Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikkitasi birda: Xitoyliklar o‘zlari chiqargan «iPhone X»ga «Samsung» nomini berishdi

Ikkitasi birda: Xitoyliklar o‘zlari chiqargan «iPhone X»ga «Samsung» nomini berishdi

Leagoo S9.

Foto: «PCNEWS.RU»

Barselonadagi «MWC» ko‘rgazmasida «Leagoo» kompaniyasi taqdim etgan smartfonni ko‘rib beixtiyor bu xitoyliklar hech ko‘chirmakashligini qo‘ymas ekan-da degan xayolga borasiz.

«Leagoo» smartfoni tashqi ko‘rinishidan «iPhone X»dan deyarli farq qilmaydi. Romsiz displeyi qariyb smartfonning butun yuzasini egallagan.

Nomi esa «Samsung» kompaniyasi yaqinda taqdim etgan flagman smartfonniki bilan bir xil — «S9». Aftidan bu «gibridlik» bilan xitoyliklar «Leagoo S9» savdosini jonlantirishga umid qilishgan.

Displeyi 5,85 dyuym, operativ va ichki xotiralari 4/32 Gb.ni tashkil etuvchi bu smartfonning kamerasi 13 megapikselli surat olishga mo‘ljallangan. Qizig‘i, klonda ham haqiqiy «iPhone X»dagi kabi yuzni tanuvchi tizim bor.

Xo‘sh, «Apple» va «Samsung»dan xitoycha smartfonning eng asosiy farqi nimada? Topdingiz, bu uning narxi. Juda qimmat «og‘alari»dan farqli ravishda «Leagoo»ning narxi bor-yo‘g‘i 150 dollar.

Darvoqe, bu kompaniya endi bemalol «klonlashtirish» tomon dadil qadamlar tashladi desak ham bo‘laveradi. Chunki bir yil ilgari nafaqat «Samsung» nomi («S8»), balki uning tashqi dizayni ham o‘g‘irlangandi.

Yana bir fakt: Angliyaning «Tottenxem» klubi «Leagoo»ning «yuzi» sanaladi. Buni shunday talqin qilish mumkin: «Chempion emasmiz, ammo sizdan qo‘rqmaymiz!».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring