan sohasida ilgarilash kuzatilmoqda, ayniqsa yadro energiyasi va harbiy texnologiyalar sohasida salohiyat yuqori darajada. Mamlakatning ilm sohalaridagi taraqqiyotida “COMSATS” universiteti va “Pakistan Institute of Engineering and Applied Sciences” (PIEAS) kabi markazlar muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, IT va kiberxavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida davlat miqyosida dasturlar qabul qilinmoqda.
Bangladesh
Bangladeshda to‘qimachilik va yengil sanoat bilan bir qatorda axborot texnologiyalari ham taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Mamlakatda “Digital Bangladesh” strategiyasi asosida elektron hukumat, raqamli va masofaviy ta’lim, onlayn xizmatlar keng joriy etilgan. 2021 yilda Bangladeshda 120 dan ortiq IT parklari tashkil etildi va bu mamlakatning raqamli iqtisodiyotga o‘tishdagi intilishini namoyon etadi.
Afg‘oniston
Afg‘onistondagi ilmiy va texnologik salohiyat hozircha cheklangan bo‘lib, siyosiy barqarorlik bilan bog‘liq muammolar uning rivojini sekinlashtirmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatdagi ayrim universitetlar va ta’lim muassasalari, ayniqsa Qobul universiteti, turli xalqaro ta’lim tashkilotlari yordamida ilm-fan sohasidagi loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.
Shu munosabat bilan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha qo‘shma strategiyani ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatni qabul qilish savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yetish imkoniyatini yaxshilash, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda jahon maydonida raqobatbardoshlikni oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Hamkorlik
Bugungi kunda Hindiston, Pokiston va Bangladesh singari davlatlar axborot texnologiyalari, biotexnologiya, yadro fizikasi, tibbiyot va sun’iy intellekt sohalarida jahon darajasidagi yutuqlarga erishgan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ham ilmiy infratuzilmalarni yangilash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy ta’lim loyihalarini joriy etish borasida faol harakat qilmoqda. Termiz muloqoti ana shu tajriba va yutuqlarni birlashtirish, talabalar va olimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy markazlar tashkil etish, IT va STEM sohalarida startap va innovatsiya platformalarini yaratish uchun benazir imkoniyatdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter